22:26 / 20.05.2020
13384
Toshkentda Bolalar milliy tibbiyot markazi foydalanishga topshirildi

Toshkentning Yashnobod tumanida Bolalar milliy tibbiyot markazi barpo etildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 may kuni ushbu muassasani borib ko‘rdi.

Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, qiymati 130 million dollardan ziyod bo‘lgan mazkur markaz Koreya Respublikasi ko‘magida, «Baum» korporatsiyasi loyihasi asosida barpo etildi.

«Bu – yuqori texnologiyalar asosida xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan Markaziy Osiyoda yagona ushbu turdagi bolalar tibbiyot muassasasidir. Bu yerda yiliga 1,5 mingdan ziyod noyob jarrohlik amaliyotlarini bajarish imkoniyati mavjud», – deyiladi xabarda.

Ma'lum qilinishicha, to‘rt qavatli davolash korpusi 280ta o‘ringa ega. Poliklinikada kuniga 250 nafargacha bemor qabul qilinadi.

Markaz magnit rezonans tomografi, multispiral kompyuter tomografi, DNK analizatori hamda onkologik kasalliklarni bir necha yil oldin aniqlaydigan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Bu yerda faoliyat yuritish uchun 100dan ortiq vrach va hamshiralar Janubiy Koreyada malaka oshirib qaytdi.

Jarrohlik amaliyoti uskunalariga maxsus kamera o‘rnatilgan bo‘lib, boshqa shifoxonalar va oliy ta'lim muassasalari operatsiyalarni onlayn tarzda ko‘rib turishi mumkin. Zamonaviy texnologiyalar orqali masofaviy tibbiy ko‘riklar hamda konsiliumlar tashkil etiladi, davolashning ta'sirchan usullari muhokama qilinadi.

«Bu markaz – milliy boyligimiz. Bu yerda bolalarni malakali davolash bilan birga zamonaviy telemeditsina texnologiyalari asosida mamlakatimiz hududlarida ham yuqori sifatli tibbiy xizmatlarni tashkillashtirish kerak», – dedi Prezident.

Bolalar meditsinasi yo‘nalishida innovatsion izlanishlar olib borish, xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda murakkab jarrohlik amaliyotlari va yuqori texnologik muolajalarni tashkil etish, tibbiyot mutaxassislari malakasini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Davlat rahbari klinikada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Situatsion markazda bo‘lib, viloyatlardagi va Janubiy Koreyaning Pusan universitetidagi mutaxassislar bilan muloqot qildi.

Ushbu markaz yonida kattalar uchun ham zamonaviy klinika hamda oliy o‘quv yurti tashkil etish rejalashtirilgan. Mazkur muassasalar loyihasi taqdimot qilindi.

«Bolalar va kattalar tibbiyot markazlarining hududlarda filiallari bo‘ladi. Shu orqali tibbiyot tizimining ham ilmini, ham amaliyotini eng ilg‘or standartlar darajasiga ko‘tarib olamiz», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

 

Top