08:08 / 15.05.2020
6124
2,5 kilometrga teng ichimlik suvi quvurlarini o‘g‘irlagan shaxslar ushlandi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdordagi o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Foto: Tergov departamenti

Joriy yilning 9 fevral kunidan 14 fevral kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida noma'lum shaxslar, Navoiy kon metallurgiya kombinati Tashqi suv ta'minoti boshqarmasi hisobidagi “Karakata" nasos stansiyasiga qarashli temir suv quvurlarining Konimex tumani “Karakata” ovul hududidan o‘tgan qismidan 2 457 metr bo‘lgan temir suv quvurlarini yerning ustki qatlamiga chiqib ochilib qolgan joylaridan kesib olgan.

IIV huzuridagi Tergov departamenti axborot xizmati xabariga ko‘ra, ular suv quvurlarini yashirin ravishda talon-taroj qilib, kombinatga jami bo‘lib 196 959 116 so‘mlik moddiy zarar yetkazgan.

Holat yuzasidan Konimex tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdordagi o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari davomida mazkur jinoyat muqaddam sudlangan 33 yoshli Sh.O., 34 yoshli F.K. va B.R. tomonidan sodir etilganligi aniqlangan. 

Jinoyat ishi bo‘yicha Sh.O., F.K. va B.R.ga tegishli modda bilan ayb e'lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Top