16:46 / 01.04.2020
42720
Koronavirusdan xavotirga tushayotgan o‘smirlar uchun 6ta tavsiya

O‘spirinlik – murakkab davr, COVID-19 esa uni yanada murakkablashtirishi mumkin.

Foto: UNICEF

Maktablarning yopilishi va tadbirlarning bekor qilinishi tufayli ko‘plab o‘spirinlar hayotlaridagi muhim lahzalardan, maktabga borish va do‘stlari bilan muloqotda bo‘lishdan voz kechishga majbur bo‘lmoqda.

Shu munosabat bilan YUNISEF o‘spirinlar bilan ishlash bo‘yicha tajribali psixolog, kitoblari ko‘plab nusxada sotiladigan muallif, New York Times kolumnisti doktor Liza Deymurning tavsiyalarini taqdim etdi.

1.  Tushunib oling, xavotir – butunlay normal reaksiya

Maktabning yopilishi va xavotirli sarlavhalar sizni tashvishga solayotgan bo‘lsa, bunda siz yagona emassiz. Aslida ham siz buni shunday his qilishingiz kerak.

Tashvishlanish – aslida, bizni tahdidlardan ogohlantiradigan va o‘zimizni himoya qilish choralarini ko‘rishga yordam beradigan normal va sog‘lom funksiya.

Tashvishlanishingiz sizga ayni daqiqada muhim bo‘lgan qarorlarni qabul qilishga yordam beradi. Masalan, boshqalar bilan muloqotni cheklash, katta guruhlarda vaqt o‘tkazmaslik, qo‘llaringizni yuvish va yuzingizga tegmaslik kabi.

Bu his-tuyg‘ular nafaqat sizni, balki boshqalarni ham xavfsiz saqlashga yordam beradi

Shu yo‘sinda hamjamiyatimiz a'zolariga ham g‘amxo‘rlik qilamiz.  Atrofimizdagi odamlar haqida ham o‘ylaymiz.

Qolaversa, siz ishonchli manbalardan axborot olayotganingizga ishonch hosil qiling.

Sizda kasallik alomatlari paydo bo‘lganidan xavotir olsangiz, bu haqda ota-onangiz bilan gaplashish juda muhimdir.

Chunki inobatga olish kerakki, COVID-19 odatda, ayniqsa bolalar va yoshlarda yengil formada o‘tadi. Bu kasallikning ko‘p simptomlarini davolash mumkin.

O‘zingizni yomon his qilayotgan yoki virus haqida tashvishlanayotgan bo‘lsangiz, ota-onangiz yoki o‘zingiz ishongan yoshi kattalarga bu haqda albatta gapirib bering.

Va yodda saqlang: biz o‘zimizni va boshqalarni himoya qilishimiz hamda vaziyatni nazorat qilishimiz uchun ko‘plab samarali usullar bor. Masalan, qo‘llarni tez-tez yuvib turish, ularni yuzga tekkizmaslik va ijtimoiy masofani saqlash.

2. Chalg‘ish uslublari

Psixologlar shuni biladilarki, biz uzoq davom etadigan qiyin ahvolda bo‘lganimizda, muammoni ikki toifaga bo‘lish juda foydali:

– muammoni hal etish uchun nima qila olamiz?

– biz nimani nazorat qila olmaymiz?

Hozirda ko‘p narsa ikkinchi toifaga tegishli bo‘lib, bu normal holdir. Biroq chalg‘itadigan narsalar bilan band bo‘lish muammoni hal etishga yordam beradi.

Tinchlanish va har kuni ruhiy muvozanatni saqlash uchun uy ishlari bilan mashg‘ul bo‘ling, sevimli filmingizni tomosha qiling yoki qiziqarli romanni mutolaa qiling.

3. Do‘stlaringiz bilan muloqotning yangi usullarini toping

Agar ijtimoiy masofani saqlashga rioya qilish davrida do‘stlaringiz bilan vaqt o‘tkazishni istasangiz, ijtimoiy tarmoqlar ayni muddaodir.

Bunga ijodiy yondashing:  #safehands (#xavfsizqo‘llar) singari tik-tok tadbiriga qo‘shiling.

«Men o‘spirinlarning ijodkor ekanliklariga shubham yo‘q», – deydi doktor Deymur. – O‘ylaymanki, ular bir-birlari bilan internetda avvalgilaridan farq qiladigan muloqot yo‘llarini topadilar».

Biroq ekranlarga tikilib,  ijtimoiy tarmoqlarda uzoq vaqt qolib ketish yaxshi emas. Bu – salomatligingizga putur yetkazadi hamda xavotirlanishingizni yanada kuchaytirishi mumkin.

4.  E'tiboringizni o‘zingizga qarating

Biron yangi narsani o‘rganishni, o‘qimagan kitobingizni boshlashni yoki musiqa asbobida mashq qilib ko‘rishni istarmidingiz? Hozir shuni qilish vaqti keldi.

Diqqatingizni jamlab, paydo bo‘lgan bo‘sh vaqtingizdan unumli foydalanish usullarini izlash – o‘z ruhiy salomatligingizni yaxshilash usulidir.

«Bunday hollarda men o‘zim o‘qishni istagan kitoblar ro‘yxatini va o‘zim bajarishni istagan ishlar ro‘yxatini tuzaman», deydi doktor Deymur.

5. His-tuyg‘ularingizga quloq soling

Do‘stlar bilan tadbirlarda ishtirok eta olmaslik, sevimli mashg‘ul bilan band bo‘lishning imkoni yo‘qligi, sport musobaqalarida ishtirok etmaslik qiyin kechadi. «Bu holat haqiqatan ham o‘spirinlarni qayg‘uga solishi tabiiy hol», deydi doktor Deymur.

Bunga nima qilish kerak? Ko‘nglingizdan o‘tayotganlarni his eting. Og‘riqli tuyg‘ular haqida gap ketganda, buni yengishning yagona yo‘li – ularni boricha his qilishdir. Shunda o‘zingizni tezroq yaxshi his qila boshlaysiz.

O‘z his-tuyg‘ularini boshdan kechirish hamma uchun turlicha bo‘ladi. Ba'zi bolalar san'at bilan shug‘ullanishadi, ba'zilari do‘stlari bilan suhbatlashib, uchrashishga imkon bo‘lmaganda ularning hamdard ekanliklarini his etishni afzal ko‘radilar, ba'zilari esa oziq-ovqat banklarini to‘ldirishni istaydi.

Eng muhimi, o‘zingizni yaxshi his etishga yordam beradigan narsalar bilan band bo‘lishdir.

6. Mazax qilishsa, yordam so‘rang. Kalaka qilinayotgan do‘stlaringizni qo‘llab-quvvatlang

Koronavirusdan xavotirga tushayotgan ba'zi o‘smirlarni tengdoshlari mazax qilayotgan bo‘lishi mumkin.

Bu vaziyatda ularga yordam berishning eng yaxshi usuli – atrofdagilarning befarq bo‘lmasligi.

Qo‘rquvi uchun kalaka qilinayotgan bolalar va o‘spirinlar bunga o‘zlari javob qaytaradi, deb kutib turish noto‘g‘ri. Aksincha, bunday bolalarni qo‘llab-quvvatlashimiz, do‘stlari yoki kattalardan yordam olishga undashimiz kerak.

Agar do‘stingizni mazax qilishayotganiga guvoh bo‘lsangiz, u bilan gaplashib ko‘ring, yordam berishga harakat qiling. Beparvolik sabab u hamma unga qarshidek, yoki hech kim unga ahamiyat bermayotgandek his qilishiga olib kelishi mumkin.

So‘zlaringiz vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirishga yordam beradi.

Yodda tuting: biz yetkazadigan ma'lumot va aytadigan gap boshqa insonlarga hozir har qachongidan ko‘ra ko‘proq ozor berishi mumkin.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top