00:43 / 16.06.2020
13377
Toshkent metrosining Yunusobod yo‘nalishida ikkita bekat qurib bitkazildi

Yunusobod tumanida 2001 yilning avgust oyida 7,6 kilometrlik 6 ta bekatdan iborat “Yunusobod” yer osti metro yo‘lining 1-bosqichi ishga tushirilgan edi.

Foto: O‘zbekiston temir yo‘llari

Uzunligi 2,9 kilometr bo‘lgan "Turkiston" va "Yunusobod" metro bekatlarida qurilish-montaj va pardozlash ishlari nihoyasiga yetib, "Shahriston" bekatiga ulandi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda qayd etilishicha, metro poyezdlarining sinov tariqasida harakatlanish ishlari amalga oshirildi.

Yunusobod tumanida 2001 yilning avgust oyida 7,6 kilometrlik 6 ta bekatdan iborat “Yunusobod” yer osti metro yo‘lining 1-bosqichi ishga tushirilgan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2016 yilning dekabridan "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Yunusobod” yo‘nalishining "Yunusobod" va "Turkiston" bekatlarigacha bo‘lgan uzunligi 2,9 kilometrdan iborat bitkazilmay qolgan hududida bunyodkorlik ishlari boshlab yuborilgandi. 

Ushbu loyiha "O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyatining "Ko‘prikqurilish tresti" unitar korxonasi tizimidagi 67-Ko‘prikqurilish otryadi mutaxassislari tomonidan bajarildi. "Toshkent metro loyiha" mas'uliyati cheklangan jamiyati loyihalari asosida bunyodkorlik ishlari bajarilgan obektning umumiy qiymati 103,8 million AQSh dollarini tashkil etadi.

 “E'tiborlisi, imkoniyati cheklangan, ko‘zi ojiz yo‘lovchilar uchun ham bekatlar platformasida qulay va xavfsiz maxsus bo‘rtib chiqqan taktil plitkalar yotqizilganligi poyezd vagonlariga chiqishda qo‘shimcha xavfsizlikni ta'minlash imkonini beradi. Shuningdek, bekatlarga tushish va chiqish zinalarida nogironlar aravachasi bilan kirib chiqishda foydalaniladigan zamonaviy qiyali elektromobil aravachalari bilan jihozlanganligi imkoniyati cheklangan yo‘lovchilarning zinalardan tushish va ko‘tarilishi uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi”, deyiladi xabarda.

Yunusobod yo‘nalishi "Yunus Rajabiy" bekatidan Chilonzor yo‘lining "Amir Temur" hamda "Ming o‘rik" bekatidan esa O‘zbekiston yo‘lining "Oybek" bekatiga ulanadi. Ushbu yo‘nalishning yangi bekatlari foydalanishga topshirilgach, bir kunda "Yunusobod" bekatida qo‘shimcha 5 ming yo‘lovchiga, "Turkiston" bekatida esa 2,5 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatiladi.

Top