11:19 / 13.04.2020
37978
Koronavirus vaksinasi: Bill Geyts uni tayyorlashga 1,5 yil ketishini aytmoqda

Hozirda butun dunyoda faqat bir mavzu haqida gapirmoqda – koronavirus. Oddiy odamlar virus yuqtirganlar soni oshayotgani, uning qanday yuqishini muhokama qilsa, insoniyat taqdiriga befarq bo‘lmagan milliarderlar koronavirusning davosi ustida bosh qotirmoqda. Birinchidan, ular dunyoning eng ko‘p kapitaliga ega insonlar sifatida qolganlarning ham salomatligi uchun mas'uliyat his qilishadi. Agar bunday o‘ylashmaganda, ular hozirgi martabalariga erishmagan bo‘lishardi. Ikkinchidan, dunyoning kambag‘allashishi milliarderlarga ham ta'sir qilmay qo‘ymaydi.

Bill Geyts / AFP

Uzoq vaqt dunyoning eng boy odami bo‘lib kelgan Bill Geyts vaksina ishlab chiqish uchun 100 million dollar ajratishini ma'lum qilgandi. Microsoft asoschisining taxminicha, vaksina ishlab chiqish uchun kamida 1,5 yil vaqt ketadi. Bu haqda milliarder VVS nashriga bergan intervyusida aytib o‘tgan.

Geytsning so‘zlariga ko‘ra, bugungi «hammasi odatdagidek» bo‘lmagan davrda jarayon ko‘p vaqt talab qiladi: «Bizda sinab ko‘rish uchun odatdagidan kamroq imkon bo‘ladi. Bundan tashqari, davlatlar vaksina ishlab chiqaradigan korxonalarni barcha ishlardan ozod qilib ularga «hamma ishni yig‘ishtiring va vaksinani yarating» deb ayta oladimi? Bu ham hal qilish kerak bo‘lgan masala».

Olimlar koronavirus vaksinasi yaratishni allaqachon boshlab yuborgan va hozirgacha bir nechta vositani hayvonlarda sinab ko‘rishdi ham. Agar vaksina hayvonlarda samara bersa, ikkinchi bosqichda uni insonlarda sinab ko‘rish boshlanadi. Bu ham kamida yil oxirigacha cho‘zilishi aytilmoqda. Dunyo bo‘ylab koronavirusning bir necha turi tarqalgani olimlar ishini murakkablashtiryapti.

Koronavirusga qarshi kurashda faollardan bo‘lgan britaniyalik olim Jyeremi Farrerning aytishicha, ba'zi koronavirusdan tuzalgan odamlarda virus ikkinchi marta aniqlangani vaziyatni yanada og‘irlashtiradi. Masalan, Janubiy Koreyada 100ga yaqin odam koronavirusni ikkinchi marta yuqtirib oldi. Bu virus qonda tirik qolganini bildiradimi yoki ular virusni qayta yuqtirganmi – aniq emas. Bu ham vaksina yaratishda muammo tug‘dirishi aniq.

Vaksina yaratish ustida butun dunyo olimlari izlanishmoqda / REUTERS

Ayni damda 98 milliard dollar kapital bilan dunyo boylari reytingida ikkinchi bo‘lib turgan Bill Geytsning fikricha, pandemiya vaqtida faqat vaksina odamlarni odatiy hayot tarziga qaytara oladi. Global pandemiya xavfidan ancha avval ogohlantirgan Microsoft asoschisi vaksina yaratish uchun yetarli pul ajratilmayotganini aytmoqda. U ajoyib o‘xshatishni keltirdi: koronavirusga qarshi kurashni allaqachon jangga qiyoslab bo‘lishdi, ammo himoyalanish uchun yetarli pul ajratilmayapti.

«Men va tibbiyot sohasidagi olimlar pandemiyaning xavfi haqida ko‘p gapirdik. 2015 yilda Angliyadagi chiqishimda bunday ko‘rinishdagi xavf haqida gapirgandim. Vaqti kelib orqaga qaraganda, xato qilganimizni, imkonimiz bo‘la turib tibbiyotga yetarlicha pul ajratmaganimizni o‘ylab, afsuslanishimiz mumkin.

Menimcha, biz hali pandemiya xavfidan to‘liq ogoh emasmiz va bu borada yetarlicha pul ajratmayapmiz. Ha, biz vaksina yaratish bo‘yicha o‘ziga xos koalitsiya tashkil qildik, lekin bu qilishimiz mumkin bo‘lgan ishning atigi 5 foizi.

Vaqt o‘tib bu kasallik bilan bo‘lgan kurash yakunlarini tahlil qilayotganimizda juda kam davlatlar «a'lo» bahoga munosib bo‘lishadi. Chunki ko‘pchilik bunday holatga tayyor emasligini aytib, vaziyatdan chiqib ketadi. Ha, hech kim bunaqa bo‘lishini kutmagani, kelajakda bizni qanday xavf kutayotganini taxmin ham qilib ko‘rmagani oqibatida hozirgi o‘zimizga noma'lum holatga tushib qoldik», deydi Bill Geyts VVS bilan suhbatda.

Ma'lumot uchun, mart oyi o‘rtalarida AQShda koronavirusga qarshi vaksina ilk marta ko‘ngillilarda sinab ko‘rilgandi. Bu loyihani AQSh milliy sog‘liqni saqlash instituti moliyalashtirgan. Ekspertlarning fikricha, vaksina muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgandan keyin ham hamma undan foydalana olish bosqichiga yetguniga qadar kamida 1,5 yil vaqt ketadi...

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top