19:42 / 23.03.2020
21651
Italiya koronavirus oqibatida qancha zarar ko‘rishi aytildi

Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte mamlakat hududida aholiga zarur mahsulot va xizmatlar taqdim etish bilan bog‘liq faoliyat olib bormaydigan barcha ishlab chiqarishlar to‘xtatilishi to‘g‘risidagi dekretni imzoladi.

Foto: AFP

Italiya koronavirus tarqalishiga qarshi kurash doirasida ishlab chiqarish faoliyati to‘xtatilishidan oyiga 100 milliard yevroga yaqin iqtisodiy zarar ko‘rishi mumkin. Bu haqda Italiya sanoati umumiy konfederatsiyasi prezidenti Vinchenso Bochcha ma'lum qildi.

Yakshanba kuni Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte mamlakat hududida aholiga zarur mahsulot va xizmatlar taqdim etish bilan bog‘liq faoliyat olib bormaydigan barcha ishlab chiqarishlar to‘xtatilishi to‘g‘risidagi dekretni imzoladi. 

Bochchaning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda ishlab chiqarish quvvatining 70 foizi to‘xtatiladi.

"Agar bizning YaIM yiliga 1800 milliard yevroni tashkil etadigan bo‘lsa, oyiga 150 milliard yevrolik ishlab chiqarish degani. Agarda ishlab chiqarishning 70 foizini to‘xtatsak, bu oyiga 100 milliard yevro yo‘qotishimizni bildiradi", - dedi u.

Italiya koronavirus tarqalishi bo‘yicha Yevropada birinchi o‘rinda turibdi va o‘tgan haftada qurbonlar soni bo‘yicha Xitoydan o‘tib ketdi. 

Oxirgi ma'lumotlarga qaraganda, mamlakat bo‘yicha koronavirus yuqtirish bilan bog‘liq 60 mingga yaqin holat qayd etilgan, 7 mingdan ortiq bemor tuzalgan, 5476 kishi vafot etgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top