Poytaxt Toshkentda “anomal” tirbandliklar-u, havoning yuqori darajali ifloslanishi tobora avjiga chiqmoqda. Buning sabablarini o‘rganish va muammolarni bartaraf etishda dunyoning “yashil” shaharlaridan o‘rnak olish eng to‘g‘ri yo‘l. 22 mln aholisining 88 foizi yashil maydonli hududlardan atigi 500 metrgina radiusda yashayotgan Pekin tajribasi bunda bizga qo‘l kelishi mumkin.

Raqam olish avtomobil olishdan-da qiyinroq

Pekinda avtomobillarga davlat raqamlarini olish jarayoni murakkab qilib qo‘yilgan. Davlat raqamini olish esa avtomobil sotib olishdan qiyinroq. Ya’ni raqamni sotib olish uchun lotereyada ishtirok etish yoki yillar davomida kutishga to‘g‘ri keladi. Yoki auksionda qatnashib, 100 ming yuan va undan yuqori (13,8 ming dollar) to‘lovni amalga oshirish kerak. Ammo buning uchun ham talablar bor: Pekinda so‘nggi besh yil davomida yashash, soliq to‘lash, ijtimoiy sug‘urtaga ega bo‘lish va hokazo. Kompaniyalar uchun talablar yanada yuqoriroq.

Havo ifloslanganda avtomobillar uchun cheklovlar

Havo ifloslanishi o‘ta yuqori bo‘lgan kunlarda transport harakati uchun talablar kuchaytirilib, shaxsiy avtomobildan haftada to‘rt kungacha foydalanish mumkin bo‘lgan qoida joriy etilgan. Pekinni qora tutun qoplaganida, shaxsiy transportdan foydalanish qoidalari yanada kuchaytiriladi: toq raqamli kunlarda davlat raqami toq raqamlar bilan boshlanadigan transport, juft raqamli kunlarda davlat raqami juft raqamlar bilan boshlanadigan transport harakatiga ruxsat beriladi. Davlat avtomobillarining 30 foizga yaqini garajda qoladi. Buning natijasida, taxminan 2 million aholi havo ifloslangan kunlarda jamoat transportidan foydalanadi.

Qurilish kompaniyalari uchun tozalikni saqlash bo‘yicha qat’iy qoidalar joriy etilgan. Xususan, yuk mashinalari oldin tozalanmasdan turib, qurilish maydonlaridan shahar ko‘chalariga chiqib ketishi qat’iyan man etiladi.

Yechimlardan biri – jamoat transporti

Pekindagi yuqori tirbandlik sayohat vaqtini oshiradi, mehnat unumdorligini pasaytiradi va pul yo‘qotishlarga olib keladi. Hisob-kitoblariga ko‘ra, Pekin har yili bundan 100 mlrd yuanga yaqin bevosita va bilvosita iqtisodiy yo‘qotishlarga duch kelmoqda. Bu ko‘rsatkichlar Xitoy poytaxti YaHMning (2023 yil boshida – 550 mlrd dollardan ortiq) qariyb 5 foizini tashkil etadi.

Bugungi kunda Xitoy poytaxtida 25 mingdan ortiq avtobus turli yo‘nalishlarda qatnaydi. Xitoy Transport vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda jamoat transportining yo‘lovchi tashish umumiy hajmidagi hissasi atigi 30 foiz (rivojlangan mamlakatlarda – 60 foizga yaqin). Shu sababli Xitoy hukumati jamoat transportining qulay, tez, ishonchli, qatnov jadvaliga amal qiluvchi, xavfsiz va arzon bo‘lishiga harakat qilmoqda.