16:01 / 11.05.2020
26711
1 iyuldan O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar tiklanishi mumkin

Turkiya «Sog‘lom turizm sertifikati» dasturi asosida turizmni tiklash choralarini ko‘ra boshladi. Shu asosda 1 iyuldan boshlab O‘zbekiston bilan muntazam aviaqatnovlar qayta yo‘lga qo‘yilishi mumkin.

Foto: KUN.UZ

Turkiya «Sog‘lom turizm sertifikati» dasturini ishga tushirmoqda. 2020 yil yoz mavsumidan amal qilishni boshlaydigan dastur – turizm sohasi vakillari va mamlakatga keladigan mehmonlarning salomatligini asrash, ularni tashish, yashash sharoitlari xavfsizligi bo‘yicha keng ko‘lamdagi choralarni o‘z ichiga oladi.

Xalqaro sertifikatlash idoralari tomonidan beriladigan ushbu sertifikat aviakompaniyalar, aeroportlar va boshqa transport obektlari, turar joy sektori va jamoat ovqatlanish tashkilotlarida sog‘liqni saqlash, mehnat gigiyenasi bo‘yicha yuqori talablarning bajarilishini tasdiqlaydi.

«COVID-19 pandemiyasi vaqtida sog‘liqni saqlash tizimi va qo‘llagan davolash uslublari tufayli Turkiya butun dunyoga o‘rnak bo‘ldi. Mazkur sertifikatlash dasturini ishga tushirish, faoliyatini me'yorlashtirish orqali Turkiya turizm sohasida ham yetakchilik qilishni davom ettirish niyatida», – deydi Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy.

Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi matbuot maslahatchisi Dovud Gazi Benli dastur yuzasidan Kun.uz`ga qo‘shimcha ma'lumot berdi.

«Xudo xohlasa, 1 iyuldan boshlab O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar tiklanadi va o‘zbekistonliklar turizm, savdo yoki boshqa maqsadlarda Turkiyaga tashrif buyurishlari mumkin bo‘ladi.

Turizm sohasi tiklanayotgan bo‘lsa-da, barcha mehmonxonalar ham ochilmaydi. Faqat yuqorida ta'kidlangan sertifikatga ega sub'yektlargina faoliyat ko‘rsatishiga ruxsat beriladi», – dedi Dovud Gazi Benli.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 15 mart kuni koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlanishi ortidan, 16 martdan boshlab chegaralar yopila boshlagan edi. 30 martdan e'tiboran barcha aeroportlar yopilib, aviaqatnovlar butunlay to‘xtatildi.

Uzbekistan Airways aviakompaniyasi 30 iyungacha bo‘lgan muddatdagi parvozlar uchun chipta sotishni to‘xtatgan.

Turkiyada SARS-CoV-2 koronavirusini yuqtirib olganlar soni 140 mingga yaqinlashmoqda. 92 mingdan ortiq kishi tuzalgan, qurbonlar 3700dan ortiqni tashkil etmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top