19:22 / 21.05.2020
4071
Oxford Economics: Tramp koronavirus sababli saylovlarda yutqazishi mumkin

Kuzda AQShda ishsizlik darajasi 13 foizdan oshishi, jon boshiga o‘rtacha daromad esa o‘tgan yilgiga nisbatan 6 foizga kamayishi taxmin qilinmoqda.

Foto: The New York Times

Koronavirus pandemiyasi sababli AQSh prezidenti Donald Tramp 2020 yil noyabrdagi saylovlarda mag‘lubiyatga uchrashi mumkin, deb taxmin qilmoqda Oxford Economics tahlil kompaniyasi. 

AQShdagi noqulay iqtisodiy vaziyat natijasida kompaniya ekspertlari tuzgan ikki model prezidentlik saylovlarida demokratik partiya nomzodi g‘alaba qozonishini ko‘rsatmoqda, deyiladi Oxford Economics’ning Twitter mikroblogida.

Birinchi modelga ko‘ra, kuzda AQShda ishsizlik darajasi 13 foizdan oshadi, jon boshiga o‘rtacha daromad esa o‘tgan yilgiga nisbatan 6 foizga kamayadi, deb xabar berdi CNN telekompaniyasi tahlilchilar hisobotiga asoslanib. Shu tarzda, Amerika iqtisodiyoti Buyuk tushkunlik davridan buyon eng yomon holatga tushib qoladi.

Keyingi modelda har bir shtatdagi vaziyat alohida ko‘rib chiqilgan. Unga ko‘ra, yettita shtat demokratlar tarafiga o‘tadi. Gap pandemiya sababli iqtisodiy pasayish va ishsizlik kuchaygan Ayova, Viskonsin, Michigan, Pensilvaniya, Ohayo, Missuri va Shimoliy Karolina haqida bormoqda.

Birinchi model yordamida AQShda 1968 va 1976 yillardagi saylovlardan tashqari 1948 yildan buyon o‘tkazib kelingan barcha prezidentlik saylovlari natijalari oldindan to‘g‘ri aytilgan. Ikkinchi model 2019 yilda ishlab chiqilgan.

Worldometers saytining ma'lumot berishicha, AQSh koronavirus yuqtirganlar (1,5 milliondan ziyod) va o‘lim holatlari (95 ming) bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turibdi. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top