14:15 / 17.04.2020
7943
«Turonbank»: valuta bo‘yicha hech qanday cheklov yoki to‘siqlar o‘rnatilmagan
Foto: Turonbank

Shu yil 16 aprel kuni Kun.uz saytida «Ko‘pi bilan 200 dollar!» – Qator banklar xorijiy valuta sotishda cheklovlar o‘rnatishmoqda» sarlavhali maqola e'lon qilingan, unda valuta oldi-sotdisi bilan bog‘liq holatga oid ma'lumotlar keltirilgandi. Ushbu maqola bo‘yicha «Turonbank» ATB matbuot xizmati munosabat bildirdi.

“Kun.uz saytida e'lon qilingan maqoladagi faktlarda jon bor, valuta savdosi bo‘yicha qisman cheklovlar o‘rnatilgani rost.

Lekin bu quyidagi sabablarga ko‘ra vaqtincha yuzaga kelgan vaziyat:

1. Har qanday mahsulot (bu o‘rinda valutaga ham bir mahsulot sifatida qarash mumkin) erkin savdosida narxlar talab va taklif asosida shakllanadi. So‘nggi kunlarda AQSh dollari kursida keskin o‘sish kuzatildi. Buning sabablari haqida Markaziy bank raisi batafsil to‘xtalib o‘tdi. Holatni har qanday bankning biror shoxobchasi misolida ham tahlil qilishimiz mumkin. Deylik, ertalab shu shoxobcha 10 ming dollar va 100 mln so‘m bilan savdoni boshlaydi. Kun davomida dollarga xaridor ko‘payishi valuta hajmini kamaytiradi va keyingi xaridorlarga yetmay qolishi mumkin. Sotuv faqat kelgan valutaga qarab qoladi. Maqolada tilga olingan holat aynan shunday vaziyatni nazarda tutgan va Kun.uz muxbiri ham buni tan olib o‘tgan;

2. Birinchi vaziyatda bankning bosh idorasi zudlik bilan qaysidir shoxobchani valuta bilan ta'minlashga harakat qiladi. Ammo karantin sharoitida, ko‘pchilik xodimlar masoviy ishlashga o‘tgan, avtomobillar harakati cheklangan bir paytda buni tezkorlik bilan amalga oshirish imkoniyati bo‘lmay qolishi mumkin;

3. Eng muhimi – tijorat banklari valuta chop qilmaydi va ularning zaxirasi ham cheklangan. Taklifga nisbatan talab bir necha karra oshgan bir paytda hamisha shunday vaqtinchalik sarosima holatlari yuz beradi va ko‘pchilik qadri oshib borayotgan valutani sotmaslikka harakat qiladi. Lekin tez orada bozor o‘zi hammasini mo‘'tadillashtirib qo‘yadi.

Albatta, obektiv sabablar bo‘lishiga qaramay maqolada nazarda tutilgan holatlar mijozlarga noqulaylik tug‘dirgani tufayli «Turonbank» ATB zarur choralarni ko‘radi. Jumladan, barcha shoxobchalarda xorijiy valuta miqdorda bo‘lishini ta'minlashga alohida e'tibor qaratiladi. Bu masala bo‘yicha sustkashlikka yo‘l qo‘ygan xodimlarga intizomiy jazolar qo‘llanildi.

Mazkur vaziyatga Turonbank rahbariyati tezkor munosabat bildirganini ta'kidlab o‘tish joiz.

“Mijozlarni ishontirib aytamizki vaqtinchalik bu holatlar bartaraf qilinmoqda va tez orada hammasi iziga tushadi” dedi “Turonbank” ATB Boshqaruv Raisining birinchi o‘rinbosari Aziz Toshev.

Yana bir jihatni esga olish lozim – xalqimiz an'analarga ko‘ra naqd valutani xush ko‘radi. Holbuki «Turonbank» ATBda plastik kartochkalar orqali barcha amaliyotlarni bajarish mumkin va bu naqd pullar muomalasiga nisbatan ancha qulay ham.

Xususan, MyTuron mobil ilovasida onlayn-konversiya mavjud va valuta bahosi nisbatan arzon ham. Amaliyotni amalga oshirish uchun Turonbankning “Visa” yoki “Mastercard”  kartalari kerak bo‘ladi.

Shuningdek, bankning rasmiy sayti turonbank.uz, Facebook, Instagram va Telegram'dagi sahifalari hamda MyTuron mobil ilovasiga a'zo bo‘lib, valuta kurslari (shu jumladan onlayn-konversiya haqida ham) o‘zgarishlari haqida ma'lumotlarni birinchilardan bilib borish mumkin.

2020 yil 17 aprel holatiga Turonbankda onlayn-konversiya kursi sotib olish - 10 100 so‘m va sotish 10 120 so‘mni, ayirboshlash shahobchalarida esa sotib olish - 10 100 so‘m va sotish esa 10 150 so‘mni tashkil etmoqda.

Siz yaqinlaringiz davrasida karantinni bexavotir o‘tkazing, biz esa barcha moliyaviy yumushlaringizni bajarishga ko‘maklashamiz, deyiladi «Turonbank» ATB matbuot xizmatining Kun.uz’ga yo‘llagan munosabatida.

Top