23:18 / 16.06.2020
7098

Pekinda koronavirus tarqalishi sababli yangi cheklovlar kiritildi

Xitoy poytaxti Pekinda koronavirus tarqalishi sababli yangi cheklovlar kiritildi. Shuningdek, shaharda aholi sog‘lig‘ini saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatga javob berish darajasi uchinchidan ikkinchiga oshirilgan. 

Foto: GREG BAKER / AFP

Yangi choralar 17 iyundan kuchga kiradi. Jumladan, shahardagi boshlang‘ich va o‘rta maktablar vaqtinchalik yopiladi. Bundan tashqari, Pekinga Xitoyning boshqa yerlaridan sayyohlar tashrif buyurishiga taqiqlov kiritiladi. Shaharda madaniy-ommaviy, ko‘ngilochar va sport tadbirlari o‘tkazilishi to‘xtatiladi. Shuningdek, barcha ko‘ngilochar markazlar va yerto‘la inshootlarda joylashgan sport zallarini yopish buyurilgan.

Pekinning epidemiologik xavf darajasi yuqori bo‘lgan tumanlari aholisiga shaharni tark etish taqiqlangan. Shuningdek, shaharni taksi va yo‘lakay transportda tark etish taqiqlangan.

Bundan tashqari, Xitoy poytaxtida jamoat transportida, jumladan metroda epidemiyaga qarshi choralarga rioya qilinishi ortidan nazorat kuchaytirilgan. Transportning yo‘lovchilar bilan yuklanganligini nazorat qilish, unda muntazam dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish belgilab qo‘yilgan, yo‘lovchilarga esa himoya niqoblarini taqish shart qilib qo‘yilgan.

O‘tgan hafta Pekinning Fentay tumanida joylashgan “Sinfadi” ulgurji bozorida koronavirus tarqalishi o‘chog‘i qayd qilingandi. O‘shandan beri koronavirusga 100 dan ko‘proq kishi chalingani aniqlangan, ulardan aksariyati bozordagi sotuvchilar va ularning yaqinlaridir. Pekin ma'muriyati shundan keyin bir nechta muhim tijoriy obektlarni yopishga majbur bo‘lgan. Fentayda harbiy holat kiritilgan. 15 iyundan shahardagi barcha turarjoy majmualari ortidan kuchaytirilgan nazorat joriy qilingan.

Shuningdek, 15 iyunda Pekindan 140 km uzoqlikda joylashgan va u bilan yaqin muloqotda bo‘lgan Baodin shahrida ham harbiy holat kiritilgan.  

Uhan universiteti tibbiyot bo‘limi virusologiya instituti professori Yan Chjansyuning ta'kidlashicha, Pekinda aniqlangan koronavirus Uhanda qayd qilingan koronavirusdan yuqumliroq bo‘lishi mumkin.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top