18:18 / 03.05.2020
34509
Shavkat Mirziyoyev yana Sardobaga keldi, aholini yashash joylariga qisman qaytarish rejalashtirilmoqda

Sirdaryo viloyatidagi Sardoba suv ombori devorlarini mustahkamlash ishlari amalga oshirilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun ham omborni tiklash bo‘yicha bajarilayotgan ishlar bilan tanishdi.

«O‘zbekiston 24» xabariga ko‘ra, shu yerning o‘zida mutasaddilar toshqindan zarar ko‘rgan hududlarni tozalash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning borishi haqida davlat rahbariga axborot bergan.

«Prezidentimiz inshootni tezroq tiklash va aholi uchun yetarli shart-sharoit yaratishga qaratilgan qo‘shimcha topshiriqlar berdi», – deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, suv omborining toshqin sodir bo‘lgan qismida suv oqib chiqishi to‘xtagan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, Sirdaryo viloyatining suv toshgan hududlarida favqulodda holat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Bugun, 3 may kuni hodisa joyiga FVVning 400 nafar shaxsiy tarkib va 200ta maxsus texnikasi jalb etilgan.

«Ayni soatlarda maxsus texnikalar yordamida uy xo‘jaliklari va boshqa obektlarda to‘planib qolgan suvni chiqarish ishlari ketmoqda. Shu bilan birga, qutqaruv-qidiruv ishlari ham davom etmoqda.

Endilikda xavfsiz hududlarga ko‘chirilgan odamlarni toshqin oqibatlari bartaraf etib bo‘lingan joylarga qisman qaytarish masalasi ko‘rib chiqilmoqda», – deyiladi FVV xabarida.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top