16:00 / 02.04.2020
3286
O‘zsanoatqurilishbank AsiaMoney tomonidan taqdirlandi

AsiaMoney jurnali tomonidan o‘tkazilgan “2020 yilning eng yaxshi banki” (Best bank awards 2020) tanlovida O‘zsanoatqurilishbank “Eng yaxshi mahalliy bank” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topildi.

Nashr ekspertlari Bankni mamlakatdagi eng yirik kredit muassasa sifatida qayd etib, so‘nggi 12 oydagi faoliyatini tahlil qilgan. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining joriy yil 1 fevral holatiga ko‘ra  bergan ma'lumotlariga ko‘ra, aktivlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 15,4 foizga o‘sib, 35,4 trln. so‘mni tashkil qilganligini qayd etgan.

Bankning 2018 yilda o‘tkazgan rebrending ishlariga, maxsus ishga tushirilgan SQB Premium ofisi faoliyatiga hamda davlat miqyosidagi keng infratuzilmasiga to‘xtalib, “garchi muassasa raqamli banking inqilobiga ishonsa-da, mamlakatdagi eng katta mijozlar bazasiga ega tashkilot sifatida o‘z xizmat ko‘rsatish tuzilmalarini rivojlantirishda davom etmoqda”, deya fikr bildirgan.

AsiaMoney xabarida O‘zsanoatqurilishbankning o‘tgan yil noyabr oyida London fond birjasida joylashtirgan 300 mln. dollar hajmidagi yevrobondlari ahamiyatiga alohida e'tibor berilgan. Jahon fond bozoriga chiqishda O‘zbekiston banklari orasida ilk muhim qadam bo‘lganligi ta'kidlangan.

Shuningdek, tahlilchilar Bankning kredit siyosatini ham yuqori baholab, mamlakatning dunyo moliya bozoriga integratsiyalashuvida omil bo‘luvchi xalqaro moliya institutlari bilan hamkorligini alohida tilga olgan.

Bank asosiy korporativ kredit tashkiloti ekanligi, xususan, 2019 yilda kredit resurslarining 49 foizi yirik korxonalarga, 40 foizi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlariga, qolgan qismi esa chakana mijozlarga ajratilganligi dalil qilib keltirilgan. 

“O‘zbekistonda biznesni rivojlantirish imkoniyatlari juda keng. Ammo, O‘zsanoatqurilishbank kabi kredit tashkilotlari ko‘magi bilan ushbu jarayonlar yanada jadallashishi shubhasizdir”, deyiladi xabarda.

Ma'lumot uchun: “Best bank” tanlovi xalqaro nufuzli moliyaviy nashr – AsiaMoney jurnali tomonidan har yili an'anaviy tarzda Osiyo Tinch okeani mintaqasidagi davlatlar banklari o‘rtasida o‘tkazib kelinadi. Bunda har bir mamlakat banklarining so‘nggi 1 yilda qaysi yo‘nalishlarda faol ish yuritganini baholash maqsad qilingan. G‘oliblar “Eng yaxshi mahalliy bank”, “Eng yaxshi korporativ va investitsiya banki”, “Eng yaxshi xalqaro bank”, “Kichik va o‘rta biznesga eng yaxshi xizmat ko‘rsatgan bank”, “Eng yaxshi raqamli bank”, “Korporativ ijtimoiy mas'ullik jihatidan eng yaxshi bank”, “Mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha eng yaxshi bank” kabi nominatsiyalar doirasida rag‘batlantiriladi.

Bank Axborot xizmati

Top