14:41 / 16.04.2020
18531
Pensiya yoshiga to‘lganligi munosabati bilan mehnat shartnomasini bekor qilish talabiga o‘zgartirish kiritilishi mumkin

Pensiya yoshiga to‘lganligi munosabati bilan mehnat shartnomasini bekor qilish talabiga o‘zgartirish kiritish taklif etilmoqda

Foto: KUN.UZ

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida pensiya yoshiga to‘lganligi munosabati bilan mehnat shartnomasini bekor qilish talabiga o‘zgartirish kiritish haqida petitsiya joylashtirildi.

Qayd etilishicha, amaldagi Mehnat kodeksining 100-moddasi 2-qismi 7-xatboshida xodimning pensiya yoshiga to‘lganligi, qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi mavjud bo‘lganda ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish talabi belgilangan. 

“Biroq, bugungi kunda ayollarning 55 yoshga to‘lganligi qonun hujjatlariga muvofiq davlat pensiyasini olish huquqini bersa ham, ayrim davlat tashkilotlari va muassasasi rahbarlari tomonidan ayol xodimlarga nisbatan majburiy (2 oylik ogohlantirish asosida) mehnat shartnomasini bekor qilish holatlari uchramoqda. 

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 7 martdagi PQ-4235-sonli qarori 1-bandida, “ayollarning pensiya yoshiga to‘lganligi yoki qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi vujudga kelganligi sababli ular bilan tuzilgan nomuayyan muddatli mehnat shartnomasini 60 yoshga to‘lgunga qadar yoki muddatli mehnat shartnomasini muddati tugagunga qadar ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish taqiqlanadi” deb ko‘rsatib o‘tilgan”, - deb yozadi murojaat muallifi.

Bildirilishicha, ushbu holatlarda ish beruvchi qonun normalarini (Kodeks) birinchi navbatda ustuvor turishligini inobatga olib, pensiya olish yoshiga to‘lgan ayol xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilinib, gender tenglik tamoyillari buzilmoqda.

Yuqoridagilarga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 100-moddasi 2-qismi 7-bandiga “qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno” degan qo‘shimchani kiritish taklif qilinmoqda.

Top