11:31 / 07.04.2020
75953
Silga qarshi keng qo‘llanuvchi vaksinaning koronavirusdan kasallanishlar darajasiga ta'siri aniqlandi

AQShning Texas universiteti epidemiologlari guruhi sildan emlash dasturlari amal qiluvchi davlatlarda bu dastur o‘tkazilmaydigan davlatlarga nisbatan koronavirusdan kasallanish holatlari 10 marta kamroqligini aniqladi.

Foto: Getty Images

Bu haqda epidemiologlar olib borgan tadqiqotga tayanib The IrishTimes nashri xabar berdi. 

Tahlil davomida olimlar 178 ta davlatda koronavirusdan o‘lish darajasi va sildan BsJ (Bacillus Calmette-Guérin, Kalmet-Geren batsillasi)  vaksinatsiyasi dasturi mavjudligini taqqoslashgan.  

“15 kunda koronavirusdan kasallanish holatlari BsJdan emlash dasturi amal qiladigan davlatlarda bir million kishiga 38 kishini, bu dastur mavjud bo‘lmagan davlatlarda esa bir million kishiga 358 kishini tashkil qilgan. Shuningdek, BsJ dasturi mavjud davlatlarda o‘lim darajasi bir million kishiga 4,28 kishini va bu dastur bo‘lmagan davlatlarda 40 kishini tashkil qilgan”, deb aytgan olimlardan biri Pol Xegarti.

Ta'kidlanishicha, tadqiqot ko‘p jihatdan statistik bo‘lib, uning natijasini talqin qilishni qiyinlashtiruvchi omillar mavjud bo‘lishi mumkinligi sababli bir qator qo‘shimcha shartlarga ega bo‘lgan. Xegartining aytishicha, xatolar ehtimolini kamaytirish uchun mutaxassislar davlatlar bo‘yicha koronavirusdan kasallanish statistikasini ko‘rib chiqib, ularni taqqoslashgan.

“Biz bunday katta farqni ko‘rishni kutmagandik”, deb aytgan olim.

Avvalroq boshqa bir amerikalik epidemiologlar xuddi shu kabi tadqiqot o‘tkazib, turli davlatlarda koronavirusdan o‘lish bilan bu davlatlarda sildan vaksina BsJ qancha vaqtdan beri va qanchalik keng qo‘llanishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlashgan. Bunda sildan emlash virusga chalinish darajasini kamaytirishi aniqlangan. Olimlarning fikricha, o‘lim va kasallanish holatlarining kamligi bu emdorini koronavirusga qarshi kurashdagi bosh vositalardan biriga aylantirishi mumkin.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top