21:30 / 27.04.2020
5440
Asl saxovatpeshalik xalqimizning qonida bor

Xalqimiz azaldan saxovatpesha, ezgu amallar qilishni yaxshi ko‘radi. Buni bugungi kunda amalga oshirilayotgan  “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati misolida ham ko‘rish mumkin. Birgina Toshkent viloyati misolida  o‘n minglab oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Joriy yilning 24 apreligacha bo‘lgan ma'lumotlarga ko‘ra, viloyatdagi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi huzuridagi Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markaziga 30 ming 971 ta murojaat tushgan bo‘lib, shulardan 27 ming 61 tasining muammosi hal etilib, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgan. Yoki viloyatda hozirgacha 53 tonna guruch, 43 tonna shakar, 62 tonna un, 56 ming 219 litr o‘simlik yog‘i, 8 ming 131 kg mol go‘shti, 450 kg quritilgan mevalar, 51 tonna 400 kg makaron, 37,5 tonna sabzi, 500 kg bodring, 2,5 ming litr sutli mahsulotlar va 24 ming 878 dona tibbiy niqob bepul tarqatilgani ham xayriya ishlari doirasi haqida tasavvur beradi.

Viloyat tadbirkorlari  barcha shahar va tumanlardagi uy sharoitida karantinda saqlanayotgan xonadonlar, kam ta'minlangan, ehtiyojmand oilalar, Mehribonlik hamda Saxovat uylari va bolalar internetlariga xayriya sifatida 12 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlar yetkazib berishyapti. Shu kungacha 1500 oilaga shunday tarzda yordam ko‘rsatildi. Turmush sharoiti birmuncha og‘ir oilalarga qo‘shimcha ravishda naqd pul ham berildi. “Ming oilaga –ming tuhfa!” ijtimoiy xayriya aksiyasi doirasida ehtiyojmand oilalarning har biriga bir boshdan sog‘in sigir berildi.

Prezidentimiz tomonidan  joriy yilning 27 fevralidagi videoselektor yig‘ilishida ta'kidlangan respublikada kambag‘allikni qisqartirish masalasida ham Toshkent viloyati hokimligi tizimli ishlarni yo‘lga qo‘ymoqda. Eng avvalo, viloyatdagi har bir mahalla, tuman va shaharlar kesimidagi haqiqiy holat, mavjud shart-sharoit va imkoniyatlar chuqur o‘rganilib, har bir hududning o‘ziga xos bo‘lgan an'analaridan kelib chiqqan holda choralar belgilandi. Bunda kambag‘allikka oid haqiqiy ahvol, ya'ni mahallalardagi daromadi kam oilalar soni haqida ma'lumotlar bazasi shakllantirilib, har bir tuman va shaharning salohiyati, tabiiy resurslari, yer va infratuzilma imkoniyatlari inobatga olindi.

Joriy yilda “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz”, Hunarmandchilikni rivojlantirish kabi davlat dasturlari doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun 323,2 milliard so‘m kredit ajratiladi. Mazkur loyihalarni moliyalashtirilishini ta'minlash maqsadida, avvalgi yillarda berilgan kreditlar bo‘yicha 233 milliard so‘m kreditlarni o‘z muddatida qaytarilishi yuzasidan tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi. Masalan, bugungi kungacha bu davlat dasturlari doirasida 158 ta loyihaga 17,9 mlrd so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi.

Kambag‘allikni tadbirkorlikni rivojlantirish orqali qisqartirish maqsadida bu yilda o‘tgan yildan kam bo‘lmagan miqdorda yangi kichik biznes sub'yektlari tashkil etishni ko‘zda tutilgan.

Koronavirus pandemiyasi sharoitida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi joriy yilning aprel oyi uchun viloyatga 4 milliard 425,5 million so‘m miqdorida haq to‘lanadigan jamoat ishlariga mablag‘lar yo‘naltirdi. Ushbu mablag‘larga jami 5 ming 800 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta'minlanadi. Bundan tashqari, Bandlik jamg‘armasi tomonidan 615 ta oila a'zolarini shaxsiy tomorqa xo‘jaliklarida band qilish va ularga ko‘mak berish maqsadida jami 1 milliard 375 million so‘m miqdorda mablag‘lar ajratildi. Mablag‘larning 173,9 million so‘mi issiqxonalar qurish, 647,9 million so‘mi tomorqalarga urug‘ va ko‘chatlar sotib olish hamda 553,2 million so‘mi sug‘orish vositalarini o‘rnatish uchun rejalashtirilgan.

Viloyatda eksport sohasi ham keng yo‘lga qo‘yildi. Masalan, joriy yilda jami 603,3 mln. dollarlik mahsulotlarni eksport qilish rejasi belgilangan. Shundan, 386,3 mln. AQSh dollari sanoat mahsulotlari bo‘lsa, 217 mln. AQSh dollari esa qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga to‘g‘ri keladi. Bu borada ko‘zda tutilgan topshiriqlarni uddalash uchun barcha chora-tadbirlar ko‘rilyapti. Xususan, yanvar-fevral oylaridagi rejalar 118,4 foizga, jumladan, sanoatda 151 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bo‘yicha esa 60 foizga bajarilganligi fikrimizning tasdig‘idir.

Joriy yilda viloyatimizda 56 ta istiqbolli loyihani amaliyotga tatbiq etish hisobiga 309,2 mln. AQSh dollari miqdoridagi investitsiyalarni o‘zlashtirish belgilangan. Xususan, joriy yilning yanvar-fevral oylarida 20,6 mln. AQSh dollari hajmidagi xorij mablag‘larini o‘zlashtirish ko‘zda tutilgandi, amalda esa bu ko‘rsatkich 32,4 mln. AQSh dollari miqdorida bajarilib, vazifa 157 foizga uddalandi. Umuman, birinchi chorak uchun belgilangan reja prognozlari 52,5 mln. dollar yoki 110 foizga bajarilishi kutilmoqda. Xorijiy sarmoyadorlar bilan investitsiya kiritish masalasida doimiy ravishda muzokaralar olib borilmoqda. Yaqinda Rossiya Federatsiyasidagi uy-joylarni qurishga ixtisoslashgan kompaniya vakillari kelib, ko‘p qavatli uy-joylarni bunyod etishdagi tajribasi, imkoniyatlari va xorij davlatlarida barpo etgan uy-joylari xususida batafsil ma'umotlari bilan taqdimot o‘tkazishdi. O‘zbekiston va Turkiya ishbilarmonlar (“UTID”) uyushmasi bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilgan.

Bugun 2021 yilda foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan “Tashkent Cotton Textile” mas'uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etish ishlari ham boshlangan. Bir so‘z bilan aytganda, Toshkent viloyati mamlakatimizning markaziy viloyati sifatida o‘z o‘rni va salohiyatini mustahkamlash yo‘lidan bormoqda. Bu yo‘lda viloyatimizning yuksak iqtisodiy, ulkan tabiiy va insoniy resurslari, rivojlangan transport kommunikatsiyalari imkoniyatlaridan to‘la va maqsadli foydalanishga harakat qilinmoqda. 

Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top