18:25 / 13.04.2020
21861
Andijonda ham 4 nafar bemor butunlay sog‘aydi

 Andijon viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning to‘rt nafari to‘la sog‘ayib reabilitatsiyaga o‘tkazildi.

 Kun.uz muxbiri xabar qilishicha, ular bilan birgalikda bemorlarning sog‘ayib ketishi uchun bor kuchi va mahoratini ishga solib ish olib borgan 116 nafar shifokor va boshqa tibbiyot xodimlari ham reabilitatsiya qilingan.

Sog‘ayganlarning ikki nafari Andijon shahridan biri 38 yoshda, yana biri 43 yoshda bo‘lgan ayollardir. Ikki nafari esa Andijon tumanida yashovchi 47 va 48 yoshli ayollar. Ularning barchasi tibbiyot sohasi xodimlari hisoblanadi.

Bemorlar 29 mart kuni shifoxonaga olib kelingan edi. Muolajalar davomida olingan tahlil natijalari ular butunlay sog‘ayib ketganini ko‘rsatgan.

 Shifokorlar va bemorlar viloyat hokimligi mutasaddilari ishtirokida sog‘lomlashtirish uchun ajratilgan maskanlarga kuzatilgan.

 

Bugun Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida ikki nafardan bemor tuzalgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Shu tariqa, O‘zbekistonda koronavirusga chalinib, davolangach sog‘ayib ketganlar soni 74 nafarga yetdi.

Eslatib o‘tamiz, Andijon viloyatida koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq jami 97 holat qayd etilgan va shundan 78ta holatda tibbiyot xodimlari kasallangan, shundan 56 nafari shifokorlar hisoblanadi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top