13:10 / 14.05.2020
1275
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi: Erkin iqtisodiy zonalar uchun alohida agentlik tashkil etish lozim
Foto: Milliy tiklanish

Ayni paytda jahon ommaviy axborot vositalarida koronavirus pandemiyasi oqibatlarini bartaraf etish, ayniqsa, ishlab chiqarish jarayonlarini barqarorlashtirish bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri ekaniga alohida e'tibor qaratilyapti.

Mamlakat prezidenti ham milliy iqtisodiyotimizni rivojlantirish, mulk shaklidan qat'i nazar, ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, xususiy sektorning mustahkam oyoqqa turib olishi uchun imtiyozli kreditlar, qo‘shimcha preferensiyalar ajratish lozimligini qayta-qayta ta'kidlamoqda. Bu jarayonda xorijiy ishbilarmonlarni qo‘llab-quvvatlashga ham hukumatimiz tomonidan birlamchi e'tibor qaratilayotir. Shuni qayd etish lozimki, pandemiyadan keyin milliy iqtisodiyotimizni jonlantirishda erkin iqtisodiy zona(EIZ)larning ahamiyati beqiyos.

Kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida bo‘lib, EIZlar uchun alohida agentlik tashkil etish lozim, degan fikrni bildirdi.

– “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida Markaziy Osiyoda raqobatchisi bo‘lmagan uchta yirik korxona – “Sofitel”, “EcoClimat” va “Minyuan Silu Industry” qo‘shma korxonalari faoliyati bilan tanishib, ular faoliyatini rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan muammolarni atroflicha o‘rgandik, – deydi A.Qodirov. – Ma'lum bo‘lishicha, “Minyuan Silu Industry” gaz ta'minotidagi tartibsizlik va elektr uzilishlari natijasida uch kunda 600 ming dollar miqdorida zarar ko‘rgan. Gaz bosimining aholi uchun odatiydek tuyulgan pasayishi esa mahsulot sifatiga keskin ta'sir qilgan. Korxona tashkil etilibdiki, jamoa ushbu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha quruq va'dalar eshitadi, xolos.

“EcoClimat” steklovata ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona. Uning mahsulotiga ham talab juda yuqori. Ma'lumki, amaldagi qonunchilikka muvofiq, energiya ishlab chiqaruvchilar energiyani korxona “ostonasiga”cha keltirib berishlari shartligi belgilangan. Ammo ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun zarur bo‘lgan yuqori voltli elektr ta'minoti kabelini tortish masalasi bir yildan beri hal etilmayapti.

“Sofitel” qo‘shma korxonasi esa noyob mahsulot ishlab chiqarishi bilan xaridor e'tiboriga tushgan. Biroq Davlat standartlashtirish markazi tomonidan muvofiqlik sertifikati berilmagani uchun korxona o‘z mahsulotini ta'sischisi – xitoylik firmaga o‘z tannarxida sotishga majbur bo‘layapti. Chunki sertifikat bo‘lmagani uchun ushbu korxona o‘z mahsulotini ta'sischidan boshqa biron-bir tashkilotga sotolmaydi.

Xullas, erkin iqtisodiy zonalar faoliyati bilan bog‘liq muammolar bilan tizimli tarzda shug‘ullanadigan alohida idora tashkil etishni bugungi real vaziyat taqozo etmoqda. Bunday muhim masalani ikkilamchi darajali masalaga aylantirish esa hozirning o‘zidayoq qimmatga tushayapti.

Ma'lumotlarga qaraganda, “Minyuan Silu Industry” xorijiy korxonasiga “Oyna mahsulotlarini ishlab chiqarish” loyihasi uchun 53,1 mln. AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritilgach, 272 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. 2018 yilning birinchi choragida “Bezakli oyna ishlab chiqarish” liniyasi ishga tushirilishi natijasida 200ta ish o‘rni ochilgan. 2019 yilning iyun oyida bu yerda 24,2 mln. AQSh dollarlik “Float oyna ishlab chiqarish” liniyasi ishga tushirilgan va 72ta ish o‘rni yaratilgan.

Bir qarashda korxona barqaror faoliyat yuritayotgandek. Ammo yuqorida ta'kidlanganidek, 2019 yilning 23-26 avgust kunlari bu yerda tabiiy gaz bosimi keskin pasayib ketishi natijasida 600 ming AQSh dollarilik, joriy yil aprel oyida yuz bergan elektr energiyasidagi uzilishlar tufayli esa 250 ming AQSh dollarlik mahsulot yaroqsiz holga kelgan.

“EcoClimat ” MChJ ham “zona”ning yetakchi korxonalaridan. Bu yerga “Issiqlik o‘tkazmaydigan materiallar ishlab chiqarish” (steklovata) loyihasini amalga oshirish uchun 7,54 mln. AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritilgan. Shundan 2,56 mln. AQSh dollari o‘z mablag‘i hisobidan, 4,98 mln. AQSh dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya shaklida kiritilgan. 2016 yilning ikkinchi choragida ishga tushirilgan korxonada 192 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Ammo joriy yilning aprel oyida elektr energiyasida uzilishlar tufayli korxona qariyb 300 mln. so‘mlik moddiy zarar ko‘rdi.

“Sofitel” MChJ qo‘shma korxonasiga “Ultramarin pigmentini ishlab chiqarish” loyihasini amalga oshirish uchun 10,06 mln. AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritilgan.

Ushbu korxonaning ro‘yxatdan o‘tishidan tortib, ish boshlashigacha qanchadan qancha fidoyi insonlar faollik ko‘rsatishdi. Hukumat tomonidan esa barcha sharoitlar yaratib berildi. Biroq shu kungacha korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan ultramarin pigmentiga muvofiqlik seritifikati berilishi masalasi “O‘zstandart” Davlat agentligi tomonidan paysalga solib kelinmoqda.

“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasining qatnashchi korxonalari faoliyati tahlillari muhandislik kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta'minlanishida ham bir qator muammolar mavjudligini ko‘rsatyapti.

Bu esa partiya rahbari Alisher Qodirov ta'kidlaganidek, eng avvalo korxonalarning ishlab chiqarish hajmi va mahsuloti sifatiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda. Bundan ham yomoni investorlarning haqli e'tirozlariga sabab bo‘lyapti.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi matbuot xizmati

Top