22:04 / 19.06.2020
6449
Germaniya va Fransiya Isroilni Iordan vodiysini qo‘shib olishdan voz kechishga chaqirdi

Kuzatuvchilar Isroilning rejalari amalga oshadigan bo‘lsa, Yaqin Sharqda yangi to‘qnashuvlar boshlanib ketishidan xavotirlanmoqda.

Germaniya va Fransiya Isroil hukumatini Iordan daryosining G‘arbiy sohilidagi yerlarni anneksiya qilishdan voz kechishga chaqirdi. 

"Huquqqa zid anneksiyaga yo‘l qo‘ymaslik maqsadimiz o‘zgarmaydi", - dedi Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Mas fransiyalik hamkasbi Jan-Iv Le Drian bilan muzokaralardan so‘ng. 

U bu maqsadda YeIdagi hamkorlar, Iordaniya va hududdagi boshqa mamlakatlar bilan intensiv muzokaralar olib borilayotganligini qo‘shimcha qildi.

Masning so‘zlariga ko‘ra, Isroilning anneksiya rejasi u va Le Drianda chuqur xavotir uyg‘otmoqda. 

Isroilning yangi hukumati 1 iyuldan keyin AQSh prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha "tinchlik rejasi"ni amalga oshirish strategiyasini taqdim etishi kutilmoqda. Bu reja Isroilga Iordan daryosining G‘arbiy sohilidagi keng yerlarni, xususan, Isroil 1967 yilda bosib olgan Iordan vodiysini anneksiya qilish imkonini beradi. 

Falastinliklar anneksiyaga mutlaqo qarshi. Kuzatuvchilar Isroilning rejalari amalga oshadigan bo‘lsa, Yaqin Sharqda yangi to‘qnashuvlar boshlanib ketishidan xavotirlanmoqda.

Bir necha kun avval Falastin hukumati Trampning "tinchlik rejasi"ga qarshi o‘z rejasini taklif qildi. Unga ko‘ra, "suveren, mustaqil, harbiylardan xoli Falastin davlati" tashkil etiladi. 

AQSh Iordan vodiysining Isroilga qo‘shib olinishini ma'qullagan bir paytda dunyo hamjamiyati bu rejaga qarshi chiqmoqda. YeIning ayrim davlatlari Isroilga nisbatan sanksiyalar qo‘llash bilan tahdid qilgan.

Top