20:33 / 27.03.2020
86152
Global karantin. Dunyo yangi davrga o‘tmoqda

So‘nggi kunlarda yangi turdagi koronavirus pandemiyasi dunyo kun tartibidagi yagona dolzarb masala bo‘lib turibdi. Virusning tez tarqalishi barcha sektorlar va ijtimoiy qatlamlarni o‘z ta'siri ostiga olib ulgurdi.

Foto: Reuters

Quyidagi maqolada mavjud vaziyat va koronavirusdan keyin dunyo manzarasi qanday o‘zgarishlarga yuz tutishi haqida atroflicha mushohada yuritiladi.

Dunyo yangi davr bo‘sag‘asidami?

Ushbu bosqichda oqibatlar to‘g‘risida aniq bir fikr aytish qiyin bo‘lsa-da, epidemiya yuzaga keltirgan ilk natijalarga tayangan holda, ba'zi bir mulohazalarni bildirish mumkin. Ayni paytdagi vaziyatni hisobga olsak, Covid-19’ning avj olishi iqtisodiy, siyosiy, harbiy va ijtimoiy darajada jiddiy o‘zgarishlarga sabab bo‘layotgani va sabab bo‘lishi oydinlashadi. Chunki koronavirusning yangi turi deyarli barcha sohalarda, xususan iqtisodiyot, sog‘liqni saqlash, oziq-ovqat sanoati negizida jiddiy muammo va tashvishlar keltirib chiqarmoqda. Ta'bir joiz bo‘lsa, virus asoratlari dunyo psixologik nuqtayi nazardan yangi bir davrga kirganini ko‘rsatmoqda.

Kutilmaganda sodir bo‘lgan bunday inqirozlar birinchi navbatda keskin munosabatlarni keltirib chiqarishi tabiiy. Biroq dunyoning ko‘plab mintaqalarida mojarolar davom etayotgan, BMT o‘z vazifasini bajara olmay qolgan, G‘arb «g‘arblik»ni muhokama qilayotgan va muammolarini hal eta olmayotgan bir davrda tarqalgan Covid-19 epidemiyasi dunyo tarixining eng muhim lahzalaridan biri sifatida tarixga kirishi mumkin. Ehtimol, yaqinda tarixiy jarayon koronavirusdan oldingi va koronavirusdan keyingi davrlarga ajratilsa, ajabmas.

Muammolar yechim topmaydimi?

Sovuq urushdan so‘ng globallashuv, yangi dunyo tartiblari va ko‘p qutblilik munozaralari kun tartibiga ko‘tarilgan bo‘lsa, Covid-19 avj olishi globallashuvni kutilmaganda karantinga oldi va shu tariqa globallashuv jarayonidagi siljishni so‘roq ostiga qo‘ydi. Qolaversa, AQShning ushbu epidemiyaga qarshi kurashdagi holati hokimiyatning gegemonik tendensiyasi va qiyofasiga putur yetkazdi. Shu bilan bir qatorda, yangi dunyo tartiboti himoyachilarining ham o‘z «nasiba»larini olishga majbur qildi.

Agar yangi turdagi koronavirus tarqalishi qisqa muddatda bartaraf etilmasa, globallashuv va yangi dunyo tartiblariga ulkan zarar yetadiganga o‘xshaydi. Ko‘p qutblilik munozaralarining yo‘li nisbatan ravshan ko‘rinayotgan bo‘lsa-da, Xitoyning epidemiyaga qarshi kurashdagi tutumi dunyodagi muammolar yechim topmaydi, balki turlanib-tuslanib o‘zgarishda davom etaveradi, degan xavotirni kuchaytirmoqda.

Koronavirusning jahon tizimidagi ilk siyosiy qiyofasi davlatlar duch keladigan qiyinchiliklar, ularning munosabati va olingan natijalar orqali «chizilishi» mumkin. Inqirozni boshqarish, sog‘liqni saqlash infratuzilmasi, keksalar bilan umumiy hayot, gigiyenaga oid qoidalar, diniy-madaniy kodlar, keksalar soni va iqtisodiy imkoniyat kabi omillar Covid-19’ga qarshi kurashda asosiy faktor sifatida o‘rtaga chiqadi.

Ssenariymi yo kutilmagan vaziyat?

Xitoy ma'muriyati virus mavjudligi haqida boshqa davlatlarga o‘z vaqtida xabar bermaganlikda ayblanmoqda. Boshqa bir ayblov esa 2007 yilda nashr etilgan bir ilmiy maqolada Xitoyning oziq-ovqat madaniyatidagi ekzotik hayvonlar yangi virus xavfini keltirib chiqarishi mumkinligi aytilgani, ammo Xitoy zaruriy choralarni o‘z vaqtida ko‘rmaganidan kelib chiqdi.

Bundan tashqari, virus tarqalishining dastlabki kunlarida Xitoy ma'muriyati tomonidan ko‘rilgan qat'iy choralar va virus qo‘zg‘agan vahima muhitiga qarshilik ko‘rsatish Xitoy xalqining ma'muriyatga nisbatan ishonchsizligini ham o‘rtaga qo‘yayotgan edi. Boshqa tomondan, virusning laboratoriya tadqiqotlari orqali tarqatilgani haqidagi munozaralar ham Xitoyga bo‘lgan ishonchni bo‘g‘uvchi omillardan biriga aylandi. Shunga o‘xshash, 2003 yil SARS epidemiyasi paytida dunyoni kech xabardor qilgani Xitoyning bizga tushuntirib beradigan ko‘plab muammolari borligidan dalolatdir.

Yordammi, gegemoniya targ‘ibotimi?

Xitoy virusning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy darajadagi salbiy ta'siriga birinchi bo‘lib duch keldi. Ammo so‘nggi yangiliklarida epidemiya nazoratga olingani va ushbu mamlakat virusga qarshi kurashda g‘olib bo‘lgani haqida baralla aytilmoqda.

Bu kabi yangiliklardan so‘ng Xitoyning ko‘makka muhtoj boshqa mamlakatlarga darhol yordamga chopishi gegemoniyaning o‘ziga xos targ‘iboti sifatida baholanmoqda. Boshqacha qilib aytganda, virus tarqalishi jarayonida ko‘plab savollarga javob berishi kerak bo‘lgan Xitoy virusni yengganini olamshumul g‘alabaga aylantirdi va shu kayfiyat bilan «dunyoni qutqarish uchun cho‘zilgan yordam qo‘li» imijini yaratish tadorigini ko‘rmoqda. Epidemiya davrida Xitoy avvaliga munkib ketgan bo‘lsa-da, tezda oyoqqa turib oldi. Endi esa dunyodagi o‘zining yangi dominant roliga tayyorgarlik ko‘rishni boshlab yubordi.

AQSh saylovlarida nima hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin?

Foto: Reuters

AQShda esa Tramp ma'muriyati dastlab ushbu epidemiyani jiddiy tahdid sifatida qabul qilmadi. Shu sababli epidemiyaga qarshi ehtiyot choralarini ko‘rishda sezilarli kechikish kuzatildi. Bundan tashqari, AQShda sog‘liqni saqlash xizmatlarini boshqarish xarajatlari va mutaxassislarning yetishmasligi tanqid nishoniga aylandi. Sog‘liqni saqlash tizimiga xususiy sug‘urta kompaniyalari ta'sirining intensivligi va Tramp ma'muriyatining katta xarajatlari tufayli «Obamacare» nomi bilan tanilgan sog‘liqni saqlash islohotini bekor qilinishi ayni paytdagi muammolarning tub asosidir.

Pirovardida sog‘liqni saqlash tizimidagi yetishmovchilik bo‘yicha davom etayotgan munozaralar AQSh saylovlarida hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin. AQSh sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolar va ularning oldini olish choralarining kechiktirilishi virusga qarshi kurashda mamlakatning jiddiy zararlanish ehtimolini oshiradi. Mavjud vaziyatga ko‘ra, AQSh Covid-19’ga qarshi kurashda (hech bo‘lmaganda qisqa muddatda) muvaffaqiyatga erisholmaydiganga o‘xshaydi. Virus dunyoni chirmovuqday chirmab olgan bir paytda boshqa davlatlar yordam so‘rab murojaat qiluvchi birinchi mamlakat sifatida ko‘riladigan AQSh Covid-19 epidemiyasidan so‘ng o‘z muammolari bilan andarmon bo‘lishi, o‘z ichiga qamalib olishi ehtimoldan xoli emas.

Yevropadagi bo‘shliqni kim to‘ldiradi?

Yevropa tomonda esa vaziyat yanada murakkab. Virus tez tarqalgan davlatlardan biri – Italiyada hukumat inqiroz jarayonini boshqarishda jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani ayon bo‘ldi. Ko‘rilajak chora-tadbirlarning kechikishi, sog‘liqni saqlash tizimidagi kemtiklar, keksa yoshdagi aholining yuqori darajasi – virus tez tarqalishining muhim omili bo‘ldi.

Covid-19 epidemiyasiga qarshi kurashda Yevropa Ittifoqi (YeI) mamlakatlaridan yordam so‘ragan Italiyaning kerakli javobni o‘z vaqtida ololmagani, bu ham yetmaganday, mazkur hola «Yevropa hamjamiyati uchun salbiy ishora» sifatida baholanishi Yevropa Ittifoqining siyosiy inqirozini yana bir bor ochib berdi. Xuddi shunday, Serbiya prezidenti Aleksandar Vuchichning «Yevropa hamjamiyati – bu shirin ertakdan boshqa narsa emas», deb bergan bayonoti ham Yevropa Ittifoqi «Breksit»dan keyingi davrda o‘z yaxlitligini yo‘qotganligini ifodalaydi. Epidemiyaning o‘limchil ta'siriga uchragan Yevropa mamlakatlari zudlik bilan Xitoy va Rossiyadan yordam olgani ham ittifoq zaifligini va paydo bo‘lgan bo‘shliq kimlar tomonidan to‘ldirilishiga ishora qilayotganday, nazarimizda.

Britaniya nima uchun «sinfda qoldi»?

O‘z navbatida, Britaniya Covid-19’ga qarshi kurashda «poda immuniteti» deb nomlangan farqli usulni qo‘lladi. Virusning tabiiy tarqalish jarayoniga odamlarning immuniteti orqali qarshi kurashishni ko‘zda turuvchi mazkur metodning yagona amaliyotchisi Britaniya hukumati bo‘lgani reaksiyani battar kuchaytirib yubordi. Hukumat ilmiy doiralarning keskin munosabatidan so‘ng usulni o‘zgartirishga qaror qilgan bo‘lsa-da, bu jarayonda namoyon bo‘lgan zaiflik jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ya'ni Britaniya hukumati ham jarayonni boshqarish masalasida «sinfda qoldi». Epidemiyaga qarshi kurashdagi faoliyat Bosh vazir Boris Jonsonning siyosiy martabasi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi aniq.

Ular nega tanqid qilinmoqda?

Epidemiya salbiy ta'sir ko‘rsatgan Fransiya ham zarur choralarni o‘z vaqtida ko‘rmagani uchun tanqid qilinmoqda. Yevropada epidemiya tarqala boshlagan kunlarda Fransiyada mahalliy saylovlarning birinchi davri o‘tkazildi. Hukumat birinchi bosqichda Buyuk Britaniyadan o‘rnak olishni reja qilgani, shu va shu kabi boshqa sabablarga ko‘ra, epidemiyaga qarshi kurashda vaqt qo‘ldan boy berilgani aytilmoqda.

Germaniyaning yuqumli kasalliklarga qarshi kurashda boshqa Yevropa mamlakatlariga qaraganda yaxshiroq mavqega egaligi unda yetarlicha sinov to‘plamlari mavjudligi va sog‘liqni saqlash tizimi imkoniyatlari kuchli ekani bilan izohlanmoqda. Italiyadan keyin epidemiyadan eng ko‘p aziyat chekayotgan mamlakatlar – Ispaniya va epidemiyaning halokatli ta'siriga duchor bo‘lgan Eron ham virusga qarshi kurashda o‘z vaqtida keskin choralar ko‘rmagani uchun tanqid qilinmoqda.

Sharqiy Osiyoda nazorat qanday?

Janubiy Koreya, Seul Foto: AP/TASS

Sharqiy Osiyo mamlakatlari – Janubiy Koreya, Singapur, Tayvan kabi davlatlar hozircha Covid-19 tarqalishini nazorat ostida ushlab turibdi. Buning eng muhim sabablaridan biri ushbu mintaqada avvalroq SARS virusi tarqalishi ortidan ko‘rilgan chora-tadbirlar va ushbu mamlakatlarning Xitoyga yaqinligi, shu bois muammoni jiddiy qabul qilib, keskin chora ko‘rilganidir. Janubiy Koreyada testlar soni ko‘paytirilishi ham kurashning muhim omili sifatida baholanmoqda. Xitoyning dunyoni bezovta qilgan ichki siyosatdagi qattiq va ishonchsiz munosabati unga qiyosan Sharqiy Osiyodagi ba'zi boshqa davlatlarning ham bu jarayondan nisbatan kamroq zarar bilan chiqishiga ishora qilmoqda.

Oldinda nimalar kutmoqda?

Bryussel, Belgiya Foto: AP/TASS

Covid-19 avj olganidan keyin ko‘tarilgan eng muhim masalalar sifatida favqulodda vaziyatlarga javob berish qobiliyatini kuchaytirish uchun davlat hokimiyatini mustahkamlash, raqamli dunyoning rivojlanishi va virtual muhitdagi xaridlarning keng miqyos kasb etishi ko‘rilmoqda. Covid-19 falokatining iqtisodiy oqibatlari, shuningdek, neft qazib olish va narxlar borasidagi tortishuvlar ushbu sohalarda Xitoyga bir qator afzalliklarni taqdim etadi.

Jarayonning hali kun tartibiga ko‘tarilmagan yana bir masalasi xalqlarning boshqaruv jarayonida yanada ko‘proq ishtirok etishni xohlashi bo‘lishi mumkin. Zotan, Covid-19 tarqalishiga qarshi kurashda hukumatlarning chora ko‘rish va qarorlarni o‘zgartirishida jamoatchilik fikri va talabi muhim ahamiyatga ega bo‘lgan juda ko‘plab holatlarga guvoh bo‘ldik. Xitoy epidemiyaga qarshi kurashda kommunistik tuzumning shaxs ustidan o‘rnatgan mutlaq hukmronligi va nazorat qilishning afzalliklaridan foydalandi. O‘z navbatida, Britaniya (hech bo‘lmaganda birinchi bosqichda) «poda immuniteti» metodi bilan kurashda odamlarning shaxsiy javobgarligi va nazoratini oldingi planga chiqarishni istadi. Kunning oxirida esa har ikki metodning ham zahmati yuzaga qalqib chiqdi.

Endi bu jarayonda Janubiy Koreya, Singapur, Tayvan, Germaniya va Turkiya modellari sahnaga chiqishi, bunda esa sog‘liqni saqlash infratuzilmasining rivojlanganligi, o‘tmishdagi epidemiyalardan to‘plangan tajriba, inqirozni boshqarish bo‘yicha tezkor va samarali qarorlarni qabul qilish mexanizmlari hal qiluvchi omil bo‘lishi mumkin.

Alaloqibat...

Ba'zan inqirozlar yangi shakllanishlarga, yangi qarashlarga va yangi dunyoviy o‘zgartirishlarga yo‘l ochadi. Eng muhimi, inqirozni yengib o‘tish mumkinligiga bo‘lgan ishonchni yo‘qotmaslik va inqirozdan chiqish yo‘llarini ko‘rishdir. Bunday kutilmagan inqirozlarning uzil-kesil oldini olish imkonsizdir, ammo ularni boshqarish mumkin. Inqirozni boshqarishga qodir bo‘lganlar esa alaloqibat dunyodagi o‘zgarish va evrilishlarga eng ko‘p hissa qo‘shganlarga aylanadilar.

Otabek Tillayev tayyorladi

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top