08:05 / 22.04.2020
18593

Karantindan so‘ng: Uhanda kichik biznesdan nimalar qoldi?

2,5 oylik karantindan keyin Uhandagi yirik korxonalarning deyarli barchasi faoliyatini tiklay oldi. Lekin kichik korxonalardan bor-yo‘g‘i uchdan bir qismi qayta ochilgan.

Uhanda karantin bekor qilinganidan so‘ng ham tarang vaziyat saqlanib qolmoqda.
Foto: EPA / Roman Pilipey

O‘tgan yilning oxirlarida ilk bor koronavirus yuqishi holatlari qayd etilgan Uhan shahrida 8 aprelga kelib karantin bekor qilindi, biroq shaharda hamon taranglik saqlanib turibdi. Kichik biznes hukumat yetarli darajada qo‘llab-quvvatlamayotganidan norozi, deb yozadi Forbes Russia.

Ikki yarim oylik karantindan so‘ng 11 millionlik shaharda kichik korxonalarning faqat uchdan biri qayta faoliyat ko‘rsatish uchun ochildi. Endi biznesmenlar ijara haqlarini bekor qilish va davlatdan yordam talab qilib ko‘chalarga chiqishmoqda.

«Xitoy kompartiyasi Uhanda qariyb uch oy davom etgan karantinning yechilishini muvaffaqiyat tarixi sifatida takdim etishga tirishmoqda. Lekin 11 millionlik megapolisning iqtisodiyoti nechog‘lik tez tiklanishi xavotir uyg‘otmoqda, — deb yozadi Financial Times. — Hozircha hukumat yirik sanoat korxonalarini qo‘llab-quvvatlash payidan bo‘lmoqda, kichik biznes esa yashab qolish uchun o‘zi tirishishga majbur».

Nashr keltirayotgan rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, karantindan so‘ng yirik korxonalarning 97 foizi o‘z ishini tiklay olgan, kichik korxonalarga oid statistika esa qayg‘uli: 76 kunlik favqulodda choralardan so‘ng ularning faqat uchdan bir qismi ochilgan.

Shaharning ochilishi va karantin choralarining tugashi biznes uchun shu ondayoq qayta tiklanishni anglatmaydi. South China Morning Post`ning qayd etishicha, aholining juda kam qismi restoranlarda taom buyurtma qilmoqda, savdo markazlarida xaridlar amalga oshirayotganlar ham kam, bu esa kichik biznesni noma'lum kelajak bilan yuzma-yuz qoldirmoqda.

«Yashab qolish imkonsiz»

Uhanning bir qator tumanlari hali ham harakatlanish bilan bog‘liq taqiqlarga duch kelib turibdi, do‘konlarda esa mijozlar oqimi juda kam.

Shahardan chiqib ketish uchun ruxsat berilganidan so‘ng ikki kun o‘tib, 10 aprel kuni kichik do‘konlarni yurituvchi sotuvchilar Grand Ocean savdo markazi oldidagi maydonga chiqib, bino ro‘parasida bir-birlariga qarab, orada bir metr masofa saqlangancha o‘tirib olishdi.

Ularning yuzlarida tibbiy niqob, qo‘llarida esa plakatlar bor edi. «Yashab qolish imkonsiz» deb yozilgan edi aksiya qatnashchilaridan biri bo‘lgan, Grand Ocean’da savdo maydonchasi ijaraga olgan ayolning qo‘lidagi plakatda. Plakatda shuningdek karantindan avval to‘lab qo‘yilgan ijara haqini qaytarish ham bitilgan edi.

Bundan bir kun avval Xitoyning Sina Weibo ijtimoiy tarmog‘ida keyinchalik o‘chirib yuborilgan video paydo bo‘ldi. Unda o‘nlab tadbirkorlar ijara to‘lovlaridan bir yilga ozod qilish yoki shunga yetarli pul berishni talab qilishgan. Bu talablar, albatta, hukumatga qaratilgan edi.

Norozilik aksiyasi qatnashchilaridan biri Bloomberg muxbiriga ularning 99 foizi koronavirus infeksiyasi avj olganidan beri o‘z bizneslaridan ayrilgan kichik do‘konlar egalari ekanini aytgan. Aksiyaning boshqa qatnashchisi tadbirkorlar tomonidan yozilgan videorolikka hukumat hech qanday javob qaytarmaganini aytib o‘tgan.

«Vaziyat hali noaniqligicha qolmoqda», — deydi Uhandagi Optics Valley innovatsion vodiysiga taomlar yetkazib berish bilan shug‘ullanadigan ikki restoran egasi Chjang Feyhu. U yil boshida, Xitoycha yangi yilda savdo qilish uchun bir necha ming dollarga mahsulotlarni zaxira qilgan, pirovardida mahsulotlarning katta qismini tashlab yuborishiga to‘g‘ri kelgan. Shaharda hali ham alomatlar bo‘y ko‘rsatmagan kasallar ko‘pligi haqidagi axborot Chjangning restoranlari asosiy mijozlari bo‘lmish ofis xodimlarini ishga chiqishdan qaytarib turibdi. U hozir kuniga 425 dollardan zarar qilmoqda.

Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, davlat soliq imtiyozlari bo‘yicha aniq siyosat ishlab chiqishi, ijaraga beruvchilar esa yon berishlari kerak. Ijara maydonlari egalari ham bunday qilishga aslida majbur emas, deya tan oladi Chjang, axir ular ham murakkab davrlarni boshidan kechirmoqda.

Xizmat ko‘rsatish – ziyon ko‘rayotgan yagona soha emas. Biznes uchun dasturiy ta'minot ishlab chiqarish firmasi egasi Li Daning aytishicha, o‘tgan oyda ularning tushumi o‘tgan yilga nisbatan uchdan bir qismga kamaygan. «Toki mijozlarimiz to‘laqonli ish rejimiga o‘tmas ekan, biz oldingidek sur'atda ishlay olmaymiz», — degan Li.

Yirik korxonalarda vaziyat tamomila boshqacha. Xitoyning Dongfeng avto ishlab chiqaruvchisi va yaponlarning Honda kompaniyasi bilan qo‘shma korxona mart oyining oxirlaridan to‘la quvvat bilan ishlamoqda, 8 aprelga kelib ular 1237 ta avtomobil ishlab chiqardi. Bu loyiha quvvatidan ham 16 foizga ortiqroq.

«Zavod yo‘qotilgan vaqtni quvib yetmoqchi», —deydi korxona direktori Li Shikuang.

Ishlab chiqarishning tezgina qayta tiklanishi kichik biznes mosuvo bo‘lgan davlat yordami bilan tushuntiriladi, deb yozadi FT. Masalan, kichik biznes vakillarining ko‘pchiligi hamon ochilmaganiga sabab, hukumat talablariga ko‘ra, ularning o‘zlari koronavirus uchun o‘tkaziladigan test haqini to‘lashlari kerak. Bunday test narxi 37 dollar turadi.

Shartli yordam

«Uhan iqtisodiyotining tiklanishi davlat tomonidan nazorat qilinadigan sanoat yetakchilari bilangina amalga oshmaydi, bunda hukumat ko‘rmaslikka olayotgan ko‘plab oilaviy do‘konlarning ham o‘rni bor», — deydi nomini oshkor qilishni istamagan Uhan ijtimoiy fanlar akademiyasi ilmiy xodimi.

Xitoy hukumati kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun biror chora ko‘rayotgani yo‘q, deyish ham noto‘g‘ri bo‘ladi. Masalan, mamlakat Markaziy banki banklar uchun 1 trillion yuan (140 milliard dollar) kredit liniyasini ochmoqda. Bu mablag‘lar maqsadli bo‘lib, kichik biznesni kreditlashga sarflanishi kerak. Biroq, kreditlash bir qator cheklovlarga ham egaki, qarz olishni istaganlarning aksariyati bu cheklovlarga tushadi.

Masalan, Xitoyning Hankou davlat banki kichik biznesga juda manfaatli hisoblanuvchi yillik 3 foizlik kredit ajratilishini e'lon qildi, ariza tashlagan 404 ta kompaniyadan faqat 11 tasi bunday kreditni ololdi.

FT’ga tushuntirish bergan Hankou xodimiga ko‘ra, kreditlar avvalo katta soliq to‘lovchi va yirik kompaniyalarga bog‘langan korxonalarga beriladi. «Biz o‘zimizning qo‘shimcha shartlarimizni ilgari surmasdan kredit bera olmaymiz», — degan u.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top