22:49 / 14.05.2020
1492
Tramp Huawei’ga qarshi kiritilgan sanksiyalarni bir yilga uzaytirdi

AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh kompaniyalariga mamlakat milliy xavfsizligiga xavf soluvchi telekommunikatsiya kompaniyalari bilan hamkorlik qilishni taqiqlovchi farmon amal qilishini 2021 yil may oyigacha uzaytirdi. 

Foto: REUTERS

The Verge nashrining xabar berishicha, Trampning farmonida qaysi kompaniyalar bilan hamkorlik qilish taqiqlanishi ko‘rsatilmagan, biroq gap birinchi navbatda Xitoyning sanksiyalar ostiga tushgan ZTE va Huawei kompaniyalari haqida bormoqda. Jumladan, ushbu kompaniyalar AQShda o‘z qurilmalarini sota olmaydi va AQSh kompaniyalari bilan ish olib borolmaydi.  

2019 yil mayida AQSh savdo vazirligi Huawei’ni va u bilan bog‘liq 70 ta kompaniyani AQSh hukumati ruxsatisiz AQSh kompaniyalaridan qurilma va texnologiyalar olishi taqiqlangan kompaniyalar ro‘yxatiga kiritgan. Shu sababli Huawei bilan Google, Qualcomm, Intel, Broadcom va Xilinx kabi kompaniyalar hamkorlik qilishni to‘xtatgandi.

Bir necha kundan keyin AQSh savdo vazirligi Huawei’ga 3 oylik vaqtinchalik litsenziya bergan. Bu litsenziya Xitoy kompaniyasiga AQSh ishlab chiqaruvchilaridan qurilma sotib olish, smartfonlaridagi dasturlarni yangilash va o‘z telekommunikatsiya qurilmalari ishlashini ta'minlash imkonini bergan. AQSh hukumati shu kungacha ushbu litsenziyaning amal qilishini uzaytirib kelgan, biroq litsenziyaning muddati 15 may kuni tugaydi va uning navbatdagi uzaytirilishi haqida hozircha hech narsa ma'lum emas. 

Top