16:28 / 12.06.2020
5265

Pandemiya ijtimoiy-siyosiy vaziyat va barqarorlikka qanday ta'sir qildi?

Bugun, 12 iyun kuni «Yuksalish» umummilliy harakati va qator tashabbuskorlar tomonidan «Ijtimoiy-siyosiy vaziyat va barqarorlik» mavzusida muloqot tashkil etildi. Unda pandemiya davrida dunyoda yuzaga kelgan vaziyat muhokama qilindi.

Foto: “Yuksalish” umummilliy harakati axborot xizmati

Psixologlarning fikricha, odamlarning odatiy turmush tarzining buzilishi natijasida ularning bezovtalik darajasi, uydagi zo‘ravonliklar holatlari ortadi, agressiya va vahimaga tushishga moyillik kuchayadi. Dunyoning qator mamlakatlarida koronavirus fonida joriy etilgan cheklov choralaridan norozilar va karantin sabab yuzaga kelgan iqtisodiy oqibatlardan xavotirda bo‘lgan odamlar izolyatsiya rejimini bekor qilishni talab qilib, turli namoyishlar o‘tkazishmoqda. Biroq ko‘pgina tinch namoyishlar tartibsizlik, zo‘ravonlik, o‘g‘rilik va talonchilik holatlari bilan yakunlanmoqda.

Tadbirda so‘z olgan «Yuksalish» harakati rahbari Akmal Burxanov pandemiya davrida turli davlatlarda norozilik namoyishlari bo‘layotgani haqida so‘zladi:

– Ayni paytda pandemiya muammosi chetga surilib, dunyoning turli nuqtalarida namoyishlar, talonchiliklar boshlanib ketdi. Tartibsizliklarning salbiy oqibati haqida qator misollar keltirish mumkin. Masalan, birgina Hongkongdagi namoyishlar oqibatida YaIM 2 foizga, savdolar 7 foizga tushib ketgan. Arab bahorining salbiy oqibatlarini ham hammamiz bilamiz.

Albatta, men o‘z haq-huquqlarini himoya qilib chiqqan odamlarning demokratik huquqlarini, ya'ni tinch namoyish o‘tkazish huquqini cheklash tarafdori emasman. Lekin hammasi qonun doirasida, boshqalarga zarar yetkazmagan holda bo‘lishi shart.

Hozirgi davrda globalizatsiya jarayonlari, dunyo miqyosida bo‘lib o‘tayotgan barcha inqirozlar bizning mamlakatimizga ham ta'siri sezilarli bo‘lganini hisobga olgan holda, jamoat tashkiloti vakili sifatida va barcha fuqarolik jamiyati institutlari nomidan shuni aytishim mumkinki, biz bugungi kunda amalga oshayotgan islohotlarga qanchalik befarq bo‘lmas ekanmiz, tartibsizliklar kelib chiqish holatlariga, ommaviy axborot vositalarida kuzatishimiz mumkin bo‘lgan noqonuniy ommaviy chiqishlarga va shu kabi tartibsizliklarga chaqiruvlarga befarq emasligimiz va oldini olish bo‘yicha har birimiz ma'sulmiz, deb hisoblayman. Chunki har qanday holatda ham mamlakatimizda qonun ustuvorligi eng asosiy masala ekanini barcha yaxshi tushunadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda ham namoyishlarga chaqiriqlar paydo bo‘lib qoldi. Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari qonun bilan himoyalangan. Lekin qonunda belgilangan tartibdan chiqish javobgarlikka tortilishga ham sabab bo‘ladi, – dedi Akmal Burxonov.

Foto: “Yuksalish” umummilliy harakati axborot xizmati

Mavluda Shirinova, «Sabr» nodavlat tashkiloti rahbari:

– MDH davlatlarini kuzatsak, eng tartibli, karantin qoidalariga boshqalardan ko‘ra ko‘proq amal qiladigan xalq bizning o‘zbek xalqi ekani ma'lum bo‘ladi.

Samarqand viloyati misolida oladigan bo‘lsak, xorijga keta olmagan, turli qarzlar, kreditlar olgan odamlarda tushkunlik holati kuzatildi. Ularga imkon qadar tushuntirdik, qarzni keyin to‘lasangiz ham, xorijga imkon borida borsangiz ham bo‘laveradi, dedik.

Xushnudbek Xudoyberdiyev, huquqshunos, bloger:

– So‘x voqealari paytida menga turli noma'lum akkauntlardan «Nega So‘x voqealarini yoritmayapsiz? Qasos olmaymizmi?» degan mazmundagi, tartibsizlikka chaqiruvchi, bir-biriga o‘xshash xatlar kela boshladi. Surishtirsam, kimligi aniq emas, shaxsini ochiqlamaydi, o‘zini voqea joyida deb aytadi, lekin biror aniq fakt taqdim qilmaydi. Ana shunday chaqiriqlar ta'siriga tushishdan ehtiyot bo‘lish kerak.

Foto: “Yuksalish” umummilliy harakati axborot xizmati

Jamoatchilik muloqoti yakunlariga ko‘ra, jamoat tashkilotlari vakillari pandemiyaning ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy oqibatlarini yumshatish, yuzaga kelayotgan muammolarga javob berish bo‘yicha tavsiyalar va takliflar ishlab chiqdi.

Ta'kidlandiki, fuqarolar muammolarini o‘z vaqtida ijobiy hal qilish, joylarda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni yechish jamiyatdagi vaziyat keskinlashuvining oldini olishda muhim ahamiyatga ega.

Top