16:27 / 01.05.2020
7794
Isroil banki AQShga 900 mln dollarga yaqin jarima to‘laydi

Dpa agentligining xabar berishicha, bank jarima to‘lashga hamda tergov bilan har tomonlama hamkorlik qilishga rozi bo‘lgani uchun kelgusidagi jinoiy ta'qibdan qutulishi mumkin.

Foto: Getty Images

Isroilning Hapoalim banki va uning Shveytsariyadagi Hapoalim Switzerland Ltd filiali FIFA amaldorlariga pora berish uchun foydalanilgan sxemada qatnashgani uchun AQSh moliya vazirligi, federal zaxira tizimi hamda Nyu-York moliyaviy xizmatlar boshqarmasiga 874 mln dollar jarima to‘laydi. 

Dpa agentligining xabar berishicha, bank jarima to‘lashga hamda tergov bilan har tomonlama hamkorlik qilishga rozi bo‘lgani uchun kelgusidagi jinoiy ta'qibdan qutulishi mumkin.

AQSh bosh prokuraturasining ma'lum qilishicha, Hapoalim va Hapoalim Switzerland Ltd banklari Isroil va Shveytsariyadagi 5500ta hisobraqamda 7,6 mlrd dollarni yashirishda aybdor deb topilgan.

Qayd etilishicha, banklar ularning ayrim xodimlari 2010 yildan 2015 yilgacha ofshorlar orqali qator mamlakatlardagi futbol amaldorlariga pora sifatida berilgan 20 mln dollarni yuvishga yordam bergan. 

Avvalroq AQSh FIFAning sobiq rahbarlariga qarshi ayblovlarni ilgari surdi. Ular jahon chempionatlari Rossiya va Qatarda o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlash uchun pora olganlikda gumon qilinmoqda. 

Top