00:05 / 15.06.2020
6963
«Pandemiya sharoitida ham davlat rahbariyati boshlangan islohotlarni davom ettirish uchun barcha choralarni ishga solmoqda» – Jamshid Qo‘chqorov

Bundan buyon chetdan bir dollar qarz olinsa ham, avvaliga uning haqiqatan ham kerakligini isbotlash talab etiladi. 13 iyun kuni bo‘lib o‘tgan «Munozara klubi»ning ilk yig‘ilishida qatnashgan Bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov shu haqda aytib o‘tdi.

«Tashqi qarz sifatida olinayotgan mablag‘larning samarali sarflanishiga kelsak, ma'lumot o‘rnida aytib o‘tishim kerakki, haftaning seshanba kuni muhtaram prezidentimiz huzurlarida O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishni ta'minlashning 8ta yo‘nalishi bo‘yicha muhokama bo‘lib o‘tdi. Balki shu muhokama haqida sizlarga to‘liq axborot bermagandirmiz, shuning ayrim yo‘nalishlariga qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Birinchisi, makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash bo‘yicha topshiriq olganmiz. Unga ko‘ra, budjet taqchilligi va tashqi qarzni cheklash nazarda tutilgan. Tashqi qarzni cheklash haqida gapirganlarida davlatimiz rahbari birinchi navbatda samaradorlikni talab qildilar. Moliya vaziri Timur Ishmetov shu yerda o‘tiribdi, unga qarata aytdilarki: «Bundan buyon tashqaridan bir dollar qarz olmoqchi bo‘lsang, avval uning kerakligini isbot qilasan, undan keyin olasan!», degan topshiriq bo‘ldi.

Albatta, Bundan buyon chetdan bir dollar qarz olinsa ham, avvaliga uning haqiqatan ham kerakligini isbotlash talab etiladi. 13 iyun kuni bo‘lib o‘tgan «Munozara klubi»ning ilk yig‘ilishida qatnashgan Bosh vazir o‘rinbosari, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov shu haqda aytib o‘tdi.hamma narsani qilolmaymiz. Tashqi qarz masalasidagi 4 mlrd dollarlik cheklov haqidayam moliya vaziri o‘zining fikrini aytdi. Boshqalar o‘z munosabatini bildirishdi. Bu borada menda boshqacha fikr bordir, Markaziy bank raisi umuman boshqa fikrdadir... Lekin biz tashqi qarzni maksimal darajada cheklash bo‘yicha davlat rahbaridan topshiriq oldik.

Shu o‘rinda hammadan bir narsani hisobga olishini iltimos qilaman. Hozir pandemiya sharoitidamiz. Bu balo, to‘g‘risi, ko‘plab rejalarimizni buzib yubordi.

Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, 2020 yilda yalpi ichki mahsulotimiz 67 mlrd.ga chiqamiz deb kutgandik. O‘tgan yili YaIM 57,8 mlrd bo‘lgandi. Pandemiya tufayli bu yil YaIM ko‘rsatkichi 58,1 – 58,2 mlrd atrofida bo‘lishini mo‘ljallayapmiz. Ko‘ryapsizlarki, hozirgi maqsadimiz o‘tgan yilgi ko‘rsatkichni saqlab qolish bo‘lib qolyapti. YaIM 2 – 2,2 foiz atrofida o‘sishini mo‘ljal qilyapmiz. Kuni kecha Jahon banki o‘zining prognozini e'lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda YaIM joriy yilda 1,5 foizga o‘sadi, deb baholangan.

Umuman, ijobiy o‘sish katta masala bo‘lib turibdi hozir. Xudoga shukr, ko‘pchilikning fikri bo‘yicha, xususan, Xalqaro valuta jamg‘armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa tashkilotlarning bayonotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda bu yil ijobiy iqtisodiy o‘sishni saqlab qolish uchun barcha imkoniyatlar bor.

Davlat rahbari yig‘ilishda shu imkoniyatlardan foydalanish bo‘yicha nima topshiriqlar berdilar, degan savolga javoban ulardan ayrimlarini sanab o‘tmoqchiman. Yuqorida makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash haqida aytib o‘tdim», deya Jamshid Qo‘chqorovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bosh vazir o‘rinbosari davlat korxonalarini isloh qilish, iqtisodiyotda davlat ulushini kamaytirish, xususiylashtirish jarayonlarini tezlashtirish bo‘yicha rejalar haqida ma'lumot berdi.

«Ikkinchidan, davlat korxonalarini isloh qilish, ularni zamonaviy korporativ boshqaruv tizimlariga o‘tkazish bo‘yicha islohotlarni qat'iyan davom ettirish haqida qat'iyan topshiriq berildi. Bundan bir haftacha oldin xususiylashtirish masalalari ko‘rib chiqilganda men 40 kun muddat ichida, umuman, iqtisodiyotda davlat ulushini kamaytirish, xususiylashtirish jarayonlarini tezlashtirish bo‘yicha qat'iy topshiriq oldim.

Ya'ni ko‘ryapsizlarki, davlatimiz rahbariyati pandemiya sharoitiga qaramasdan birorta ham islohot to‘xtab qolmasligi kerak degan vazifani qo‘yyaptilar. Hozir kimdir: «Hozir biror aktivni sotadigan paytmi?» deb e'tiroz bildirishi mumkin. Bu juda to‘g‘ri savol. Lekin bilasizlarki, aktivlarni sotish bir kunlik ham, uch oylik ham ish emas. Buni xususiylashtirishga tayyorlash, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish, majburiy protseduralardan o‘tish ma'lum bir vaqtni oladi. Shuning uchun topshiriq shunday bo‘ldiki, hozirdan ana shu jarayonlarga tayyorgarlik ko‘rib borishimiz kerak.

Demak, davlat korxonasi reformasi haqida gapirganda, albatta, keyingi yo‘nalish Markaziy bank raisiga, Moliya vaziriga bank sohasidagi islohotlarni to‘xtatmaslik, aksincha, davom ettirish to‘g‘risida topshiriq bo‘ldi.

Qolgan masalalar, masalan, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham juda ham ko‘plab topshiriqlar oldik. Shu nuqtayi nazardan davlat rahbari «Doing Business» va boshqa reytinglardagi ko‘rsatkichlarimiz bo‘yicha ham to‘xtalib o‘tdilar.

Hozirgi pandemiya sharoitida xalqaro reytinglardagi ko‘rsatkichlarimizni yaxshilashga qaratilgan farmonning imzolanishi ham mamlakatimiz rahbariyatining islohotlarga bo‘lgan munosabatini ochiq-oydin ko‘rsatib beryapti. Hozirgi murakkab sharoitda ham reyting haqida gapirishga, bu borada maxsus qaror qabul qilishga va imkon doirasida oldinga harakatlanishga intilish bo‘layotgani, bularning barchasi prezidentimizda mamlakatda boshlangan islohotlarni davom ettirishga bo‘lgan siyosiy irodasining ifodasi, bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning bir ko‘rinishi deb qabul qilish mumkin.

Shu bilan birga, monopoliyalarga qarshi kurash bo‘yicha ham qattiq topshiriq oldik. Demak, umuman, mana shu monopoliyaga qarshi ishlarni yaxshilash bo‘yicha rejalashtirilgan chora-tadbirlarni tez orada ma'lum qilamiz», deydi u.

Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekiston xalqaro moliya tashkilotlari va reyting agentliklari bilan nima uchun yaqindan hamkorlik qilayotganini tushuntirib berdi.

«Xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy yoki mahalliy ekspertlar bilan nima uchun hamkorlik qilishimiz kerak, xalqaro reyting agentligining bahosi nega biz uchun katta ahamiyatga ega, nima uchun o‘zimizning Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasida 11 mlrd mablag‘imiz bo‘la turib tashqaridan qarz olyapmiz?

Bularning barchasi – muhim va kerakli savollar. Ularga javoban olinayotgan tashqi qarz taraqqiyot uchun moliyaviy manbalarning diversifikatsiyasi deb qaragan bo‘lardim.

Qolaversa, xalqaro tashkilotlardan, masalan, Yaponiyaning JICA xalqaro hamkorlik agentligidan kredit olish ma'lum bir talablar, ma'lum bir loyihalar asosida amalga oshiriladi. Ya'ni pul bilan birga ma'lum bir «institutional capacity» yaratiladi. Bu haqda moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov yuqorida batafsil ma'lumot berib o‘tdi.

Tashqaridan olingan qarzlarni ma'lum bir maqsadlarga yo‘naltirish ayrim hollarda yaxshi natija bersa, ayrim hollarda buning aksi bo‘ladi. Bloger Otabek Bakirov aytganidek, ichimlik suvi ta'minotini yaxshilashga qaratilgan loyihalar shu paytgacha O‘zbekistonda eng muammoli masalalardan biri bo‘lib kelgan. Faqatgina oxirgi ikki yilda ozgina yaxshilandi, to‘g‘risini aytishimiz kerak.

Bu hamma reytinglar nima uchun diversifikatsiya bilan bog‘liq deyilsa, biz bir tomondan yevrobond olishimiz kerak, boshqa tomondan Jahon bankidan yoki boshqa xalqaro moliya tashkilotlaridan pul olishimiz kerak. Shu bilan birga, parallel ravishda banklarimizning o‘zi bozorga chiqishi kerak yoki qaysi bir kredit liniyalarini olib kelishi kerak.

Bozorda har xil tovarlar bo‘lganday, har xil manbalar ham bo‘lishi kerak. Chunki erta-indin xalqaro moliya tashkilotlaridan pul bozorga chiqarmaymiz. Boya aytganimizday, xususiy sektordagi o‘rnimizni bo‘shatib beramiz. Bu joy ularniki o‘zi aslida. Biz u yerda vaqtincha o‘tiribmiz.

Hammamiz birgalashib ishlashimizning ma'nosini men shunday deb tushunamanki, dunyoda nazariy va amaliy jihatdan o‘zaro kelishilgan qonun-qoida va tartib-taomillar mavjud. Misol uchun, mana shunday ish qilish noto‘g‘ri, deb qaysidir olim nazariyada isbot qilgan bo‘lsa, qaysidir xalqaro tashkilot amaliyotda shuni ko‘rgan. Demak, shu tajribalarning hammasi yig‘ilib, intellektual salohiyat bo‘lib qaysidir idoralarda jamlangan. Ularda xato yo‘qmi? Xato to‘lib yotibdi. Lekin biz ham birga ular bilan ishlaganimizda birgalashib shu xatolarni to‘g‘risidan ajratib kelmoqdamiz», – deydi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri.

Eslatib o‘tamiz, «Munozara klubi» ko‘pchilikni qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashish, jamoatchilikni kelgusi rejalar yuzasidan xabardor qilish maqsadida tashkil etilgan.

Klubning birinchi muhokamasida hukumat iqtisodiy bloki rahbarlari, deputatlar, ekspertlar, xalqaro moliyaviy tashkilotlar va reyting agentliklarining vakillari, jurnalistlar qatnashishdi.

Kun.uz internet nashri «Munozara klubi»ning bosh axborot hamkori hisoblanadi. Muhokamalarning birinchi soni haqidagi videoko‘rsatuv 15 iyun kuni mushtariylar e'tiboriga havola etiladi.

Top