08:04 / 28.05.2020
25196
Janubiy Koreya tajribasi: koronavirusni yuqtirganlar haqidagi ma'lumotni oshkor etish karantindan ko‘ra samaraliroq

Koronavirus pandemiyasining dastlabki kunlaridan boshlab, Janubiy Koreya hukumati kasallanganlarning joylashuvi va borgan joylari haqidagi ma'lumotni oshkor qilmoqda. Bu ularning shaxsiy hayot daxlsizligini buzadi, ammo infeksiyaga qarshi samarali kurashishga imkon beradi. Amerikalik olimlarning aniqlashicha, Janubiy Koreya yondashuvi nafaqat ko‘plab insonlar hayotini saqlab qolyapti, balki iqtisodiyotga ham katta zarar yetkazmayapti.

Janubiy Koreya koronavirus pandemiyasiga qarshi ko‘plab mamlakatlarga qaraganda yaxshiroq kurashmoqda. Uning muvaffaqiyati kaliti ommaviy testdan o‘tkazish hamda kasallangan odamlarning aloqalarini kuzatishdir. Biroq, San-Diyegodagi Kaliforniya universiteti mutaxassislari boshchiligidagi tadqiqotchilar guruhi yana bir muhim omilni aniqladi - infeksiyani yuqtirish holatlari to‘g‘risida ma'lumotlarning oshkor etilishi.

Science Daily xabariga ko‘ra, pandemiyaning birinchi kunidan boshlab, janubiy koreyaliklar o‘z hududlarida COVID-19’ning yangi holatlari aniqlanganda matnli xabar olishmoqda. Bundan tashqari, kasallangan kishilarning yoshi, jinsi va harakatlanish yo‘nalishlari haqidagi ma'lumotlarni maxsus saytdan topish mumkin. Ushbu ma'lumotlar odamlarga ko‘chaga chiqish xavfini baholash hamda infeksiya tarqalishi darajasi yuqori bo‘lgan hududlarga bormaslik uchun yordam beradi, bu keksa fuqarolar uchun ayniqsa muhimdir.

Natijada, o‘z-o‘zini izolyatsiya qilish bo‘yicha qat'iy choralar ko‘rilmasa ham, Janubiy Koreyada kasallanishlar soni COVID-19 tarqalishi xuddi o‘sha sanalarda boshlangan boshqa mamlakatlarga qaraganda ancha past. Masalan, o‘n million kishi yashaydigan Seulda may oyi oxiriga kelib kasallikning tasdiqlangan holatlari soni 1000dan kamni tashkil qildi.

Kasallanganlarning yo‘nalishi va aloqalarini kuzatish uchun kuzatuv kameralari ma'lumotlari, mobil telefonlarning GPS signallari va plastik kartalardagi tranzaksiyalar to‘g‘risidagi ma'lumotlar foydalanilmoqda. Bu shaxsiy daxlsizligini juda jiddiy ravishda buzadi. Biroq, hukumat bunga haqli. Rasmiylar buni 2015 yilda, yaqin sharq respirator sindromi - koronavirus keltirib chiqargan yana bir xavfli infeksiya tarqalganidan keyin olishdi.

Tadqiqotchilarning ta'kidlashicha, Janubiy Koreyaning pandemiya bilan kurash strategiyasi fuqarolarga tanlov uchun ko‘proq imkoniyat qoldirmoqda. Masalan, agar kishi masofadan turib ishlashi mumkin bo‘lsa, u uyda qoladi. Ammo, agar buning iloji bo‘lmasa, u shunchaki odatiy yo‘nalishni o‘zgartiradi va kasallanish darajasi yuqori bo‘lgan hududlarni chetlab o‘tib, ishga boradi.

Mualliflar fikriga ko‘ra, kasallangan fuqarolar to‘g‘risidagi ma'lumotlarning oshkor etilishi oddiy karantinga qaraganda pandemiyani samaraliroq jilovlab turish imkonini beradi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, bunday yondashuv qo‘shimcha ravishda to‘rt ming kishining hayotini saqlab qolishi mumkin. Bundan tashqari, bu iqtisodiyotga kamroq zarar keltiradi.

Quyidagi raqamlar bo‘yicha Koreya strategiyasining qanchalik samarali ekanligiga baho berish mumkin. Janubiy Koreyada pandemiyaning ta'siri 2020 yil birinchi choragida real YaIMning 1,4 foizga pasayishiga olib keldi. Bu butun mintaqalarini karantin bilan to‘sib qo‘ygan Xitoyda YaIMning 9,8 foizga pasayishidan ancha kam.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top