01:31 / 29.03.2020
42283
Koronavirus pandemiyasi: Dunyoda 30 mingdan oshiq qurbon, Uhanda karantin choralari yumshamoqda

28 mart holatiga ko‘ra, butun dunyoda koronavirus infeksiyasidan zararlanganlar soni 656 mingdan oshib ketdi. Ayni vaqtda eng ko‘p bemor AQShda: okeanorti mamlakatida 100 virusdan zararlanish bo‘yicha 116 mingdan ortiq tashxis qo‘yilgan, virus tarqalishi boshlangan Xitoy bu borada allqachon ortda qoldirilgan.

Foto: Reuters

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab virus qurbonlari soni 30 mingdan oshdi, 139 mingdan oshiq kishi tuzalgan.

Britaniyada har 3-4 kunda Covid-19’dan zararlanganlar soni ikki barobar oshmoqda, qurbonlar soni esa tezroq o‘smoqda, har 2-3 kunda ikki barobar ko‘p kishi o‘lmoqda.

Shanba kuni mamlakatda yana 260 kishi vafot etdi va jami qurbonlar soni 1019 kishi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, kasallanish holatlari - 17089ta.

Dam olish kunlarida Britaniyada Milliy sog‘liqni saqlash xizmati xodimlarini yoppasiga test qilish boshladi. Bemorlar bilan aloqada bo‘lganlar, Covid-19 belgilari kuzatilayotganlar va virus belgilari bor odamlar bilan birga yashayotganlarning barchasi tekshirilmoqda.

Juma kuni Britaniya bosh vaziri, 55 yoshli Boris Jonsonda, shuningdek, Sog‘liqni saqlash vaziri, 41 yoshli Matt Henkokka Covid-19’dan zararlanish tashxisi qo‘yildi. Ularning ikkisi ham o‘z uyida ihotalandi.

AQShda nimalar bo‘lmoqda
Pandemiya tufayli prezident Tramp mamlakat tarixidagi eng yirik iqtisodiy yordam paketini (2,2 trln dollar) imzoladi. Bu pullardan 500 milliard dollari biznesni qo‘llashga, 50 milliardi aviakompaniyalarga yordamga, 350 milliard dollar kichik biznes vakillariga yordam berishga ajratiladi. Shuningdek, kasalxonalar va tibbiy jihozlar uchun 150 milliard sarflanadi. Hukumat karantin vaqtida daromadi kam bo‘lgan har bir fuqaroga 1 200 dollar, har bir bolaga esa 500 dollardan pul beradi.

GETTY IMAGES

Juma kuni Qo‘shma Shtatlarda 15483 kishida koronavirus aniqlandi - bu bir kun oldingidan 1 mingga kamroq. Faqat Nyu-Yorkning o‘zida juma kuni shifoxonalarga Covid-19 tashxisi qo‘yilgan 6 mingdan ortiq kishi olib kelindi; shundan 1600 kishi - intensiv terapiya bo‘limlariga joylashtirildi.

Nyu-Yorkda - mamlakatdagi eng ko‘p bemorlar: 44 mingdan ortiq kishi.

Nyu-York, Yangi Orlean, Detroyt va boshqa yirik shaharlarda dori-darmon va tibbiy xodimlar yetishmovchiligi yuzaga kelgan.

Epidemiya ko‘lami hali Nyu-Yorkdagi darajaga tenglashmagan Kaliforniyada, Los-Anjyeles portida AQSh harbiy dengiz kuchlarining «Mersi» kemasida yangi bemorlar uchun ming o‘rin hozirlangan.
 
Xitoydagi vaziyat
Bu vaqtda epidemiya ilk bor tarqala boshlagan Xitoyning Uhan shahrida ikki oydan ortiq vaqt davom etgan karantin yumshamoqda va ba'zi cheklovlar bekor qilinmoqda. Shanba kuni ko‘plab yo‘lovchilar temir yo‘l vokzaliga kelishdi. Xabar qilinishicha, shaharga kirishga ruxsat berilgan, ammo hamon shaharni tark etish mumkin emas. Bu cheklov yana ikki hafta davom etishi kutilmoqda.

Shaharda jamoat transporti qisman tiklangan. Metroning 9 yo‘nalishidan 7tasida harakatlanish mumkin, metroga tushgan har bir yo‘lovchida himoya niqoblari bo‘lishi, chiqish va boshqa liniyalarga o‘tishda «sog‘lig‘i to‘g‘risidagi kod»ni skanerdan o‘tkazishi kerak. Xubey provinsiyasida ham qator cheklovlar olib tashlangan.

Xubey markazi Uhanda 50 mingdan ortiq kasallanish holati qayd etildi, ularning 3 mingdan ortig‘i vafot etdi. Ammo rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtga kelib kasallanish holatlari keskin tushib ketgan, juma kuni atigi 54ta kasallanish holati qayd etildi va ularning barchasi xorijda virus yuqtirgan.

Infeksiya tarqalishi takrorlanishi oldini olish uchun Xitooy barcha xorijliklarga mamlakatga kirishni taqiqlagan. Bundan tashqari, barcha aviakompaniyalarga bir haftada xorijga faqat bir marta reys amalga oshirish bo‘yicha cheklov qo‘yilgan, bunda samolyotlar salonidagi joylar 75 foizdan ortiqqa to‘lishi mumkin emas.

Italiya va Ispaniya
Italiya Covid-19 bemorlari soni bo‘yicha Xitoydan o‘zib ketgan ikkinchi mamlakat: bu yerda 92 mingdan ortiq zararlanish holatlari qayd etilgan.

Rim papasi Fransisk bo‘m-bo‘sh Avliyo Pyotr maydonida Foto: EPA

Juma kuni mamlakatda yana bir qayg‘uli rekord o‘rnatildi: bir kunda 969 kishi vafot etdi - bu joriy pandemiya vaqtida bir kunda bir mamlakatda qayd etilgan eng ko‘p o‘lim holatidir. Shanba kuni esa yana 889 kishi virus qurboniga aylandi va jami qurbonlar soni 10023taga yetdi.

Italiya Milliy sog‘liqni saqlash instituti virus tarqalishi hali o‘z cho‘qqisini bosib o‘tmagani haqida ogohlantirdi, mamlakatda karantin choralari uzaytirildi.

Yevropada virusdan eng ko‘p jabr ko‘rgan ikkinchi mamlakat bo‘lmish Ispaniyada so‘nggi bir kunda Covid-19dan 674 kishi vafot etdi va virusning jami qurbonlari soni 5812 nafarga yetdi. 

Ispaniyada virusdan zararlanishning 72 248 holati qayd etilgan.

Shu bilan birga, Ispaniyadan umidbaxsh xabarlar ham kelmoqda: mamlakatda nafaqat o‘lim holatlari va kasallanish holatlari, balki sog‘ayayotganlar ham ko‘paymoqda. So‘nggi bir kunda yana 2 928 kishi kasallikni yengdi, bu juma kungi tuzalganlardan 31 foizga ko‘proq. Hozirda Ispaniyada tuzalganlarning jami soni 12 285 kishini tashkil etmoqda.

Maishiy zo‘ravonlik oshishi
Keng ko‘lamli karantin choralari turli hududlarda maishiy zo‘ravonlik oshishiga olib kelmoqda.

Xitoyning Xubey provinsiyasida so‘nggi bir oyda politsiyaga zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha shikoyatlar uch baravar oshgan.

Guardian nashri xabar berishicha, Ispaniyadagi Kataloniya hududi hukumati karantinning ilk kunidayoq uydagi zo‘ravonlik holatlari haqidagi qo‘ng‘iroqlar 20 foizga oshganini qayd etgan.

Bunday holatlar Kiprdan tortib Braziliyagacha kuzatilmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top