O‘zbekistonda huquqiy asos bo‘lmagani uchun bunday keyslarda javobgarlik masalasi qiyinroq. Shu sababli xalqaro tavsiyalarga ko‘ra, kelasi yildan bu konvensiyasiga qo‘shilish masalasi o‘rganiladi, deydi Akmal Burhonov. Prezident farmoniga ko‘ra, Bosh prokuratura, Antikorrupsiya agentligi va tashqi ishlar vazirligi 2024 yil avgustga qadar xalqaro kelishuvga qo‘shilish yuzasidan takliflarni administratsiyaga kiritishi lozim. 

2023 yil 27 noyabr kuni O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga doir prezident farmoni qabul qilinib, hujjat bilan 2023-2024-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturi tasdiqlandi. Davlat dasturida korrupsion jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha xalqaro hamkorlik masalasi ham ko‘rib chiqilgan.

Xususan, kelasi yilda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining “Xalqaro moliya-tijorat bitimlarini amalga oshirishda xorijiy mansabdor shaxslarga pora berishga qarshi kurashish bo‘yicha konvensiyasi”ga qo‘shilish masalasi o‘rganiladi. Bosh prokuratura, Agentlik va TIV mas’ul bo‘lgan ushbu farmon talabiga ko‘ra, 2024 yil avgust oyiga qadar konvensiyaga qo‘shilish yuzasidan milliy ekspertlar guruhini shakllantiriladi va asoslantirilgan takliflar prezident administratsiyasiga kiritiladi. Kun.uz muxbiri Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov bilan intervyuda ushbu yo‘nalishdagi o‘zgarishlar haqida so‘radi.

– Bu xalqaro kelishuvga qo‘shilish uchun qanday omillar turtki bo‘lmoqda? O‘zi kelishuv bizga qanday mas’uliyat va vakolatlar beradi?

– O‘zbekiston 2008 yildan beri BMTning Korrupsiyaga qarshi kurashish xalqaro konvensiyasining a’zosi hisoblanadi. Bundan tashqari Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Istanbul harakatlar rejasi bor, uning korrupsiyaga qarshi kurashish tarmog‘iga ham a’zomiz. Bu tashkilotlar bizning xalqaro standartlar doirasida amalga oshirayotgan ishlarimizni doimiy ravishda monitoring qilib borishadi.