Karantinda o‘qituvchilar qanday ishlayapti? Maktab muallimlari bilan suhbat
Pandemiya davrida umumta'lim darslar teleko‘rsatuvlar shaklida o‘quvchilarga havola etilmoqda. Bundan tashqari, bolalarning darslarni o‘zlashtirishini nazorat qilish, uy vazifalarini muntazam bajarish o‘qituvchilarning zimmasiga yuklatilgan. Ular buni qanday uddalayapti?
Kun.uz bilan bog‘langan Andijon viloyati Andijon shahri 13-ixtisoslashgan davlat umumta'lim o‘qituvchisi Iskandar Sattiboyev hamda Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani 65-ixtisoslashgan davlat umumta'lim maktabi internati o‘qituvchisi Isroil Tillaboyev masofadan dars o‘tish tajribasi haqida fikrini bildirdi.
Iskandar Sattibayev:
– Birinchi navbatda, mana 15 martda respublikamizda birinchi koronavirus kasalligi qayd etilgan edi. Aprel oyi boshida boshlanishi kerak bo‘lgan 4-chorak boshlanmay qoldi va biz mana shu o‘n kunlik ta'til ichida darslarimizni onlayn ta'limga o‘tkazish chora-tadbirlarini boshladik.
Hozirda Andijon viloyat xalq ta'limi vazirligining asosiy platformasi Telegram messenjeri bo‘lib turibdi. Mavjud bo‘lgan sinflarning har biri o‘zining nomi bilan bitta Telegram guruh ochgan. Mana shu guruh ichida ushbu sinfga aloqador bo‘lgan ota-onalar, o‘quvchilar va o‘qituvchilar – hammasi shu bitta guruhda to‘planishgan. Misol uchun, bitta 7-“A” sinfni oladigan bo‘lsak, bunda 70 tadan 80 nafargacha a'zo bor. Ota-onalar, o‘quvchilar va o‘qituvchilar. Qolaversa har bir guruhga rahbar xodimlar – sinf rahbarlari, direktor o‘rinbosarlari biriktirilgan.
Mana har kungi respublika miqyosida bo‘yicha televizor orqali berib borilayotgan teledarslarning jadvali avvaldan e'lon qilinyapti. Misol uchun 9-sinflar uchun o‘zbek tilidagi ingliz tili darsi 9:15 yoki 9:30 atrofida qo‘yilyapti. 7-sinflar uchun soat 13:00 bilan 14:00 orasida oralig‘ida namoyish etilmoqda. Misol uchun, men ingliz tili o‘qituvchisi bo‘lganim uchun ertangi jadvalni ko‘rib olaman va o‘sha vaqtda men ham o‘sha kanalga ulanib turaman. Bu onlayn darslar respublika miqyosida hamma joyga tarqatiladi. Shu kungi darsning umumiy mavzusi e'lon qilinadi. Bu yerda o‘qituvchi o‘zining tushunchasi bo‘yicha asosiy tushunchalarni va keyingi kun uchun topshiriqlarni beradi. Bu dars tugagandan keyin, men kompyuter orqali ko‘rsatuvlarni qayta ko‘ryapman va har bitta kerakli joylarini “Screenshot” qilib boraman. “Screenshot” yordamida slayd tayyorlayman va televizor orqali tarqatilgan ma'lumotlarni qo‘shimcha tushuntirishlari bilan, izohlari bilan yoki ba'zida “youtube”dan kerakli videolarni ko‘chirib olib, ma'lumotlarni yanada to‘ldirib, shartli ravishda aytadigan bo‘lsak, 7-“A” sinfning guruhiga tashlayman.
Endi ushbu guruhda Iskandar Sattiboyevdan onlayn dars keldi, degan xabar boradi va ushbu xabarning tagidan men yo izohli, yo matnli topshiriq qoldiraman. Shu bilan birga ovozli xabar ham qoldiraman va qachon, qaysi vaqtgacha qabul qilib olishimni ham aytib o‘taman. Masalan, dars bugun 10:00 da bo‘lgan bo‘lsa, ertaga 17:00 gacha topshirishingiz kerak, deb aytib qo‘yaman. Men topshiriqlarni ko‘rib chiqib, topshirgan o‘quvchilarni baholab, ushbu o‘quvchilarning ro‘yxatini kechki payt e'lon ham qilaman.
Masalan, hozir Ramazon oyi bo‘lganligi uchun odatda e'lon qiladigan vaqtimiz iftorlikka to‘g‘ri kelib qolyapti. Shuning uchun undan keyin soat 20:00 da guruhning ichiga kirib, bugun qatnashgan o‘quvchilarning ism-familiyasi, olgan bahosi va nima sababdan ushbu baho qo‘yildi, ya'ni “4”mi, “5”mi, “3”mi, shu bahosini isbotlab beryapmiz. Hozirgi kunda ishlayotgan sxemamiz shu.
Alisher Ro‘zioxunov:
– Isroil aka, siz bilishim bo‘yicha matematika fanidan dars berasiz. Lekin shunga qaramasdan, bir paytning o‘zida ishni tashkil etishda farqlar bo‘lishi mumkin.
Isroil Tillaboyev:
– Iskandar bor jarayonni aytib o‘tdi. Hozir bizda ham shu jarayon ketyapti. Bizda ham, misol uchun, hamma sinfga bo‘lib berilgan. Topshiriqlarni bir kun oldin yoki ertalab aytamiz. Deylik, uchta yoki to‘rtta fan navbati bilan 5–7 minut berib borilyapti. Mana shu jarayonda o‘quvchi bir soat ichida hamma darsning videosini ko‘rib olyapti televizorda. Ushbu jarayonda o‘qituvchilar ham TV qarshisida o‘tiribdi. Lekin video aloqa orqali hali bizga biroz bor ekan. Shuning uchun faqat matematika darsini oladigan bo‘lsam, daftarga yozib, daftardagini rasmga olib, o‘zimning Telegramdagi akkauntimga jo‘natyapti. O‘shani tekshiryapmiz. Guruhga emas, Iskandar aka aytganidan farqi umumiy jarayonlar guruhda bo‘ladi, keyin, asosan, shaxsiydan o‘quvchilar bilan suhbat olib borilyapti.
– Judayam ko‘p o‘quvchilar bo‘ladi. Misol uchun, kamida o‘ndan ortiq o‘quvchi bo‘ladi va gapiradi, tushuntiradi, yozadi. Ham varaqdagi narsani yozib, tushuntirib va uni qaytadan suratga olib, jo‘natish qiyinchilik tug‘dirmayaptimi?
– Endi matematikada men boshqa yo‘lni bilmadim. Lekin matematikada misolni yechadi, ishlaydi. Tushungan tushunmaganligini shundan bilsa bo‘ladi. Siz aytgandek ko‘plab o‘quvchilar bo‘lib ketish jarayoni bo‘ladi. Lekin buning ham hisobi olinadi. Har bir o‘qituvchining qo‘lida vaqtinchalik jurnal bor. Unga vazifani yuborgan o‘quvchiga vaqtida baho qo‘yiladi va o‘sha o‘quvchiga ham o‘sha baho aytib o‘tib ketiladi. Shunda o‘zi bilinadi. Kechga tomon, men endi aniq vaqtini aytmaganman, qishloq joyda imkoniyati bo‘lgani zahoti jo‘natib yuboraveradi. Kechgacha qabul qilaveraman. Meniki, misol uchun, aynan mana shunday ketmoqda. Chunki ma'lum bir vaqtni aytsam, hammani bir joyga to‘plash qiyin deb o‘yladim. Shu yo‘lni tanladim men.
Suhbat davomida o‘qituvchilar internet va aloqa sifati, masofadan turib ishlaganda talab etiladigan hujjatlar, karantinda o‘rganilgan tajriba haqida gapirib o‘tishdi. Intervyuni Youtube orqali to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.
Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi
Mavzuga oid
15:21 / 19.12.2024
Xitoyda o‘g‘lining uy vazifalariga yordamlashayotgan ota infarktga chalindi
16:56 / 13.12.2024
Andijonda hokim o‘quvchilarni armiyaga yubordi, IIB boshlig‘i “qizil toifa”ga ajratdi. Bu to‘g‘rimi? - mutaxassislar bilan suhbat
09:30 / 04.12.2024
Dunyodagi eng qimmat 10 ta maktab-internat: ularda yillik o‘qish narxi 100 ming dollardan oshadi
14:33 / 21.11.2024