01:16 / 27.04.2020
7537
Italiya bosh vaziri 4 maydan karantin choralari yumshatilishini e'lon qildi

Italiyada 4 maydan karantin choralari yumshatiladi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Juzeppe Konte matbuot anjumanida ma'lum qilgan.

Foto: Getty Images

«Asta sekin hayotni tiklashimiz kerak, ammo juda ehtiyotkorlik bilan. 4 maydan zaruratsiz yurish cheklovi saqlab qolingan holda oilaviy ko‘chada yurishga ruxsat beriladi. Ijtimoiy masofani saqlagan holda, albatta. Bayram va tadbirlar o‘tkazishga hali ruxsat yo‘q.

4 maydan sportchilar ham mashg‘ulotlarga qaytishi mumkin. Faqat milliy manfaatlar uchun xizmat qiladigan sportchilar Italiya MOQ hamda assotsiatsiyalar ruxsati bilan shug‘ullanishlari mumkin bo‘ladi.

Turli savdo do‘konlari, restoranlar, ko‘rgazma va muzeylar, shuningdek, go‘zallik salonlari hamda jamoaviy mashg‘ulot o‘tkazish joylarini 18 maydan ochishga qaror qildik», degan Konte.

Juzeppe Konte. Foto: twitter.com/GiuseppeConteIT

Italiya bosh vaziri 4 maydan ovqatlarni olib ketish xizmati ham tiklanishini ma'lum qildi. Ammo o‘tirib ovqat yeyish mumkin emas, uni faqat olib ketib uyda yoki ish joyida tanovul qilishga ruxsat etiladi. Konte maktablarni ochib, tavakkal qilib bo‘lmasligini aytdi. Maktablar o‘quv yili yakunigacha ochilmaydi va Kontening aytishicha, hukumat sentyabrda yangi o‘quv mavsumi uchun maktablarni ochish ustidagina bosh qotirmoqda.

27 aprel 00:50 holatiga ko‘ra, Italiyada koronavirus yuqtirganlar soni 198 mingdan oshgan. Ulardan 65 mingga yaqini tuzalgan bo‘lsa, 26 mingdan ko‘proq italiyalik virus sabab halok bo‘lgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top