17:39 / 14.04.2020
114333
2020 yil uchun zakot nisobi e'lon qilindi

2020 yil uchun zakot nisobi 21 250 000 so‘m deb belgilandi. Mazkur qiymatning qirqdan biri, ya'ni zakot uchun chiqariladigan qismi 531 250 so‘mga teng bo‘ladi.

Foto: islamkafah.com

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'atining 2020 yilgi zakot miqdori bo‘yicha qarori e'lon qilindi.

Qarorda ma'lum qilinishicha, odatda, har yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'ati tomonidan nisob miqdori Ramazon oyida e'lon qilinar edi. 

“Lekin bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab, jumladan, O‘zbekistonda ham koronavirus pandimeyasi tarqalishining oldini olish maqsadida, yurtimizda karantin e'lon qilinishi sababli, zaruratsiz uydan tashqariga chiqish mumkin bo‘lmay qoldi.

Tabiiyki, bunday paytda aholining moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan qismini qo‘llab-quvvatlashning zarurati tug‘ildi va ayni paytda bu ajr-savobi ko‘p bo‘lgan amaldir. Mana shunday vaziyatda moli nisobga yetgan boy-badavlat kishilar mollarining zakotini ham haqdorlarga berishlari ayni savobli amallar sirasiga kiradi”, deyiladi qarorda.

Ana shularni inobatga olgan holda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'ati zakot nisobini Sha'bon oyida chiqarishga qaror qildi. 

“Zero, Sha'bon oyi ham fazilatli oylardan biridir. Qolaversa, hozirgi sinovli davrda zakot berish muhtojlarga yanada manfaatli bo‘lib, zakotning savobini bir necha barobar ko‘payishiga sabab bo‘ladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'ati 1 gramm tilloning bugungi kundagi o‘rtacha narxi 250 000 (ikki yuz ellik ming) so‘m ekanini e'tiborga olib, milodiy 2020 yil (hijriy 1441 yil) uchun ZAKOT nisobini (85 g. tillodan) 21 250 000 (yigirma bir million ikki yuz ellik ming) so‘m deb belgiladi. Mazkur qiymatning qirqdan biri (1/40), ya'ni zakot uchun chiqariladigan qismi 531 250 (besh yuz o‘ttiz bir ming ikki yuz ellik) so‘mga teng bo‘ladi.

Shunga ko‘ra, zaruriy ehtiyojidan tashqari bir yil davomida 21 250 000 (yigirma bir million ikki yuz ellik ming) so‘mdan ortiq mablag‘ga ega bo‘lgan musulmon kishi jami mablag‘ining qirqdan biri (1/40)ni zakot sifatida kambag‘al va faqirlarga berishi farzdir.

Alloh taolo boylarning himmatiga baraka, faqirlarga qanoat ato aylab, O‘zining rahmati ila boshimizdagi bu illatni tez orada daf qilsin. Omin!”, deyiladi Fatvo hay'ati qarorida.

Avvalroq O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining Ramazon oyini o‘tkazish bo‘yicha qabul qilingan fatvosida Ramazonda iftor marosimlari qilmaslik, uning pulini muhtoj oilalarga berish tavsiya qilingandi. 

Top