09:17 / 17.05.2020
4194
Sirdaryodagi uch tumanda 10 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilishi mo‘ljallangan – Vazir o‘rinbosari

Yangi qurilayotgan massivlarda, viloyatning uchta tumanida yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha 2,2 trillion so‘mlik 323ta yangi loyihalar shakllantirildi. Bu haqda Xalqaro press klubning Sardobadagi halokatga bag‘ishlangan sessiyasida Investitsiya va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Aziz Voitov ma'lum qildi.

Foto: Xalqaro press-klub

«Prezidentimiz tomonidan Sardoba suv omborida sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatning birinchi kunidayoq yetkazilgan zararni qoplash barobarida yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha topshiriq berildi. Bu bo‘yicha ishchi guruh 11ta tijorat banklari, vazirliklar, tarmoqlar bilan birgalikda 2ta yo‘nalishda ishlandi.

Birinchisi, talafot yetgan tadbirkorlarning zararlarini qoplash, ularga yengillik yaratish, ya'ni tadbirkorlarimiz kredit olgan bo‘lsa, kreditlari muddatini uzaytirib berish, qandaydir imtiyozlar berish bo‘yicha ishlandi.

Ikkinchi yo‘nalish bu – yangi qurilayotgan massivlarda, viloyatning uchta tumanida yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha 2,2 trillion so‘mlik 323ta yangi loyihalar shakllantirildi. Loyihalar ishga tushishi natijasida 10 mingga yaqin yangi ishchi o‘rinlari yaratilishi mo‘ljallangan. Bu bo‘yicha ham 2ta yo‘nalishda ishladik.

Birinchisi, 22ta yirik loyihalar. Bu loyihalar hozirda qurilayotgan 3ta massivlarning yonida joylashgan bo‘ladi. Mazkur loyihalar tijorat banklari boshqaruv raislari tomonidan shaxsan nazoratga olinib, tadbirkorlar bilan birgalikda loyihalar ishlab chiqilib, hokimiyatlar, mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan ishlandi. Qulayligi – korxonalar aholi yashaydigan massivlarga yaqin bo‘ladi, aholidan kelib chiqib, ishlashga imkoni, xohishi bo‘lgan har bir odam u yerda o‘z ish o‘rnini topa oladi. Jumladan, tikuv-trikotaj fabrikalarini oladigan bo‘lsak, har bir massivda 300-500 o‘rinlik fabrikalar ayollar uchun mo‘ljallangan. Erkak fuqarolar uchun u yerda issiqxonalar, bog‘lar, sanoat korxonalari barpo etilmoqda.

Bundan tashqari, prezidentimiz aytganlaridek tomorqalar saqlanib qolinyapti. Bu tomorqalarda tadbirkorlar bilan birgalikda kooperatsiya usulida uy xo‘jaliklarini tashkil qilish ham rejalashtirilgan», deya Aziz Voitovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Sessiyada qayd etilishicha, barcha loyihalar joriy yilning sentabr oyida ishga tushirilishi ta'minlanadi.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top