15:35 / 16.05.2020
5061
Pentagon Afg‘onistondan harbiylar o‘z muddatida chiqarilishini ma'lum qildi

Afg‘onistonda xorijlik harbiylar miqdorining kamayish jarayoni davom etmoqda va belgilangan muddatda yakunlanadi. Bu haqda Pentagon rasmiy vakili Jonatan Hoffman xabar berdi.

Foto: EPA-EFE/JALIL REZAYEE

«Harbiylar sonining kamayishi davom etmoqda. Biz jarayon «Tolibon» bilan kelishgan holda belgilangan muddatda yakunlanishini kutmoqdamiz», – deb Hoffmanning so‘zlarini keltirgan TASS. AQSh mudofaa vazirligi rasmiy vakili harbiylarning qanchasi olib chiqilganiga aniqlik kiritmadi.

29 fevral kuni Dohada AQSh va «Tolibon» radikal harakati o‘rtasida tinchlik kelishuvi imzolangan edi. Bitimga ko‘ra, AQSh va uning itifoqchilari 14 oy ichida Afg‘onistondan harbiylarini olib chiqib ketishi kerak.

Bundan tashqari, Vashington may oyiga qadar toliblarni BMT sanksiya ro‘yxatidan chiqarilishiga ko‘mak berishga, avgust oyigacha esa ularga nisbatan o‘z sanksiyalarini bekor qilishga va'da bergan.

Top