12:06 / 19.06.2020
1351
Tanzila Norboyeva: «Ilm-fan, innovatsiyalar sohasiga xususiy sektorni jalb qilish ko‘rsatkichi juda past»

Oliy Majlis Senatining beshinchi yalpi majlisi kun tartibidagi «Innovatsion faoliyat to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni senatorlar tomonidan muhokama qilindi.

Foto: Senat matbuot xizmati

Muhokamalar davomida Senat raisi Tanzila Norboyeva ilm-fan va innovatsiyalar sohasiga xususiy sektorni keng jalb qilish, ularga qulay shart-sharoit yaratib berish masalasiga alohida e'tibor qaratish lozim ekanini ta'kidladi.

«Jahon intellektual mulk tashkiloti tomonidan «Global innovatsion indeks» bo‘yicha davlatlar reytingi yuritilishini bilamiz. Ushbu reytingga 129ta mamlakat kirgan. Qo‘shni mamlakatlardan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kirgan. Lekin O‘zbekiston mazkur reytingda o‘rin egallay olmagan. Vazirlik bu boradagi ishga jiddiy yondashishi, vazifalarni aniq belgilab olishi kerak. Senat qo‘mitalari ham vazirlikning bu boradagi hisobotlarini eshitib borishimiz kerak. Xalqaro reyting va indekslarda mamlakat o‘rnini yaxshilash bo‘yicha ishlarga alohida e'tibor qaratish kerak», deya Tanzila Norboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Innovatsiyalar sohasiga xususiy sektor keng jalb etilishi kerakligi aytib o‘tildi.

«Ilm-fan, innovatsiyalar sohasiga xususiy sektorni ham keng jalb qilish, ular faoliyatini olib borishi uchun qulay shart-sharoit yaratish masalasiga alohida e'tibor qaratish kerak. Bugungi kunda bu yo‘nalishga xususiy sektor deyarli jalb qilinmagan desak bo‘ladi. Jalb qilingan bo‘lsa ham juda past ko‘rsatkichda. Ilm-fan, innovatsiyalarni moliyalashtirish asosan davlat budjeti zimmasiga yuklanib qolgan. Ilm-fan sohasiga ajratilgan moliyalashtirish bugungi kunda YaIMga nisbatan 0,2 foizni tashkil qiladi.

So‘nggi yillarda davlat budjetidan sohaga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi 3 martagacha oshirildi. Lekin ular asosan ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchilarning maoshlari, moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga sarflanmoqda.

Ilmiy tashkilotlarning moddiy-texnika va ilmiy laboratoriyalar ba'zalarini rivojlantirmas ekanmiz, ko‘zlagan maqsadimizga erisha olmaymiz.

Tijoratlashtirish uchun tashkil etilgan prezident jamg‘armasiga Moliya vazirligi tomonidan haligacha mablag‘ ajratilmagan. Bu esa ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish uchun loyihalarni moliyalashtirishga jiddiy to‘sqinlik qilmoqda. Shu bois, ushbu masalaga Moliya vazirligi e'tibor qaratishi maqsadga muvofiqdir», dedi Senat raisi.

Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Top