O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Sh.Mirziyoyev 18 oktyabr kuni Pekin shahrida «Bir makon — bir yo‘l» xalqaro forumining ochilish marosimida hamda «Inson va tabiat uyg‘unligi yo‘lida «Yashil ipak yo‘lini» birgalikda barpo etish» mavzusidagi yalpi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Xitoy vitse-prezidenti Han Jyeng moderatorligida o‘tgan sammit ishida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, davlat va hukumatlar yetakchilari, moliyaviy institutlar rahbarlari ham qatnashdi, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Prezidentimiz o‘z nutqida barcha ishtirokchilarni «Makon va yo‘l» tashabbusining o‘n yilligi bilan samimiy qutladi.
Buyuk ipak yo‘lini qayta tiklashga qaratilgan ushbu ulug‘vor g‘oya tarixan qisqa davrda ko‘plab tarafdorlariga ega bo‘lgani va xalqaro hamkorlikning yangi modeliga aylangani ta’kidlandi.
Xitoyning har tomonlama strategik sherigi sifatida O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib «Makon va yo‘l» tashabbusini qo‘llab-quvvatlagan va mazkur tashabbusning asosiy maqsad va vazifalarini yanada ilgari surishning qat’iy tarafdoridir.
Davlatimiz rahbari «Yashil ipak yo‘li» tashabbusi mohiyat e’tibori bilan umumiy «yashil» kelajak kun tartibini shakllantirishini ta’kidladi.
XXR Raisi Si Jinping tomonidan ilk bor 2016 yilda aynan bizning mamlakatimizda ilgari surilgan ushbu tashabbusni O‘zbekiston har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi.
Mintaqamizdagi anomal ob-havo sharoitlari, tez-tez yuz berayotgan qurg‘oqchilik va chang bo‘ronlari, yerlarning shiddat bilan degradatsiyaga uchrashi va cho‘llanishi, bioxilma-xillikning yo‘qolishi ko‘rinishida namoyon bo‘layotgan murakkab ekologik vaziyatga to‘xtalib, davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo jahondagi iqlim o‘zgarishi oqibatlaridan eng ko‘p zarar ko‘rayotgan mintaqalardan biri ekanini qayd etdi.
O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan maxsus rezolyutsiya doirasida Orolbo‘yida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududlarini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturni amalga oshirayotgani ta’kidlandi.

















