14:42 / 01.06.2020
19530
O‘zMTRK sobiq raisi Qirg‘izistonga elchi etib tayinlandi

Xurshid Mirzohidov O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlandi.

Xurshid Mirzohidov

O‘zbekiston Respublikasining Qirg‘iziston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi tayinlandi.

Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, 2020 yil 30 may kuni O‘zbekiston Respublikasining Qirg‘iziston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi lavozimini egallagan Xurshid Mirzohidov Bishkek shahriga yetib kelgan.

Xurshid Mirzohidov 1971 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy. 1995 yilda Toshkent elektrotexnika aloqa institutini tamomlagan. Mutaxassisligi radioaloqa, radioeshittirish va televideniye muhandisi.

U 2002-2003 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Aloqa va axborot texnologiyalari kompleksi rahbari kotibiyatining mudiri sifatida ishlagan. 2003-2004 yillarda O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktori o‘rinbosari lavozimini egallagan. 2004 yilning sentyabridan dekabriga qadar “O‘zbektelekom” AK bosh direktori o‘rinbosari, 2004 yildan 2006 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari axborot-tahlil departamenti mudiri, 2006 yildan 2009 yilgacha “O‘zprommashimpeks” davlat aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 2009-2010 yillarda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.

X.Mirzohidov 2017 yil boshida O‘zMTRK raisi etib tayinlangandi. Mirzohidov bu lavozimda yarim yil, 2017 yil avgustiga qadar faoliyat yuritdi. 2017 yil oktabr oyida Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi raisining avtomobil yo‘llari bo‘ylaridagi ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari - «O‘zyo‘lko‘kalamzorlashtirish» unitar korxonasi direktori etib tayinlandi.

Top