Jahon | 22:00 / 28.04.2020
67269
4 daqiqa o‘qiladi

Pentagon saytida noma'lum uchar jismlar videosi e'lon qilindi

Pentagon o‘z saytida noma'lum uchar jismlar parvozi aks etgan videolarni e'lon qildi. Ma'lum qilinishicha, uchta videorolikning bittasi 2004 yilda tasvirga tushirilgan, qolgan ikkita video esa 2015 yil yanvarida olingan. Uchala video ham 2007 va 2017 yillarda internetda Pentagon ruxsatisiz tarqalgan, biroq AQSh harbiy dengiz kuchlari ham materiallarning haqiqiyligini tasdiqlagan.

«Teodor Ruzvelt» aviatashuvchisi bortidagi AQSh harbiy samolyotlari, 2018 yil
Michael Hogan / Navy Office of Information / AFP / Scanpix / LETA

AQSh Mudofaa vazirligi – Pentagon rasmiy saytida noma'lum uchar jismlar aks etgan video paydo bo‘ldi. 

Harbiy samolyotlardan olingan yozuvlardan uchar jism samolyotga ham, vertolyotga ham yoki boshqa uchuvchi apparatlarga ham o‘xshamasligi ko‘rinadi.

The New York Times nashri muxbiri AQSh harbiy dengiz kuchlarining bir necha uchuvchilari bilan bog‘lanib, ular havoda payqagan noma'lum uchar jism haqida gaplashdi. Nashrning yozishicha, «Havodagi xavflarni aniqlash dasturi» yopiq bo‘lsa-da, u haqda ba'zi ma'lumotlar aniq bo‘lgan.

Virjiniyadagi VFA-11 bo‘linmasi uchuvchilari 2014-15 yillarda Fors ko‘rfaziga uchishdan avval o‘tkazilgan tayyorgarlik parvozlari vaqtida noma'lum jismlarni payqagan. Uchuvchilar o‘z ismlarini oshkor qilmaslik sharti bilan ma'lumot bergan. Ulardan ikki nafari ismini aytgan: leytenant Rayan Greyvz hamda leytenant Denni Akkoyn.

Gazetaning yozishicha, F/A-18 Super Hornet qiruvchi samolyotlarida 1980 yilda ishlab chiqarilgan radarlar zamonaviylariga almashtirilgach, uchuvchilar noma'lum jismlarni aniqlagan. Leytenant Akkoynning aytishicha, u noma'lum uchuvchi jismni dastlab payqay olmagan.

Uchuvchilar avvaliga radar xato ishlayapti deb ham o‘ylashgan. Bir necha kun o‘tgach leytenant Akkoyn noma'lum jismni payqab, uning yo‘nalishini infraqizil spektr yordamida aniqlay oladi. Leytenant Greyvzning aytishicha, noma'lum jismlar har xil balandlikda uchgan. Ular ba'zan dengiz sathidan 9 kilometr balandlikkacha payqalgan. Ular goh sekin, goh baland uchgan. Hatto ovoz tezligida ham uchgan. Leytenantning aytishicha, jismlar 12 soatlab havoda turgan va bu vaqt davomida qayerdan energiya olganini harbiylar tushunishmagan: «U biz kutgandan 11 soat ko‘proq uchdi», degan Greyvz.

Uchuvchilar avvaliga bu «havo xavflarini aniqlash dasturi» doirasidagi uchuvchi jism deb o‘ylashgan, ammo 2014 yil samolyotlar noma'lum jism bilan to‘qnashib ketishiga bir baxya qolgach, bu fikrdan qaytishgan. Noma'lum jism samolyotga 30 metrgacha yaqin keladi. Shundan so‘ng hukumat yangi uchuvchisiz dronlarni u yerda sinamaslikka qaror qilgan. Uchuvchilarning aytishicha, Fors ko‘rfazida noma'lum jism qaytib ularning oldidan chiqmagan.

Bu jismlarning nima ekani aniq emas. Gazetaga intervyu bergan astrofizik Leon Golubning aytishicha, videodagi jismlar o‘zga sayyoraliklarga tegishli ekani haqiqatdan yiroq. Pentagon tarqalgan videolar haqida ma'lumot berib, ularning biri 2004 yil noyabrda, yana biri 2015 yil yanvarda yozib olinganini ma'lum qilgan. AQSh Mudofaa vazirligi videolar chindan harbiy dengiz kuchlari samolyotlarida suratga olinganini tasdiqlab, har xil gaplar tarqalishining oldini olish maqsadida videolarni e'lon qildi.

Mavzuga oid