18:02 / 15.04.2020
36584

Kredit ta'tili davrida yig‘ilgan to‘lov va foizlar birdaniga to‘lanmaydi – Mamarizo Nurmuratov

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratovning ma'lum qilishicha, kredit ta'tili tugagandan keyin fuqarolar kreditlarni ilgari qancha miqdorda to‘lab kelishgan bo‘lsa, o‘sha miqdorda to‘lashda davom etishadi. Ya'ni kredit grafigi olti oylik uzaytirib beriladi.

Foto: UzReport TV

Mamarizo Nurmuratov Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdan tashqari yig‘ilishi yakunlari va unda qabul qilingan qaror yuzasidan o‘tkazilgan brifingda kredit ta'tili davrida to‘lanmagan kredit to‘lovlari va foizlari bittada to‘lanmasligi haqida ma'lum qildi.

«Aholimizning qariyb 76 foiz qarzlarining muddatini uzaytiryapmiz. Tadbirkorlik sub'yektlarining 55 foiz atrofidagi qarzlari 2020 yilning 1 oktyabrigacha uzaytirildi.

Fuqarolarimizda 1 oktyabrda kredit ta'tili tugagandan keyin olti oy davomida to‘lanmagan kredit to‘lovlari va foizlarini bittada to‘laymanmi, degan savollar tug‘ilmoqda. Yo‘q, bu narsa bo‘lmaydi. Shu fursatdan foydalanib, ushbu masala bo‘yicha tushuntirish bermoqchiman.

Kredit ta'tili tugagandan keyin fuqarolar kreditlarni ilgari qancha miqdorda to‘lab kelishgan bo‘lsa, o‘sha miqdorda to‘lashda davom etishadi. Ya'ni kredit grafigi olti oylik uzaytirib beriladi. O‘rtada tanaffus bo‘ladi xolos.

Tasavvur qilaylik, fuqaro grafik bo‘yicha kreditini 2021 yilning 1 yanvarida to‘liq so‘ndirishi belgilangan bo‘lsa, kredit ta'tilidan so‘ng bu muddat 2021 yilning 1 iyuligacha uzaytiriladi. Bu o‘z-o‘zidan qarz oluvchiga qo‘shimcha to‘lovlar yukini yuzaga keltirmaydi. Biz barcha tijorat banklarimizga mijozlariga kredit ta'tili berishda ishni mana shu yo‘nalishda amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berganmiz», deya Mamarizo Nurmuratovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top