14:34 / 06.05.2020
2827
Hukumat davriy bosma nashrlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qaror qabul qilishi kutilyapti

Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari muassisligidagi davriy bosma nashrlarni qo‘llab-quvvatlash va ular faoliyatini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinadi.

Foto: Fotolia / fragolerosse

Vazirlar Mahkamasining “Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari muassisligidagi davriy bosma nashrlarni qo‘llab-quvvatlash va ular faoliyatini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari o‘z muassisligidagi davriy bosma nashrlarning faoliyatini sifatli tashkil etish va ularni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratadi.

Ommaviy axborot vositalari, shu jumladan davlat hokimiyati va boshqaruv organlari muassisligidagi davriy bosma nashrlar 2020 yil 1 iyuldan boshlab davlat boji undirilmasdan ommaviy axborot vositasi sifatida davlat ro‘yxatidan va qayta ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari o‘z muassisligidagi davriy bosma nashrlar tahririyatlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ulardagi tahririyat xodimlarining mehnatiga haq to‘lashga doir quyidagi muhim vazifalarni amalga oshiradi:

a) o‘z binosiga ega bo‘lmagan davriy bosma nashrlar tahririyatlarini 2020 yil 1 noyabr kunidan boshlab uch yil muddatga, muassis balansidagi binolarga ijara to‘lovisiz yoki davlat ko‘chmas mulki obektlariga ijara to‘lovini ushbu ko‘chmas mulk obektlariga nisbatan eng kam ijara to‘lovi stavkasining 50 foizi miqdoridagi shartnoma asosida joylashtirish;

b) davriy bosma nashrlar tahririyatlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida moliyaviy yil yakunida taqsimlanadigan tahririyat sof foydasining muassisga tegishli qismini tahririyat hisobida qoldirish va ulardan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish;

v) Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmalaridan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan davriy bosma nashrlar tahririyatlari xodimlarining shtat jadvali bo‘yicha soni va ularning ish haqi miqdorlarini tasdiqlash va ushbu mehnatga haq to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashga mahalliy hokimiyat organlarining viloyat, tuman, shahar budjetidan tashqari jamg‘armalari hisobidan yetarli miqdorda mablag‘ ajratish;

 

g) o‘z muassisliklaridagi davriy bosma nashrlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular faoliyatini rivojlantirish, shu jumladan, jurnalist-kadrlar zaxirasini shakllantirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish.

“Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqishda quyidagilar ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilanadi:

2020 yil 1 sentyabrga qadar o‘z muassisligidagi davriy bosma nashrlarning elektron variantlarini ishlab chiqish va ishga tushirish;

ehtiyojmand va faol jurnalistlarni moliyaviy ahvolini yaxshilash bilan bog‘liq tadbirlarni amalga oshirish;

tahririyat xodimlarining ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish, ularni moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan davlat mukofotlariga tavsiya etish orqali rag‘batlantirib borish;

Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi, uning hududiy bo‘limlari bilan birgalikda oyda bir kun davlat muassasa va mahallalarda gazetxonlik kunlarini o‘tkazish;

davriy bosma nashrlarda davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlariga taqdim etgan hisobotlarini chop etishni yo‘lga qo‘yish;

xalq deputatlari tuman, shahar, viloyatlar Kengashlari tomonidan tegishincha tuman, shahar, viloyat ijroiya hokimiyati muassisligidagi davriy bosma nashrlar tahririyatlarining har yarim yillik yakunlari bo‘yicha o‘z faoliyati, bosma nashr sifat ko‘rsatkichlarining o‘sish sur'ati, yuzaga kelishi mumkin muammolar hamda istiqbolli rejalar to‘g‘risida hisobotini amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida eshitib borish.

Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari muassisligidagi davriy bosma nashrlarning veb-sayt shaklini yaratish va ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yishda axborot xavfsizligini ta'minlash maqsadida ularning serverlarini TAS-IX tarmog‘iga joylashtiradi.

O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda 2020 yil 1 noyabrdan davlat hokimiyati va boshqaruv organlari muassisligidagi davriy bosma nashrlarning bosh muharrirlari, ularning o‘rinbosarlari, mas'ul kotiblar va jurnalistlar malakasini oshirish, xususan gazeta va jurnallar elektron nashrini yuritishda zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni shakllantirish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etadi.

2021 yil 1 yanvardan shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra:

a) davlat hokimiyati va boshqaruv organlari muassisligidagi davriy bosma nashrlarning bosh muharrirlari ustuvor ravishda jurnalistika sohasida oliy ma'lumotga ega bo‘lgan shaxslar orasidan tayinlanadi;

b) tuman, shahar ijroiya hokimiyati, davlat boshqaruv organlarining hududiy bo‘linmalari muassisligidagi davriy bosma nashrlar bosh muharrirlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etishda tegishlicha yuqori turuvchi davlat hokimiyati va boshqaruv organining xulosasi hisobga olinadi.

Top