19:15 / 21.05.2020
27805

Andijonning sayohatbop 7 maskani (fotojamlanma)

Andijon viloyatida o‘zbek xalqi tarixini o‘zida mujassam etgan muzey, tarixiy obida va yodgorliklar, shuningdek bahavo va xushmanzara dam olish maskanlari hamda muqaddas ziyoratgohlardan iborat yuzlab sayyohlik obektlari mavjud.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi viloyatning diqqatga sazovor 7 maskani haqida ma'lumot berdi.

 Mingtepa

 Mingtepa - Andijon viloyati, Marhamat tumanining sharqiy qismida, Andijon shahridan 38 km uzoqlikda joylashgan. U miloddan avvalgi V-IV va milodning IV asrlarida hukm surgan Dovon davlatining poytaxti bo‘lgan Ershi shahri xarobalaridir. Keyinchalik Mingtepa deb nom olgan Ershi 70 shahardan tashkil topgan bo‘lgan. Qadimda bu savdo shahri orqali “Buyuk ipak yo‘li” o‘tgan. Xitoy yozma manbalarida tilga olingan mazkur poytaxt-shahar o‘zining hunarmandchiligi, dehqonchiligi va “samoviy tulporlari” bilan dunyoga mashhur bo‘lib, o‘z davrida Xitoy davlati bilan raqobatlashgan.  

 Imom ota ziyoratgohi

Ziyoratgoh qadimdan islom olamida munosib o‘rin tutgan Imom Muhammad Hanafiya nomi bilan atalib kelingan. Tadqiqotchilar N.Abdulahadov, V.Azimovlarning “Oltiariq ziyoratgohlari”, “Nasibanomayi Muhammad Hanafiya” kitoblarida keltirishicha, islom lashkarboshisi Hazrati Alining o‘g‘li Muhammad Hanafiya Xurosonni zabt etib, aholining islomga kirishida xizmatlari katta bo‘lganligi uchun “Xuroson ota”, “Imom ota” nomini olgan, shuning uchun bu o‘lkada Bobo Xuroson, Imom ota nomlari bilan bog‘liq diqqatga sazovor joylar mavjud. XVIII asrga oid ziyoratxona-xonaqoh XIX asr oxirlarida andijonlik Mahmudaliboy tomonidan qayta tiklangan. Ushbu obekt 1982 yilda me'moriy yodgorlik sifatida davlat muhofazasiga olingan.  

 Xonobod sihatgohi

Xonobod – vodiyning go‘zal tabiatli, musaffo havoli, ekoturizm uchun qulay hududi. Bu yerda hordiq chiqarish bilan birga betakror tabiat manzaralaridan zavq olish mumkin. Sihatgoh dengiz sathidan 850 metr balandlikda joylashgan iqlimiy kurort hisoblanadi. Xonobod sanatoriysi o‘zining kislorod bilan to‘yingan, ionlashtirilgan havosi bilan yuqori va quyi nafas yo‘llari, asab tizimi, yurak qon-tomir kasalliklarini davolashga ixtisoslashlgan. Xonobod sihatgohida shuningdek surunkali gastrit, xoletsistit, pankreatit, gastroduodenit, oshqozon va 12 barmoqli ichakning yara kasalligi – chandiqlanish bosqichida, surunkali piyelonefrit, surunkali ich qotishi, ginekologik va urologik kasalliklar, periferik asab tizimi kasalliklari, suyak va bo‘g‘im kasalliklaridan aziyat chekayotgan bemorlar davolanadi. Sihatgoh hududi 10,5 gektar maydonni egallaydi. Uning hududi qayrag‘och, terak, eman, yong‘oq, akatsiya, kashtan, archa, chinor va boshqa daraxtlar bilan burkangan.  

 Jome' memoriy majmuasi

Jome' me'moriy majmuasi XIX asr oxirida Muhammadaliboy tomonidan taniqli me'mor usta Isaxon Muhammad Muso o‘g‘li loyihasiga ko‘ra Farg‘ona vodiysi me'morchilik maktabi milliy an'analari asosida bunyod etilgan. Majmuaning umumiy maydoni - 2 gektardan ortiq. Majmua to‘rtburchak shaklda qurilgan bo‘lib, uning to‘rtta burchagida - gumbaz, g‘arbiy tomonida - xonaqoh, minora va 50 ta xona bor. Xonaqoh 1990-1993 yillarda to‘liq ta'mirdan chiqqan. Majmua avval - diniy ta'lim dargohi, keyinchalik - bozor, urush yillarida - aholi turar joyi, so‘ng - omborxona, 1989-1995 yillarda - diniy o‘quv madrasasi, 1995-2016 yillarda esa Adabiyot va san'at muzeyi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan.  

Ahmadbekhoji mehmonxonasi

Alisher Navoiy nomidagi Andijon shahar madaniyat va istirohat bog‘ining sharqiy tomonida joylashgan ushbu me'moriy obida 1905–1907 yillarda andijonlik yirik boy, paxta zavodi egasi Ahmadbekhoji Temurbek o‘g‘li buyurtmasi bilan mehmonxona va ish yuritish joyi sifatida bunyod etilgan. Qurilishda O‘zbekiston xalq me'mori, Respublika Fanlar Akademiyasining faxriy a'zosi Yusufali Musayev (1869 – 1947), usta Toshxon, usta Yahyo va ularning shogirdlari ishtirok etishgan. Me'moriy yodgorlik O‘zbekiston xalq rassomi, usta Saidmahmud Norqo‘ziyev tomonidan xalq amaliy bezak san'atining sir naqqoshlik va ganch o‘ymakorligi turlari bilan bezatilgan. Mehmonxonaning pishiq g‘ishtdan hashamdor qilib urilgan bir dahliz va katta zaldan iborat  mehrob va tokchali xonasi o‘sha davrga xos “eklektika” uslubida ganchkorlik san'ati bilan bezatilgan. 

 Qal'a

Andijon shahridagi Dukchi Eshon mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan ushbu yodgorlik “qal'a” nomi bilan mashhur. U chor Rossiyasi harbiy qismi uchun mudofaa qo‘rg‘oni sifatida bunyod etilgan. Qal'aning 10 metrdan ortiq baland bo‘lgan devorlaridan Andijon shahrining har bir mahalla, ko‘chalari kaftdek ko‘rinib turgan va shu joydan turib isyonlarni bostirish imkoniyati bo‘lgan. Uning bir necha kazarma binolari, qurol-aslaha omborlari, oshxona, to‘pxonalardan iborat mudofaa qo‘rg‘oni bo‘lgan. Qal'ada chor Rossiyasi armiyasining Turkiston asosiy muntazam harakatdagi bataloni 4-5-rotasiga tegishli 250 dan ziyod askarlari bo‘lgan. Qal'a 130 yil davomida juda ko‘p tarixiy voqealar, jumladan 1898 yil Dukchi Eshon boshchiligidagi Andijon qo‘zg‘olonining guvohi bo‘lgan.  

 Ark ichi

Ark ichi yodgorligining qurilgan davri haqida aniq tarixiy ma'lumot saqlanib qolmagan. Sharqshunos olim M.Abdurahmonovning XIV asrda yashab o‘tgan olim Hamdalloh Kazviniyning “Nusrat ul-qulub” asariga asoslanib bergan ma'lumotiga ko‘ra, madrasa XIV asrda Hojar ismli shahar hukmdori tomonidan qurdirilgan. Yodgorlik Zahiriddin Muhammad Boburning otasi Umarshayx Mirzo arki o‘ramida bo‘lib, keyingi 7-8 asr davomida bir necha bor ta'mirlangan. Madrasa 27 hujra, 3 gumbazli darsxona, talabalarga mo‘ljallangan kichkina yopiq va ayvonli namozgohdan tashkil topgan.  

Top