15:08 / 27.03.2020
184451
Koronavirusdan vafot etgan marhumni dafn etish to‘g‘risida fatvo e'lon qilindi

O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etgan marhumni Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan o‘zaro maslahat asosida, karantin holatida mayyitni imkon qadar shariat ko‘rsatmalariga muvofiq yuvish, kafanlash va dafn etishga harakat qilinadi.

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston musulmonlari idorasi koronavirus kasalligi mavjud bo‘lgan mayyitni dafn etish borasidagi fatvoni e'lon qildi.

«Islom dinida biror musulmon vafot etsa, uni shariat ko‘rsatmasiga binoan yuvish, kafanlash va dafn qilishga buyurilgan. Ushbu amallarni bajarish jarayonida odamga zarar yetish ehtimoli mavjud bo‘lsa, «islomda zarar berish ham, zarar ko‘rish ham yo‘q» va «mashaqqat yengillikni jalb qiladi» kabi fiqhiy qoidalariga binoan, mazkur amallarni ijrochilarga ziyon-zahmat yetkazmagan shaklda bajarishga ruxsat beriladi. Chunki bilib turib jonini xavf-xatarga qo‘yish — o‘zini halokatga tashlashdir.

Bu kabi o‘ta yuqumli va xatarli kasalliklar vafot etgan musulmonlarni yuvish, kafanlash va dafn qilishda o‘ziga xos talablarga rioya etishni taqozo etadi. Ya'ni yuvuvchi, kafanlovchi va dafn qiluvchilarga virus o‘tish ehtimolining oldini olish zarur.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi tomonidan mazkur masala bo‘yicha Misrning «Dorul-ifto» fatvo uyushmasi fatvosi, Azhar ulamolari kengashi fatvosi, Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi fatvolari o‘rganib chiqildi.

Hozirgi kunda dunyo musulmon davlatlari tajribasida mayyitni yuvish, kafanlash va dafn marosimi sanitar xodimlar yordamida shariatga muvofiq ado qilinmoqda. Ushbu amallarni bajarishda mayyitning yaqinlari ishtirok etayotgani yo‘q. Marhumning yaqin qarindoshlari faqat janoza o‘qishda qatnashmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan o‘zaro maslahat asosida, karantin holatida mayyitni imkon qadar shariat ko‘rsatmalariga muvofiq yuvish, kafanlash va dafn qilishga harakat qilinadi. Bu jarayonda O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili ishtirok etadi.

Mazkur amallar farzi kifoya ma'nosidagi ishlar bo‘lib, ba'zi musulmonlar amalga oshirishsa, qolganlaridan soqit bo‘ladi. Demak, koronavirus kasalligi mavjud bo‘lgan mayyitni dafn marosimini faqat yaqin qarindoshlari vakillari ishtirokida qilish lozimdir.

Dafn marosimida ishtirok etuvchilar tibbiy ko‘rsatmalarga amal qilishlari, jumladan, niqoblar va qo‘lqoplardan foydalanishlari hamda marosimdan so‘ng karantin talablari asosida dezinfeksiya va shaxsiy gigiyena amallarini bajarishlari lozim.

Ta'kidlash joizki, janoza, dafn va ta'ziya marosimlarini ixcham tarzda o‘tkazish barobarida epidemiya hamda karantin davridagi talablar, xususan, gigiyena qoidalariga jiddiy amal qilish lozim bo‘ladi. Shuningdek, maxsus komissiya qarori asosida qat'iy cheklangan tarkibda o‘tkaziladi.

Mo‘min-musulmonlarimiz Islom dini manbalariga tayangan holda bayon etilgan mazkur jihatlar va tadbirlarni to‘g‘ri tushunishlariga qat'iy ishonch bildiramiz», deyiladi O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'ati xabarida.

  • 27 mart kuni O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tashxisi qo‘yilgan ilk bemor o‘tkir miokard infarktidan vafot etdi. Namanganlik 72 yoshli ayol 26 mart kuni koronavirus infeksiyasi tashxisi bilan Namangan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan edi.
  • Eslatib o‘tamiz, 16 mart kuni O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov mamlakatdagi musulmonlarga murojaatida O‘zbekistonda juma namozlari va boshqa jamoat namozlari koronavirus pandemiyasi tufayli vaqtincha o‘qilmasligi haqida e'lon qilgandi.
Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top