18:35 / 16.04.2020
28741

Koronavirus ortidagi iqtisodiy muammolar, kambag‘allik, oshayotgan tashqi qarz va YeOII - deputat Nodir Jumayev bilan suhbat

O‘zbekistonda koronavirus bilan zararlanganlar soni 1300dan oshdi. Afsuski, endilikda virus yuqtirib olganlarni aniqlash va ularni davolash bu – yagona muammoli masala emas. Pandemiya ortidan xuddi aysberg kabi yirik muammolarning ko‘rina boshlaganiga ancha bo‘ldi.

Foto: KUN.UZ

U ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, ta'lim, turizm, xalqaro aloqalar va umuman, barcha sohalarga salbiy ta'sirini o‘tkazmoqda.

Ammo, shubhasiz, infeksiya bir, ikki, uch oy o‘tsin, baribir jilovlanadi. Xo‘sh, ana undan keyin biz birinchi navbatda qanday real xavflar bilan yuzlashamiz?

Kun.uz muxbiri ko‘pchilikni qiziqtirayotgan savollarga javob olish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, iqtisod fanlari doktori, professor Nodir Jumayev bilan suhbatlashdi.

— Koronavirus pandemiyasi ortidan iqtisodiyotimizni nimalar kutib turibdi. Bu borada birlamchi, real xavflarni nimalarda ko‘ryapsiz?

— Bugungi global tanglik butun dunyo iqtisodiyoti kabi, O‘zbekiston ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga ham yangi sinovlarni tuhfa qildi. Bu sinovlarni yengib o‘tish hamjihatlikni talab qiladi. Ya'ni davlat zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishi, fuqarolar esa o‘rnatilgan tartib-qoidalarga qat'iy amal qilishi lozim. Bu oqibatlarni yumshatishga zamin yaratadi. Tan olaylik, hozircha tarozi pallasi teng emas.

Uzoq davom etadigan karantin cheklovlari esa, real xavflarni keltirib chiqaradi. Ya'ni importning eksportga nisbatan keskin o‘sishiga olib keladi. Xizmat ko‘rsatish sohalari – aviatsiya, temir yo‘l, turizm, mehmonxonalar tarmog‘i va boshqalar faoliyati deyarli to‘xtab qolishi oqibatida ish o‘rinlari qisqarishiga sabab bo‘ladi. Davlat budjeti tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlarning oyligiga ajratiladigan xarajatlarni moliyalashtirishda muammolar tug‘ilishi mumkin.

Shuningdek, yuqoridagi yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan korxonalar davlatning alohida ko‘magiga muhtoj bo‘ladi. Ishlab chiqarishning deyarli to‘xtab qolishi talabning taklifga nisbatan yuqoriligini ta'minlaydi, bu esa narxlar muvozanatiga salbiy ta'sir o‘tkazadi. Iqtisodiy turg‘unlik holatining davomiy bo‘lishi ishsizlik darajasini oshiradi va aholining to‘lovga bo‘lgan qobiliyati keskin tushib ketishiga olib keladi. Oqibatda, davlat budjetiga tushumlarning jumladan, soliq to‘lovlarining kamayishi vujudga kelib, budjetni shakllantirishga salbiy ta'sir etadi.

Bugundanoq, oldimizga qo‘yadigan birlamchi maqsadimiz – ilm-fan yutuqlari, raqamli iqtisodiyot imkoniyatlaridan oqilona foydalanishimiz va odilona soliq siyosatini amaliyotga joriy etishimiz kerak bo‘ladi.

Tan olish kerakki, tadbirkorlar soliq organlariga jazolovchi organ sifatida qaraydi. Soliq idoralari tadbirkorlar bilan ish olib borishda e'tiborni norasmiy ishlovchilarni hech qanday jazo mexanizmlarini qo‘llamasdan soliq to‘lovchilar safiga o‘tkazishga qaratishi lozim.

Shuningdek, bugungi kunda dunyo bozoriga moslanuvchan eksport mahsulotlari ishlab chiqarish maqsadga muvofiq bo‘lib, bunda ilm-fan imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarur.

— Bir nechta deputatlar aholiga ishsizlik nafaqasi to‘lanishi kerakligi borasida takliflar bilan chiqyapti. Siz bu masalada qanday mexanizmlarni taklif qilgan bo‘lardingiz va umuman, hozirgi iqtisodiyotimiz bu boradagi to‘lovlarga qobiliyatlimi?

— Avvalo shuni aytish kerakki, davlatimiz tomonidan ijtimoiy nafaqa oluvchilar sonini kengaytirish va nafaqa olish muddatini uzaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilib, qo‘shimcha mablag‘lar yo‘naltirilyapti. Ammo shunday qatlam borki, ular kunlik daromad hisobiga tirikchilik qilishadi. Ular yollanib ishlovchilar yoki xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi fuqarolar bo‘lishi ham mumkin. Albatta, ularga ma'lum muddat ijtimoiy yordam paketlari taqdim qilish zarur.

Bugungi sharoitda hozircha kundalik oziq-ovqat mahsulotlari va tibbiy yordam berish yetarli bo‘ladi. Faqat buni to‘g‘ri qabul qilish kerak. Negaki, biz aniq bilmaymizki, pandemiya qancha vaqt davom etadi. Bunday sharoitda barcha resurslarni birdan ishlatib qo‘yish oqibatlari yaxshi natija bilan tugamaydi. Agar karantin rejimi muddati qisqa bo‘lib chiqsa, unda ortib qolgan resurslarni tiklashga sarf etish imkonini beradi.

— Aholining umumiy yordamga muhtoj qatlami haqida gapirdingiz. Bunda yaqindagina umumiy soni 4-5 mln atrofida ekanligi aytilgan kambag‘al qatlam ham bor. Ammo hanuzgacha bu qatlamga kimlar kirishi va uni aniqlashdagi jihatlar ishlab chiqilmagan. Nazarimda, bu borada faqat joylardagi MFY ro‘yxatlariga asoslaniladi.

Parlament bu borada biror rejaga egami? 

— Umuman olganda, bu masala murakkablik kasb etib, iqtisodchi olimlar, ekspertlar, ijro etuvchi hokimiyat va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida muhokama qilinib, uning huquqiy asoslari yaratilishi kerak. Unda kambag‘al qatlam tarkibi, ularni qanday hollarda bu tarkibga kiritish, yashash minimumi, iste'mol savatchasi miqdori va boshqa shu kabi masalalarga aniqlik kiritish talab etiladi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizda 46 turdagi mahsulot va birlamchi xizmatlar (sartaroshxona xizmati, poyabzal ta'mirlash ustaxonasi xizmati, ayrim kommunal to‘lovlar) kiritilgan iste'mol savatchasi 650 ming so‘m, hayot kechirishning eng quyi darajasi 810 ming so‘m atrofida hisoblab chiqilgan.

Umuman olganda, iste'mol savatchasi yosh, jins, mavsumiylik, hududiylik nuqtayi nazaridan farqlanishi mumkin.

Yana bir fikr – fuqarolarning daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiya joriy etilmas ekan, yaxlit bir tizimni yaratish qiyin masala hisoblanadi.

MFY faoliyati bevosita fuqarolarga yaqin bo‘lgani uchun ham ularning ro‘yxatiga asoslanamiz. Ammo bu ham samarali chora emasligini kundalik hayotda uchratyapmiz. Faoliyat davomidagi kuzatuvlar va ommaviy axborot vositalari orqali yoritilayotgan ma'lumotlarga tayanadigan bo‘lsak, ayrim fuqarolar borki, yashash uchun yetarli sharoitlarga ega bo‘la turib, ijtimoiy nafaqa olishadi. Uzoqqa bormaylik, hozirgi tanglik sharoitida tashkil etilgan Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markaziga murojaat qilib, yordam so‘rayotgan insonlar orasida ham o‘ziga to‘q fuqarolar uchrab turibdi. Bunday holatlar bizning diniy ma'rifat, ilm-fan va ta'lim-tarbiyadan uzoqlashganimizga ishora emasmi?

Fuqarolarning daromadlari elastikligini baholashga qaratilgan mexanizmni joriy etish bu masalada muhim yechim bo‘ladi, degan umiddamiz. Lekin, bu yo‘nalishdagi qonunchilik bazasini yana bir bor chuqur tahlil qilishni talab etadi. Negaki, birgina misol keltiramiz aliment to‘lovchi shaxs, qonunchilikka ko‘ra, daromadining kamida 25 foizini farzandi uchun beradi. Agarda uning daromadi 10 mln so‘mni tashkil etsa, tabiiyki daromadini kamaytirib ko‘rsatishga intiladi. Uning daromadi 1 mln so‘m bo‘lganda esa, farzand uchun 250 ming so‘m bir oyga yetadimi degan masala yuzaga chiqadi.

— Karantin davrida Mahalla vazirligi qoshidagi markaz tomonidan aholiga xayriya mahsulotlari bilan yordam ko‘rsatilmoqda. Ammo bu kabi xayriyalar davomli bo‘lmaydi, saxovatli tadbirkorlarning ham resurslari kamayib boradi.

Aholi daromadini oshirishning eng yaxshi yo‘li bu – ish o‘rinlarini ko‘paytirish. Siz O‘zbekiston hukumati oldida turgan mana shu eng katta masalalardan biri bo‘yicha qanday kelajakni ko‘rasiz. Hukumat ish o‘rinlari yaratish borasida yaqin va o‘rta kelajak uchun nimalar qilishi kerak?

— Albatta, xalqimizga xos mehr-saxovat va xayriya tadbirlari bugungi kunda qanchadan-qancha oilalar hayotiga yorug‘lik olib kirayotgani tahsinga loyiq. To‘g‘ri aytasiz, fuqarolarimizni faqatgina bu kabi tadbirlar bilan yuzaga kelgan sharoitdan olib chiqib ketish mumkin emas.

Hozirgi sharoitda mavjud ish o‘rinlari va oylik daromadlarni saqlab qolish muhim omil hisoblanadi va bu borada davlat tomonidan amaliy chora-tadbirlar yo‘lga qo‘yildi. Kasanachilik, mavjud tomorqa xo‘jaligidan oqilona foydalanish, fuqarolarni uy sharoitida mahsulot ishlab chiqarishga jalb etish ham e'tibor markazimizda bo‘lishi kerak. Ishlab chiqarilgan tovarlarni markazlashgan yoki davlat xaridlari orqali sotib olish orqali aholini rag‘batlantirish mumkin bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida, chetdan import qilish mumkin bo‘lgan tovarlarni o‘zimizda ishlab chiqarish bilan birga, ortiqcha mahsulotni eksport qilish imkoniyatini beradi.

Bundan tashqari, moliyaviy resurslarni yangi investitsion loyihalarga emas, mavjud loyihalarning samaradorligini oshirishga qaratish ham muhim hisoblanadi.

Eng asosiysi, har bir fuqaro xalqimiz boshiga kelgan bu sinovni yengib o‘tishimizning asosiy qahramoni ekanini teran anglab olishi zurur bo‘ladi. Lekin, qanday qahramon bo‘lish – salbiy yoki ijobiy bu xatti-harakatimizga bog‘liq.

Bu jarayonda Parlament va uning deputatlari oldida ham muhim vazifalar turibdi. Birinchi navbatda, mahalliy vakillik organlari deputatlari bilan hamkorlikda o‘zi saylangan okrug hududining ijtimoiy-iqtisodiy hayoti barqarorligini ta'minlashga qaratilgan o‘rganishlar olib borib, tegishli takliflar tayyorlashi lozim bo‘ladi. Shuningdek, aholining ijtimoiy tarkibi, ularning mehnat qilishga bo‘lgan layoqatidan kelib chiqib, o‘rnatilgan karantin talablari asosida daromad manbalarini yaratish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish ham deputatlar oldida turgan muhim masalalardan biri hisoblanadi.

Ayni sharoitda, sizningcha, davlat kimni qo‘llashi kerak – xalqning muhtojlikdan qiynalayotgan qisminimi yoki biznesni? Davlat hozirgi vaziyatda qaysi pozitsiyani tanlashi kerak va nega?

— Tasavvur qilaylik, sizning 6 kishilik (ulardan 3 kishi mehnat qilish layoqatiga ega) oilangiz tasarrufida 1 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ bor. Noma'lum muddatga izolyatsiyaga olinishingiz natijasida oilangiz doimiy daromaddan ayrildi. Bunday sharoitda siz mablag‘dan qanday foydalanasiz?

Oldingizda mablag‘ni bankka omonat sifatida joylashtirish, aksiya sotib olish, ishlab chiqaruvchilar bilan kelishgan holda kasanachilik asosida uy sharoitida mahsulot ishlab chiqarish, sarmoyani shaxsiy ehtiyojlar uchun sarflash kabi bir qator variantlar yuzaga chiqadi. Shu ma'noda, davlat oldida ham bir qator tanlovlar turibdi.

Davlatimiz rahbariyati hozirgi sharoitda to‘g‘ri pozitsiyani tanladi, deb hisoblayman. Negaki, mavjud ishlab chiqaruvchi va hatto eng katta yo‘qotishlarga uchrayotgan xizmat ko‘rsatish kabi sohalarga iqtisodiy instrumentlar bilan yordam ko‘rsatib, davlat budjetiga soliqlar to‘lash orqali o‘z hissasini qo‘shayotgan aholining ish o‘rinlarini saqlab qolishlariga yordam qilmoqda.

Xalqimizda «Yotib yeganga tog‘ ham chidamaydi», degan naql bor. Agarda uncha katta bo‘lmagan budjetimizni xalqimiz ehtiyojlariga sarf etishga yo‘naltirsak, noqulay vaziyatga tushib qolishimiz tayin. Bundan tashqari, yashirin iqtisodiyotda faoliyat yuritayotgan fuqarolar va migrantlar hisobidan kun kechirayotgan oilalar taqdirini ham hisobga olish kerak bo‘ladi.

Bunday sharoitda karantin sababli o‘rnatilgan tartib-qoidalarga to‘liq amal qilgan holda eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyatiga e'tibor qaratish muhim o‘rin tutadi. Jumladan, dunyo bo‘yicha talab oshib borayotgan formatsevtika, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar faoliyatini kuchaytirish maqsadga muvofiq.

Pandemiyaning iqtisodiy ta'sir choralarini yumshatish maqsadida O‘zbekiston hukumati tashqi qarzlarga murojaat qilmoqda. Bu borada fikringiz qanday, davlatning tashqi qarzlarga murojaat qilishi qanchalik xavfsiz?

O‘zbekiston qanday imtiyozlar va majburiyatlar bilan qarz olyapti va bu qarzlarni qanchalik samarali sarflay oladi?

— Markaziy bank ma'lumotlariga ko‘ra, 2019 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning tashqi qarzi 24,4 mlrd AQSh dollarini tashkil etadi. Shundan 15,8 mlrd dollar – davlat, 8,6 mlrd – xususiy sektor qarzi hisoblanadi. Bu – YaIMga nisbatan 42 foizni, davlat qarzi esa 27 foizni tashkil etadi.

Davlat qarzining tarkibida 1 mlrd AQSh dollari miqdorida O‘zbekistonning yevrobondlari ulushiga to‘g‘ri keladi. Ushbu obligatsiyalarning emissiya qilinishi bilan iqtisodiyotimiz tarixida yangi bosqich amalga oshirildi, sababi unga qadar mamlakatimiz xalqaro fond bozorlaridan mablag‘lar jalb etgan emas edi. Buning asosiy omillaridan biri – O‘zbekistonning ochiqlik siyosatini amalga oshirayotgani bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchisi – mamlakatimizni suveren kredit reytingiga ega bo‘lishi bilan izohlanadi.

Umuman, Xalqaro valuta jamg‘armasi O‘zbekiston tashqi qarzini YaIMga nisbatan ko‘ra 55 foizgacha jalb etishni mo‘'tadil yoki barqaror deb baholashini ma'lum qilgan. Demak, hozirgi kunda O‘zbekistonning tashqi qarz jalb etish imkoniyati bor.

2020 yil aprel oyida e'lon qilingan Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning uzoq muddatli kredit reytingini «BB-» (barqaror) darajada ekanligi muhim hisoblanadi. Ushbu holat O‘zbekistonga qo‘shimcha tashqi mablag‘larni jalb etishga imkoniyati mavjudligini anglatadi.

Shuningdek, oltin-valuta zaxiramiz importni kamida uch oy davomida qoplashiga yetishini inobatga olsak, biz tashqi qarzni bemalol jalb etishimiz mumkinligini ta'kidlash lozim.

Tashqi qarzni birinchi navbatda davlat dasturlarini va davlat zimmasidagi ijtimoiy vazifalarni moliyalashtirishga yo‘naltirish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Ayniqsa, soliq tushumlari bo‘yicha berilayotgan ta'tillar davrida jalb etiladigan qarz mablag‘larini budjet daromadlari o‘rnini to‘ldirish uchun foydalanish maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.

Shu bilan birga, prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 24 yanvar kuni Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomasida: «Budjet mablag‘larining maqsadli va oqilona sarflanishi ustidan nazoratni yanada kuchaytirish zarur. Joriy yilda davlat tashqi qarzining yuqori chegarasini belgiladik. Bundan buyon xalqaro moliya tashkilotlaridan olinadigan mablag‘larni qaytarish imkoniyati va ularning natijadorligiga jiddiy e'tibor qaratiladi», degan edi.

Demak, tashqi qarzni makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar holatini inobatga olgan holda jalb etish davlatimiz tomonidan ham alohida e'tiborga olinishi belgilanmoqda. Tashqi qarzni mo‘'tadil darajasini ta'minlamasak, kelajakda makroiqtisodiy barqarorlikka salbiy ta'sir etishi mumkin.

Ushbu savolingizga xulosa yasaydigan bo‘lsak, O‘zbekistonning ayni paytda tashqi qarz olishi masalasi muhim. Chunki pandemiya davridagi iqtisodiy harakatsizlik holatida yalpi talab va yalpi taklifni ta'minlash orqali iqtisodiy faollikni minimal darajasida saqlab turishga imkon beradi. Ta'kidlash lozimki, hukumat tomonidan olib borilayotgan chora-tadbirlar ushbu olinadigan qarzlarni samarali ishlatilishiga kafolat bo‘la oladi, deb hisoblayman.

O‘zbekistonning YeOIIga integratsiyalashuvi borasida ko‘p gapirilmoqda. Prezident Mirziyoyev bir necha chiqishlarida O‘zbekiston tashkilotga kuzatuvchi a'zo bo‘lib kirishi mumkinligi haqida gapirdi.

Bugun ham parlamentda bu masala muhokama qilinganidan xabarimiz bor. Ayting-chi, ayni paytdagi yaqinlashuv pandemiya tufayli og‘ir ahvolda turgan iqtisodiyotimizga qanday ta'sir o‘tkazadi?

— Albatta, prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga qilgan murojaatida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik qilishi borasida bir qator takliflarni o‘rtaga tashladi.

Jumladan: «Biz, albatta, ushbu jiddiy masalada, eng avvalo, xalqimizning manfaatlaridan kelib chiqib, uning xohish-irodasiga tayanamiz. Shuning uchun xalq vakillari bo‘lgan deputat va senatorlarimiz parlament palatalarida mazkur masalani atroflicha muhokama qilib, o‘z zimmalariga mas'uliyatni olgan holda, asoslangan xulosalarini aytishlari kerak», deya alohida ta'kidladi.

Ushbu murojaatnoma mohiyatidan kelib chiqib, O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorligi uchta holat bilan aks etishi mumkin. Birinchisi – hozirgi holatda davom etish, ikkinchisi – kuzatuvchilik maqomida bo‘lish, uchinchisi – a'zo bo‘lib kirish.

Savolga to‘xtaladigan bo‘lsak, hali O‘zbekiston pozitsiyasini qanday bo‘lishi uchun yakuniy qaror qabul qilinmadi. Buning uchun ayni vaqtda tahlillar amalga oshirilmoqda va ushbu tahlillar, olingan ilmiy-amaliy xulosalar asosida yakuniy qarorga kelinadi, deb aytishimiz mumkin.

Endi qayd etib o‘tgan holatlarimiz bo‘yicha holatlarning birinchi va uchinchisi yuzasidan atroflicha to‘xtalish zarur emas, deb o‘ylamaymiz. Sababi – birinchi holat bo‘yicha O‘zbekistonning xalqaro bozorga chiqishi yoki integratsion jarayonlarga qo‘shilishi o‘zgarmay qoladi. Uchinchi holat bo‘yicha esa, O‘zbekistoning integratsiyaga qo‘shilishi nazarda tutiladi. Bunda O‘zbekistoning iqtisodiy manfaatlari, yutuqlari va shu bilan birga yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy yo‘qotishlar to‘g‘risida ko‘plab fikrlar bildirildi va maqolalar e'lon qilindi.

Navbatdagi pozitsiya – bu kuzatuvchilik maqomini olish. Agar O‘zbekiston kuzatuvchilik maqomida faoliyatni amalga oshiradigan bo‘lsa, mazkur holat a'zo mamlakatlar bilan tashqi savdoni amalga oshirishda hech qanday iqtisodiy oqibatlar yoki kelishuvlarni yuzaga chiqarmaydi.

Shu nuqtayi nazardan olib qaraganda, kuzatuvchilik degani tashqi savdo yuzasidan O‘zbekistonga ma'lum majburiyatlarni olib keladi, degani emas. Boshqacha aytganda, O‘zbekiston kuzatuvchilik maqomiga erishishi hozirgi inqiroz davrida bo‘ladimi yoki undan keyingi davrda bo‘ladimi, iqtisodiy ta'siri mavjud bo‘lmaydi.

Bizningcha, pandemiya sharoitidagi inqiroz O‘zbekistonning turli iqtisodiy ittifoqlarga yoki tashkilotlarga kuzatuvchi bo‘lib kirishi bilan chuqurlashishi yoki bartaraf etilishiga shart-sharoit yuzaga kelmaydi. Vaholanki, iqtisodiy inqirozni bartaraf etilishi O‘zbekiston tomonidan ko‘rilayotgan inqirozga qarshi choralar dasturi va karantin davrida ijtimoiy qoidalarga amal qilinishi bilan bog‘liq, deb hisoblaymiz.

Shu o‘rinda O‘zbekiston uchun kuzatuvchilik maqomi qanday afzalliklar berishi mumkinligini qayd etib o‘tsak.

Birinchidan, kuzatuvchi maqomi mamlakatimiz uchun iqtisodiy majburiyatlar va salbiy holatlarni yuzaga keltirmaydi.

Ikkinchidan, YeOII a'zo davlatlarining yagona qarorlarini o‘rganish va ularni bevosita kuzatish imkoni vujudga keladi.

Uchinchidan, YeOII davlatlari majlislari ma'lumotlarini bevosita olish (kerak bo‘lsa, bevosita ishtirok etish) va uni O‘zbekiston sharoitidagi makroiqtisodiy jihatdan tahlilini amalga oshirish uchun birlamchi manba yuzaga keladi.

To‘rtinchidan, kuzatuvchilik maqomidan so‘ng YeOIIga a'zo bo‘lib kirish yoki kirmaslik majburiyati mavjud emas.

Xulosa qilib aytganda, YeOII bilan munosabatlarni amalga oshirishga doir qarorning qabul qilinishi bu boradagi muzokara va tadqiqotlarni obektini aniq belgilashga asos bo‘ladi, deb hisoblaymiz.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top