15:33 / 24.04.2020
4959
Oliy ta'lim vazirligi: talabalar uchun vazirlik o‘quv platformalaridan foydalanish bepul bo‘ldi

Barcha OTMning masofaviy o‘qitish platformalari vazirlikning dist.edu.uz yagona portaliga birlashtirildi. 

Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi

Oliy ta'lim muassasalarining masofaviy ta'lim platformalariga o‘tish yagona portali orqali amalga oshiriladi. Bu esa OTM o‘rtasida resurslardan hamkorlikda foydalanish imkonini berdi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi xabariga ko‘ra, hozirda ushbu platformaga foydalanuvchilar tomonidan bo‘layotgan kunlik murojaatlar soni 50 mingdan ortiqni tashkil etmoqda. Bu platformaning real vaqt rejimidagi yuklamasi ortishiga olib kelgan.

“Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida platforma joylashtirilgan server qurilmalarining texnik imkoniyatlari kengaytirildi va internet tezligi ikki barobarga oshirildi. Ayni vaqtda platformaning texnik holati bo‘yicha barcha muammolar bartaraf etildi. 

Shuningdek, talabalarning bir qismi respublikaning chekka hududlarida yashashlarini hisobga olib, platformadan foydalanish joylardagi simli va mobil internet tezligiga ham bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Talabalarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida barcha (GSM standartidagi) mobil aloqa operatorlari tomonidan ushbu platformadan foydalanishda internet trafiklari hisoblanishi vaqtincha to‘xtatildi. Bu ushbu platformadan foydalanish mutlaqo bepul ekanligini anglatadi”, - deyiladi vazirlik xabarida.

Top