08:55 / 11.05.2020
19783
«Captiva» va traktor to‘qnashuvi oqibatida voyaga yetmagan bola olamdan ko‘z yumdi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Foto: Tergov departamenti

2020 yil 3 may kuni soat 16:30da Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani Arslonboyli mahallasi hududidan o‘tuvchi 4K-596 avtomobil yo‘lining 4-kilometrida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, 73 yoshli fuqaro B.Sh. “Captiva” rusumli avtoulovi bilan harakatlanib kelayotganida boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi tomondan kelayotgan 34 yoshli fuqaro A.J.ning boshqaruvidagi “T-28” rusumli traktor yo‘liga chiqib ketib, yo‘l transport hodisasini sodir etgan.

Oqibatda "T-28” rusumli traktor yo‘lovchisi, voyaga yetmagan, 7-sinf o‘quvchisi 13 yoshli Sh.J. tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan va ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan Sh.J. 7 may kuni shifoxonada vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (odam o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Top