12:38 / 25.05.2020
5702
Jizzaxda dizel yoqilg‘isi o‘g‘irlab ketildi. Tergov departamenti hodisa bo‘yicha batafsil ma'lumot berdi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “v” bandi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Foto: Tergov departamenti

2020 yilning 19 may kuni Jizzax viloyati Arnasoy tuman IIBga 39 yoshli X.T. ariza bilan murojaat qilgan, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti.

Unda joriy yilning 18 may kunidan 19 may kuniga o‘tar kechasi noma'lum shaxslar, Arnasoy tumani Bo‘ston QFY hududida joylashgan “Turon” fermer xo‘jaligiga tegishli dala shiyponida turgan yoqilg‘i saqlash bochkasida mavjud bo‘lgan umumiy qiymati 28 951 160 so‘mlik jami 5 000 litr dizel yoqilg‘isini o‘g‘irlab ketganligi malum qilingan.

Hodisa sodir bo‘lgan joy ko‘zdan kechirilganda fermer xo‘jaligi dala maydonidagi shiyponda haqiqatdan joylashgan 10 tonna sig‘imli bochka mavjudligi, bochkaning tag qismida metalldan yasalgan g‘ilofining qulfi ochiq holatdaligi, bochkaning orqa tomonida ikki dona xajmi 20 litrli yoqilg‘i solish uchun mo‘ljallangan yelim idishlar, ular yonida 20 metr uzunlikdagi kapron quvur, 40 sm.li 2 dona rezina shlanglar aniqlanib, ashyoviy dalillar tariqasida hujjatlashtirib olindi.

Olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida ushbu jinoyatni 40 yoshli O.M., 29 yoshli O.I., 43 yoshli   O.Q. va 28 yoshli I.T. o‘zaro til biriktirib, taksi haydovchisi O.Q.ning boshqaruvidagi “Nexia” rusumli avtomashinada I.T. va O.I. bilan birgalikda, O.M. esa boshqaruvida bo‘lgan “GAZ-53” rusumli yuk mashinasiga dizel yoqilg‘isini o‘g‘irlab ketish uchun lozim bo‘ladigan 20 litr hajmli 170 dona yelim idishlar va 20 metrli kapron quvur ortib sheriklari bilan izma-iz “Turon” fermer xo‘jaligi dala maydoniga borib, atrofni kuzatib hech kim yo‘qligiga ishonch hosil qilganidan keyin soat taxminan 22:00 dan 01:00 ga qadar bochkadagi dizel yoqilg‘isini o‘zlari bilan olib kelgan yelim idishlariga to‘ldirib, o‘g‘irlab olib ketganlari aniqlangan.

Holat yuzasidan Arnasoy IIV huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “v” bandi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top