15:10 / 09.04.2020
32313
AQShda koronavirusdan o‘lim holatlari bo‘yicha navbatdagi antirekord qayd qilindi

AQShda bir kun ichida koronavirusdan vafot etganlar soni bo‘yicha yangi antirekord qayd qilindi. Oxirgi 24 soat ichida mamlakatda 1973 kishi koronavirus qurboni bo‘ldi.

Foto: Ted S. Warren / AP

Bu haqda The Wall Street Journal nashri xabar berdi.

Umumiy hisobda AQShda koronavirusdan vafot etganlar 14,8 ming kishini tashkil qilmoqda. Kasallanganlar soni esa 435 mingdan oshib ketdi. 24 ming kishi kasallikdan sog‘aygan.

Eng ko‘p o‘lim holatlari Nyu-York, Nyu-Jyersi, Luiziana va Illinoys shtatlariga to‘g‘ri kelmoqda. Bu borada “rekordchi” Nyu-York bo‘lib, bu yerda 24 soat ichida 779 qurbon qayd qilingan. Hammasi bo‘lib shtatda 6268 kishi koronavirusdan vafot etgan.

Nashrning yozishicha, qurbonlarning aksariyatini lotin amerikaliklar va qora tanlilar tashkil qilmoqda. 

Chikago shahrida koronavirusdan vafot etganlarning 71 foizini afroamerikaliklar tashkil qilmoqda. Michigan shtatida qora tanlilarga o‘lim holatlarining 40 foizi to‘g‘ri kelmoqda, vaholanki shtatda bunday aholi umumiy aholining 14 foizini tashkil qiladi. Luizianada ham koronavirusdan o‘lim holatlarining 70 foizi afroamerikaliklar va lotin amerikaliklarga to‘g‘ri kelmoqda.

AQShning allergik va yuqumli kasalliklar milliy instituti direktori Entoni Fauchining ta'kidlashicha, afroamerikaliklar kasalliklar, jumladan yangi turdagi koronavirusga ko‘proq chalinishi mumkin. Shu sababli Fauchi yosh va keksa afroamerikaliklarni qo‘shimcha ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishga chaqirgan. U irqiy tengsizlik muammosi odamlar salomatligi masalasi bilan tutash bo‘lmasligi kerakligini aytgan. “Bugun biz qila oladigan ish – bu xavfga yo‘liqishi mumkin bo‘lgan odamlarni ularning halokatiga olib keluvchi holatga tushish xavfidan ogoh qilish”, deb aytgan Fauchi. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top