17:59 / 09.05.2020
25991
O‘zbekistonga ta'tilga kelgan 400 nafar talaba Koreyaga qaytolmayapti. Ular o‘qishdan chetlatilishi mumkin

Kun.uz tahririyatiga Koreya Respublikasidagi universitetlarning bakalavriat va magistratura bosqichlarida hamda universitetlar qoshidagi til kurslarida tahsil olayotgan, biroq aviqatnovlar tiklanmayotganligi sababli ushbu davlatga qayta olmayotgan bir guruh yoshlar murojaat qildi. Ularning aytishicha, 25 maygacha universitetlariga yetib borishmasa, o‘qishdan haydalishi va kontrakt pullariga kuyishlari mumkin.

Aziza Shukurova, Koreya milliy universiteti talabasi:

– Janubiy Koreyada uch yildan beri o‘qiyman. Koreya milliy universitetining xalqaro munosabatlar fakulteti 2-bosqich talabasiman. Qishki ta'tilda O‘zbekistonga kelgan edim. 18 martda O‘zbekiston havo yo‘llariga chiptam bor edi, aviaqatnovlar to‘xtatilgani tufayli 3 aprel sanasiga Asiana Airlines’ga chipta sotib oldim. Chipta puliga ham anchagina kuydik.

Har oy 400 dollardan, bir yil uchun esa 4800 dollar kontrakt puli to‘layman. Hozir bizda onlayn dars bo‘layotgan edi, ammo 2-3 kundan beri universitetdan tinmay xat yozishyapti. Agar may oxiri-iyun boshigacha kelmasangizlar, sizlarni o‘qishdan chetlashtiramiz, kontrakt puli qaytarilmaydi, deyishyapti. Bizda aviareyslar yo‘qligini tushuntirsam ham, ular qanday bo‘lmasin yetib kelinglar, deb xabar berishyapti.  

Sardorbek Ahmadullayev, Vusuk universiteti talabasi:

– Koreya Respublikasining Vusuk universitetida marketing yo‘nalishida o‘qiyman. 2017 yilda Koreyaga borib, u yerda 2 yil davomida til o‘rganib, bakalavriatning 1-bosqichiga o‘qishga kirdim. Birinchi semestrni tugatdim. Qishki ta'tilga uyga kelgandim, 22 mart kuni ketishim kerak edi. Yo‘llar yopilgani uchun keta olmay qolib ketdim.

Universitetdan qachon yetib kelasizlar, qachon aviaqatnov tiklanadi deb bizga har kuni xabar yozishadi. Biz nima deyishni bilmaymiz, chunki yo‘llar qachon ochilishi haqida ma'lumot yo‘q. Nima deyishni bilmasdan, mana oz qoldi, yaqinda karantin tugaydi deb aytib kelyapmiz.

13 maygacha bizga ruxsat berishdi, akademik ta'til olish uchun ro‘yxatdan o‘tinglar deyishyapti. Agar ro‘yxatdan o‘tmasak, vizamiz bekor bo‘ladi, D2 vizadamiz hozir. Akademik ta'til olmasak, qayta viza ololmas ekanmas. Akademik ta'til olsak, bir yilni yo‘qotamiz va kontrakt pullarimiz ham kuyadi.

O‘zim Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanidanman. Pandemiya tufayli bahorgi semestr darslarini onlayn shaklda o‘tib turibmiz. Bugun ham dars bo‘ldi. Hozir charter reyslar qo‘yilishi va o‘qishimizga tezroq yetib borishimiz – muammoning eng oqilona yechimi. Shunda o‘rnimizni saqlab qolib, tahsilni kelgan joyidan davom ettirishimiz mumkin bo‘ladi.

Koreyaga viza olish ham juda qiyin. Katta pul to‘laysiz, kontrakt to‘laysiz. 2017 yilda vizaga topshirganimizda juda qiynalganmiz. Bizga o‘xshagan yoshlar ko‘p. Viza bekor bo‘lmasdan avval charter reys yoki boshqa ilojini qilib berishsa, juda ham xursand bo‘lardik.

Ibrohim Ahmadjonov, Vusuk unversiteti talabasi:

– Men Namangan viloyati Chust tumanidanman. Sardorbek bilan birga Vusuk universitetida o‘qiyman. 2018 yilda Koreya Respublikasiga borib, u yerda til kurslarini o‘tib, hozirda bakalavr 1-bosqich talabasiman. Menga ham har kuni xabar kelyapti, qachon kelishimni so‘rashyapti. Reyslar yo‘qligi uchun keta olmay turibmiz.

Boshqa tengdoshlarim singari qishki ta'tilda uyga kelganman, shu bilan qolib ketdim. Chegaralar ochilishi bizlarga bog‘liq emas. Bu davlat miqyosida hal qilinadigan masala. Shu sharoitda ham universitet bizdan Koreyaga yetib kelishni talab qilyapti. Chunki u yerda masofani saqlagan holda o‘qishlar boshlanishi arafasida.

15-18 maydan keyin oraliq test imtihonlari bo‘ladi. Shularga iloji boricha yetib kelinglar deyishyapti. Agar bora olmasak, baholarimizda muammo bo‘ladi. Buning ustiga, kontraktlar ham oshib ketadi. Agar hozir borib, o‘rnimizni saqlab qolsak, juda yaxshi ish bo‘lardi. Bir semestr, ya'ni olti oyga 1300 dollar kontrakt to‘laymiz. Agar baholarimizda muammo bo‘lsa, bizniki 100 foiz bo‘lib, 3 ming dollarga ko‘tarilib ketadi. Oraliq nazoratga bora olmasak, professorlar “darsda qatnashmadi” deb belgilaydi va kontrakt yana ko‘tarilib ketadi. Vizaga ham buning ta'siri bo‘ladi. Shuning uchun ham may oyida yetib borishimizni so‘rashyapti, ularga nima deb javob qaytarishni bilmayapmiz.

Zafarbek Isroilov, Kvangvun universiteti:

– Quva tumanidanman. Bizda aholi asosan eksport bilan shug‘ullanadi. Meva eksporti – gilos, olma, anor. Shu munosabat bilan Janubiy Koreyaning nufuzli universitetlaridan biriga xalqaro savdo fakultetiga o‘qishga kirmoqchiman. Ya'ni eksportda Koreya tajribasini o‘rganib qaytish niyatidaman.

Hozir universitet qoshidagi til o‘rganish kursida o‘qiyapman. Shundan keyin bakalavriat bosqichida tahsil ola boshlayman. Vizamiz 25 fevralda chiqqan edi. 1 martdan buyon aviaqatnovlar yo‘q, chegaralar 16 martdan yopib qo‘yildi. 25 mayga qadar vizamni yangilash uchun vaqtim bor. 25 maygacha o‘qishga yetib bora olmasam, meni chetlashtirishadi va qayta o‘qishga qabul qilishmaydi.

O‘qishim 2 apreldan beri onlayn tarzda o‘tkazilmoqda. 9 maydan boshlab Koreyadagi universitetlarda oraliq masofani saqlagan holda dars o‘tiladigan bo‘lyapti. Agar onlayn ta'lim olmoqchi bo‘lsak, Koreyada bo‘lishimiz shart. Aytaylik, men bahorgi semestrni onlayn o‘qidim, lekin viza muddatim o‘tib ketdi, Koreyaga bor olmadim. Kuzda boshlanadigan keyingi semestrgacha viza ololmasam, 6 ming dollar to‘langan kontraktning bahorgi semestr uchun 3 ming dollari saqlab qolinadi, 3 ming dollari qaytarib beriladi. Keyinchalik viza olish muammo, shuning uchun onlayn dars bizga katta muammo bo‘lyapti.

Bundan tashqari, internet tezligi va sifati masalasi ham bor. Koreyada o‘qiydigan, ta'tilga O‘zbekistonga kelgan talabalarning aksariyati chekka hududlarda yashashadi. U yerda internet sifati yaxshimas, onlayn dars olishda ham muammolar ko‘p. Onlayn dars olsam-u, may oxiriga qadar bora olmasam, 3 ming dollar pulimni yo‘qotaman. Bahorgi semestr uchun o‘tkazgan kontrakt pulimga kuyaman.

Yuzaga kelgan murakkab vaziyat to‘g‘risida O‘zbekistondagi vakolatli idoralar, jumladan, Tashqi ishlar vazirligi, Transport vazirligi, Prezident portaliga murojaat qildik. Afsuski, qoniqarli javob olmadik.

18 martda Farg‘ona viloyatidagi Yoshlar ittifoqi markaziga borganman. Karantin sababli xodimlar yo‘q ekan. O‘sha yerdagi bir xodim Tashqi ishlar vazirligiga telefon qilishni maslahat berdi. TIVga qo‘ng‘iroq qilganimda, chet elda bo‘lsangiz, yordam bera olamiz xolos, degan javob oldik.

O‘zbekistondagi Koreya elchixonasi 20 aprelda pandemiya tufayli O‘zbekistondan Koreya hududiga chiqib keta olmagan talabalar, ishchilarning vizasini qayta ko‘rib chiqish masalasida bayonot berdi. Bayonotda qayta viza olishning yuz foiz aniqligi ko‘rsatilmagan. Elchixona xodimlari bilan muloqot qilsak, ular bizga yaxshi muomala qilishmayapti.  

Misol uchun, bugun (suhbat 8 may kuni yozib olingan – tahr.) Koreya elchixonasiga 12 marta telefon qildim. Viza masalasini tanlasangiz, gudok ketib o‘chib qolyapti. Boshqa masala bo‘yicha chaqirib, iltimos, meni ulab bering, deb savol bersam, saytda ma'lumot ko‘rsatilgan, shundan ko‘rib oling, deb telefonni qo‘yib qo‘yadi. Men saytda ko‘rsatilganiga tushunmayapman, to‘liq ma'lumot berilmagan. Prezident qabulxonasiga onlayn murojaat qilganmiz. Prezident administratsiyasi – 1000 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, murojaat qoldirgan edim, murojaatimni Transport vazirligiga taqdim etishgan. Vazirlikda esa telefonni ko‘tarishmayapti.

Aziza Shukurova:

– D2, D4 vizasi bor o‘zbekistonlik yoshlar pandemiya tufayli O‘zbekistondan Koreyaga bora olishmayapti. Hukumatdan biz uchun charter reys qo‘yib berishlarini iltimos qilamiz. Chet elda bilim olib, O‘zbekistonga qaytib kelishni va o‘rganganlarimizni boshqalarga ham o‘rgatishni niyat qilganmiz. Iltimos, o‘qishdan haydalishimizga, bir necha yillik mehnatimiz havoga sovurilishiga yo‘l qo‘ymang!

Sardorbek Ahmadullayev:

– Hukumatimizga murojaat qilmoqchimiz. Koreya Respublikasiga o‘qishga kirgan 400 nafardan ortiq talabalar nomidan gapirmoqchiman. Hozirgi vaziyatdan kelib chiqib, bizni ham to‘g‘ri tushungan holda yordam ko‘rsatishingizni so‘rab qolamiz. Bizga yordam qo‘lini cho‘zadiganlardan, murojaatimizni bee'tibor qoldirmaydiganlardan juda ham minnatdor bo‘lamiz.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top