16:44 / 20.06.2020
14906
Toshkentda 5ta avtomobil ishtirokida YTH ro‘y berdi

YTH Toshkent shahar IIBB YHXB YPX xodimlari tomonidan tegishli tartibda hujjatlashtirilgan.

Foto: IIV YHXBB axborot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati Toshkent shahrining Darxon mavzesida 5ta avtomobil YTHga uchragani haqida tarqalgan videolavha yuzasidan ma'lumot berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 19 iyun kuni soat 18:30larda, ayni transport vositalari serqatnov bo‘lgan vaqt oralig‘ida, Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani, Mustaqillik shohko‘chasida, haydovchi Sh.A. boshqaruvidagi “Neksiya-2” rusumli transport vositasida oraliq masofani saqlamasdan harakatlanib o‘zidan oldindagi haydovchi B.A. boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli transport vositasining orqasiga borib urilgan.

“Lasetti” zarb oqibatida o‘zidan oldindagi haydovchi S.M. boshqaruvidagi “Matiz” rusumli transport vositasiga, “Matiz” esa zarb oqibatida o‘zidan oldindagi haydovchi Z.B. boshqaruvidagi “Neksiya-2” rusumli transport vositasiga urilgan.

Shuningdek, haydovchi Sh.A. keskin tormoz bergan vaqtida ortidan bir yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan haydovchi J.O. “Neksiya-3” rusumli transport vositasining chap oldi tomoni bilan Sh.A. boshqaruvidagi “Neksiya-2” rusumli transport vositasi orqasiga kelib urilgan.

To‘qnashuv natijasida tan jarohati olganlar yo‘q.

Mazkur YTH Toshkent shahar IIBB YHXB YPX xodimlari tomonidan tegishli tartibda hujjatlashtirilgan.

“Barcha haydovchilardan yo‘llarda belgilangan oraliq masofani saqlagan holda harakatlanishlarini so‘rab qolamiz”, - deyiladi ma'lumotda.

Top