18:22 / 12.04.2020
42646
Buxoro va Xorazmda davolangan 5 nafar bemor Covid-19’dan butunlay sog‘aydi

O‘zbekistonda koronavirusdan tuzalganlar soni 5 nafarga oshib, jami 66 kishiga yetdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lum qildi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

12 aprel kuni Buxoroda davolangan 4 nafar, Xorazmda davolangan 1 nafar bemor to‘liq sog‘ayib, reabilitatsiyaga o‘tkazildi.

Vazirlik xabariga ko‘ra, Buxoroda davolanib tuzalgan bemorlarning ikki nafari (biri Andijondan, yana biri esa Toshkent viloyatidan) Turkiyadan Buxoroga kelgan bo‘lib, joriy yil 26 mart kuni koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Farg‘onalik ikki nafar fuqaro esa charter reys orqali Rossiyadan Buxoroga kelgach, ularda ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan edi.

Buxoro viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Xorazmda sog‘aygan bir bemor esa 32 yoshli surxondaryolik bo‘lib, u Rossiyadan charter reysda Urganchga kelgach, 25 mart kuni unda koronavirus infeksiyasi aniqlangan va viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Bugun, shuningdek, Toshkentdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida davolangan 19 bemor sog‘ayib, reabilitatsiyaga o‘tkazildi. Ikki kun oldin Namangan viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida ham koronavirusga chalingan 4 nafar bemorning butunlay sog‘ayishiga erishilgan edi.

Ayni paytda O‘zbekistonda 763 kishi koronavirusdan davolanmoqda. Jami 66 kishi to‘liq tuzalib, reabilitatsiyaga o‘tkazilgan; qurbonlar – 4 nafar.

12 aprel kuni 66ta yangi holat aniqlanib, jami zararlanish holatlari 833taga yetdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top