05:50 / 18.04.2020
4639
Jahon banki rahbari pandemiya bahonasi bilan proteksionizmga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi

Jahon banki prezidenti Devid Melpas xalqaro hamjamiyatni yangi koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish bahonasi bilan savdoda proteksionizmga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi, deb yozmoqda TASS.

Devid Melpas. Foto: AP Photo/Christophe Ena

Juma kuni JB va Xalqaro valuta jamg‘armasining yozgi sessiyasi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida chiqish qilar ekan, Melpas mamlakatlar va hududlar joriy pandemiya sababli proteksionistlik choralarini qo‘llamasliklaridan umid qilayotganini aytib o‘tdi. «Umid qilamanki, bunday bo‘lmaydi», — degan JB rahbari undan yangi koronavirus tarqalishining avj olishi tufayli sodir bo‘lgan jahon iqtisodiy inqirozi proteksionizm oshishiga olib keladimi, degan savolga javoban. «Mamlakatlar ushbu inqirozdan bozorlarning yopilishi yoki taqiqlanishi uchun sabab sifatida foydalanmasliklari borasida chiqish qilishlari kerak», — degan Melpas.

«Jahon birgalikda ishlashi kerak, ma'lum bir mahsulot zaxirasi ko‘p bo‘lgan mamlakatlar boshqalar bilan bo‘lishishi, barter tizimiga yoki ayriboshlashga o‘tmasligi lozim. Biz zaxiradagi mahsulotlar aynan unga ko‘proq ehtiyoj sezayotganlarga yetib borishi uchun, bozorlarga faoliyat ko‘rsatish imkoniyatini berishimiz kerak», — degan JB rahbari.

Bu borada u Xitoyning qadamlarini olqishlagan. «Bilaman, Xitoy o‘zining ortiqcha mahsulotlarini jahon hamjamiyatining qolgan qismiga bermoqda. Bu olqishga sazovor», — degan Melpas.

11 martda JSST tomonidan koronavirus infeksiyasining tarqalishi pandemiya o‘laroq tan olingach, ko‘plab mamlakatlar sanitariya-epidemiologiya xarakteridagi cheklovlarni o‘rnatishga majbur bo‘ldi. Oqibatda pandemiya chuqur xalqaro iqtisodiy inqirozni keltirib chiqardi. XVJning prognozlariga ko‘ra, 2020 yilda jahon iqtisodiyotini 3 foizlik pasayish kutmoqda. 

Top